Loading...
Ўзбекча Русский Ўзб Рус

Raqobat qo‘mitasi tadbirkorlardan asossiz 5,5 mlrd so‘m undirgan hududiy elektr tarmoqlariga nisbatan ish qo‘zg‘atdi



Ulashing :



Raqobat qo‘mitasi hududiy elektr tarmoqlari korxonalariga nisbatan ish qo‘zg‘atdi. Biznes ombudsman ma’lumotlariga ko‘ra, 2025-yil avgustidan 2026-yil fevraligacha ular qarzdorlik to‘langach tarmoqqa qayta ulash uchun tadbirkorlardan 965 ta holatda 5,5 mlrd so‘mlik to‘lovlarni noqonuniy undirgan.

Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi tadbirkorlardan asossiz undirilgan 5,5 mlrd so‘mlik to‘lovlar yuzasidan hududiy elektr tarmoqlari korxonalariga nisbatan ish qo‘zg‘atdi, deb xabar bermoqda idora matbuot xizmati.

Biznes ombudsman taqdim etgan ma’lumotlar tahliliga ko‘ra, 2025-yil 23-avgustdan 2026-yil fevral oyiga qadar hududiy elektr tarmoqlari korxonalari tadbirkorlik subyektlaridan qarzdorlik tufayli uzilgan tarmoqqa qayta ulanish uchun noqonuniy ravishda to‘lov undirgan.

Respublika bo‘yicha jami 965 ta holatda 5,5 milliard so‘mlik to‘lovlar asossiz olingan.

Prezident farmoni hamda Vazirlar Mahkamasi qarorlariga muvofiq, elektr energiyasidan qarzdorlik bartaraf etilgandan so‘ng iste’molchilarni qayta ulash uchun jarima va qo‘shimcha to‘lovlarni undirish bekor qilingan. Davlat organlari ushbu normalarni qonunosti hujjatlari qabul qilinishini kutmasdan, to‘g‘ridan-to‘g‘ri amalga oshirishi belgilangan edi, deya eslatdi qo‘mita.

Shuningdek, amaldagi Elektr energiyasidan foydalanish qoidalariga ham tegishli o‘zgartirishlar kiritilib, tarmoqdan uzilgan iste’molchilarni qayta ulash uchun undiriladigan to‘lovlar bekor qilingan.

Hozirda mazkur holat bo‘yicha manfaatdor davlat organlari ishtirokida o‘rganish va huquqiy baho berish ishlari olib borilmoqda. Raqobat qo‘mitasi ishni ko‘rib chiqish yakunlari yuzasidan qo‘shimcha ma’lumot berilishini ma’lum qildi.

газета.уз


Sarlavxa :
Iqtisodiyot

15 09 2026 / 13:39