Seuldagi muzokaralar yakunida Shavkat Mirziyoyev
va Koreya Respublikasi prezidenti Li Chje Myon huzurida imzolangan
ikki tomonlama hujjatlarni almashish marosimi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda
O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmati xabar berdi.
Hujjatlar to‘plami
savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va gumanitar sheriklikni kengaytirishga
qaratilgan shartnoma va kelishuvlarni o‘z ichiga oladi.
Ular orasida transport,
aviatsiya, qishloq xo‘jaligi, turizm, sun’iy intellekt, texnik ko‘mak, oliy,
maktab va maktabgacha ta’lim, tibbiyot mahsulotlarini tartibga solish,
ekologiya, iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish, intellektual mulkni himoya
qilish, arxiv ishi va boshqa sohalardagi hamkorlikka oid hujjatlar o‘rin
olgan.
Janubiy Koreyaning
Yonhap agentligining aniqlik kiritishicha, jami 13
ta idoralararo bitim va memorandum imzolangan.
Xususan, Koreya Eksport-import
banki hamda O‘zbekiston Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi
strategik loyihalarni qidirish mexanizmini yaratish bo‘yicha memorandumni
imzoladi.
Agentlik ma’lumotlariga ko‘ra,
mazkur hujjat O‘zbekistonning oltita strategik tarmog‘ida istiqbolli, o‘zaro
manfaatli loyihalarni aniqlash hamda ularni loyihaviy va tijoriy
moliyalashtirish imkoniyatlarini ko‘rib chiqishni nazarda tutadi. Ushbu yo‘nalishlar sirasiga o‘ta muhim minerallar,
data markazlar, aqlli shaharlar, koreys kompaniyalari uchun maxsus sanoat
zonasi, farmatsevtika va biotexnologiyalar, shuningdek, oziq-ovqat,
go‘zallik va mediakontent sanoati kiradi.
Bundan avvalroq Koreya Respublikasi prezidenti matbuot
xizmati muhim minerallar yo‘nalishida ikki davlat Koreya-O‘zbekiston noyob
metallar markazi negizida geologiya-qidiruv va qazib olishdan tortib qayta
ishlashgacha bo‘lgan barcha ta’minot zanjiri bo‘ylab hamkorlikni kuchaytirish
niyatida ekanini bildirgandi.
Shuningdek, O‘zbekistonga sakkizta yuqori tezlikdagi poyezd
yetkazib berish hamda milliy genomika markazi va Biome Center biobankini
tashkil etish bo‘yicha memorandum imzolandi. Bu tashabbus transport
va tibbiyot infratuzilmasi sohasidagi aloqalarni yanada kengaytirishi
kutilmoqda. Kelgusida ushbu loyihalar ko‘lami kengaytirilishi mumkin bo‘lib,
Yonhap`ning qayd etishicha, bu “koreys kompaniyalarining O‘zbekiston
bozoriga kirishiga zamin yaratadi”.
Eslatib o‘tamiz, iyun oyida
transport vaziri Ilhom Mahkamov Toshkent — Andijon va Toshkent —
Termiz temiryo‘l liniyalarini modernizatsiya qilish hamda mazkur yo‘nalishlarda
Hyundai Rotem rusumidagi 8 ta tezyurar elektropoyezdni qatnovini yo‘lga
qo‘yish masalasi ko‘rib chiqilayotganini ma’lum qilgandi.
Biobank yaratish masalasiga
to‘xtaladigan bo‘lsak, O‘zbekiston Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar
vazirligi huzuridagi Ilg‘or texnologiyalar markazi bunday rejalarni
2025-yilning oktabrida e’lon qilgandi. Jumladan, aholining genetik
xaritasini va milliy biobankni yaratish ko‘zda tutilgan bo‘lib,
bu shaxsiylashtirilgan tibbiyotni rivojlantirish, yangi dori-darmon
va diagnostik testlarni ishlab chiqish, shuningdek, neonatal hamda
prenatal skrining dasturlari aniqligini oshirish uchun zarurdir.
O‘zbekiston va Janubiy
Koreya o‘rtasidagi yana bir memorandum chegarada intellektual mulkni himoya
qilish sohasidagi hamkorlikni mustahkamlash, xususan, mashhur brendlarning
kontrafakt mahsulotlari kirib kelishining oldini olishni ko‘zda tutadi.
Tomonlar maktabgacha
va umumiy ta’lim sohasida hamkorlik memorandumini ham imzoladi. Mazkur
hujjat maktabgacha, boshlang‘ich va o‘rta ta’lim yo‘nalishlarida o‘zaro tajriba
almashishni kengaytirishni nazarda tutadi.
Xususan, koreys tilini
O‘zbekiston hukumati tomonidan tashkil etiladigan rasmiy fan olimpiadalari
ro‘yxatiga kiritish rejalashtirilmoqda. Bu esa mamlakatda koreys tili
maqomini yanada oshirishi kutilmoqda.
O‘rmonlarni raqamli
tiklash va iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish bo‘yicha hamkorlik memorandumi
Markaziy Osiyoning transchegaraviy ekologik muammolarini, shu jumladan,
Orolbo‘yining cho‘llanishi va suv resurslari bo‘yicha bahslarni birgalikda
hal etish hamda iqlim inqiroziga qarshi choralar ko‘rishni o‘z ichiga oladi.
Bundan tashqari, o‘zaro safarlar va fuqarolar
o‘rtasidagi aloqalarni faollashtirish bo‘yicha turizm sohasida, Koreya
agrotexnologiyalarini transfer qilishni nazarda tutuvchi qishloq xo‘jaligi
sohasida, shuningdek, sanoatga sun’iy intellektni joriy etish va tibbiyot
mahsulotlarini muvofiqlashtirish bo‘yicha hamkorlik memorandumlari imzolandi.
Mudofaa sanoati sohasidagi hamkorlikni kengaytirish
to‘g‘risidagi hujjat hamda mahkumlarni topshirish bo‘yicha shartnomaga ham imzo
chekildi.
gazeta,uz
Sarlavxa :
Iqtisodiyot
15 09 2026 / 12:33