Prezident Shavkat Mirziyoyev Seulda oʻtkazilgan
Oʻzbekiston – Koreya biznes forumida ikki mamlakat oʻrtasida sanoat-texnologik
alyans tuzishni taklif qildi. Koreya kompaniyalari misni qayta ishlash,
elektromobil sanoati, robototexnika, farmatsevtika, energetika va infratuzilma
sohalaridagi loyihalarga taklif etildi.
Oʻzbekiston va Koreya sanoat-texnologik alyans
tuzishi mumkin
15-sentabr kuni Oʻzbekiston prezidenti Shavkat
Mirziyoyev va Koreya Respublikasi bosh vaziri Xan Son Suk qoʻshma biznes
forumining ochilishida ishtirok etdi.
Tadbirda ikki mamlakat davlat tuzilmalari va
ishbilarmon doiralarining 300 nafardan ziyod vakili, jumladan, yetakchi moliya
institutlari, yirik sanoat korxonalari va savdo kompaniyalari rahbarlari
qatnashdi.
Koreya tomonidan Lotte Chemical, Hyundai Motor Group,
Samsung C&T, CJ Group, Shinhan Financial Group, Hyundai Rotem, KIND, BOMI,
Kia Corporation, Sampyo Group va Hansae Mobility kabi kompaniyalar vakillari
ishtirok etdi.
Shavkat Mirziyoyev Oʻzbekiston industrial va
texnologik taraqqiyotning yangi bosqichiga qadam qoʻyayotganini taʼkidlab,
oʻzaro savdo hajmini oshirish, investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish va
yangi qoʻshma loyihalarni amalga oshirish uchun keng imkoniyatlar mavjudligini
qayd etdi.
Prezident Oʻzbekistonning resurs salohiyati,
Koreyaning ilgʻor texnologiyalari va ikki mamlakat kompaniyalarining
investitsiyaviy imkoniyatlarini birlashtirish orqali yangi iqtisodiy oʻsish
nuqtalarini yaratishni taklif qildi.
Iqtisodiy sheriklikni rivojlantirishning ustuvor
yoʻnalishlari sifatida sanoat kooperatsiyasi va toʻliq ishlab chiqarish
zanjirlarini shakllantirish, energetika va «yashil iqtisodiyot», transport va
zamonaviy infratuzilma, raqamlashtirish va sunʼiy intellekt belgilandi.
Shuningdek, yarimoʻtkazgichlar va mikroelektronika,
biotexnologiya va farmatsevtika, qoʻshma ilmiy tadqiqotlar, ilgʻor
texnologiyalarni joriy etish va kadrlar tayyorlash boʻyicha hamkorlikni
kengaytirish taklif qilindi.
Koreya kompaniyalari Oʻzbekistonda misni qayta
ishlash, elektrotexnika uskunalarini ishlab chiqarish, avtomobil va
elektromobil sanoati uchun butlovchi qismlarni mahalliylashtirish,
robototexnika va avtomatlashtirish sohalarida loyihalarni amalga oshirishga
chaqirildi.
Bundan tashqari, biotexnologiya va farmatsevtika,
gidroenergetika, energiyani saqlash tizimlari, energetika tarmoqlarini
modernizatsiya qilish, transport va shahar infratuzilmasini rivojlantirish
boʻyicha loyihalar taklif etildi.
Sanoat-texnologik hamkorlikni yanada
chuqurlashtirishning amaliy mexanizmi sifatida Oʻzbekiston – Koreya
sanoat-texnologik alyansini tuzish tashabbusi ilgari surildi.
Prezident Oʻzbekistonda Koreya biznesi uchun yanada
qulay shart-sharoitlar yaratish va qoʻshma loyihalarni amalga oshirishda amaliy
koʻmak koʻrsatishga tayyorligini bildirdi.
kun.uz
Sarlavxa :
Iqtisodiyot
15 09 2026 / 15:13