19.08.2021, 14:39

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O'zLiDeP fraksiyasining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tmoqda. Fraksiya yig‘ilishi kun tartibidan o‘rin olgan bir qator qonun loyihalari deputatlar tomonidan qizg‘in muhokama qilinyapti.
Dastlab, fraksiya a’zolari Davlat bojxona xizmati organlari faoliyatini yanada takomillashtirisho‘ga qaratilgan «O’zbekiston Respublikasining Bojxona kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi O’zbekiston Respublikasi qonuni loyihasini ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqishdi.
Ta’kidlanishicha, so‘nggi yillarda mamlakatimizda tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirishni yengillashtirish va rag‘batlantirish maqsadida sohaga oid qator tartibotlar tanqidiy qayta ko‘rib chikilib, eskirgan, zamon talabiga javob bermaydigan byurokratik to‘siq va g‘ovlar bekor qilindi. Ko‘rilgan choralar natijasida respublikada ishbilarmonlik muhiti yaxshilandi, tadbirkorlik sub’ektlari va xususiy investorlar uchun keng imkoniyatlar yaratildi.
Mazkur qonun loyihasi bilan tashqi iqtisodiy faoliyat yo‘nalishida, ya’ni bojxona ma’muriyatchiligini takomillashtirish sohasida qabul qilingan hujjatlar talablari asosida amaldagi Bojxona kodeksiga tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.
Jumladan, tovar va transport vositlarini tegishli bojxona rejimlariga joylashtirish maqsadida talab etiladigan ruxsatnomalar berish tartibi bekor qilinmoqda, bojxona rasmiylashtiruvi muddati uch kundan bir kunga qisqartirilmoqda, shuningdek yana bir qator o‘zgartishlar kiritilmoqda.
Bir so‘z bilan aytganda, qonun loyihasiining qabul qilinishi bilan tovarlarni eksport va import qilish jarayonidagi mavjud tartibotlar soddalashtiriladi, insofli tadbirkorlarni rag‘batlantirish va o‘zini yaxshi tomondan ko‘rsatgan kompaniyalar uchun yangi Vakolatli iqtisodiy operator institutidan foydalangan holda soddalashtirilgan tartibda bojxona rasmiylashtiruvidan o‘tkaziladi.
Qizg‘in muhokamalardan so‘ng, fraksiya a’zolari qonun loyihasini ikkinchi o‘qishda ma’qulladilar.
Sarlavxa :
Iqtisodiyot
19 08 2021 / 15:05