Loading...
Ўзбекча Русский Ўзб Рус

Qishloq xo‘jaligi korxonalariga dizelning bir tonnasi 15 mln so‘mdan oshganda xarajatlarning bir qismi qoplab beriladi



Ulashing :



O‘zbekistonda 1-iyuldan 1-dekabrgacha birjada sotib olingan dizel yonilg‘isi narxining bir qismi qishloq xo‘jaligi korxonalariga qoplab beriladi. Agar narx bir tonna uchun 15 mln so‘mdan oshsa, davlat oradagi farqni qoplaydi, ammo bu kompensatsiya miqdori 2 mln so‘mdan oshmaydi.

O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligi korxonalariga tovar-xomashyo birjalari orqali xarid qilinadigan dizel yonilg‘isi xarajatlarining bir qismi vaqtinchalik qoplab beriladi. Ushbu chora prezidentning 12-sentabrdagi suyultirilgan gaz bozorini isloh qilish to‘g‘risidagi qarorida nazarda tutilgan.

Kompensatsiya 2026-yilning 1-iyulidan 1-dekabrigacha bo‘lgan davrda sotib olingan yonilg‘iga nisbatan amal qiladi.

Agar bir tonna dizel yonilg‘isining birja narxi 15 mln so‘mdan oshsa, oshiqcha summa respublika budjetidan qishloq xo‘jaligi korxonasiga qoplab beriladi. Bunda subsidiya miqdori har bir tonna uchun 2 mln so‘m bilan cheklanadi.

Masalan, agar bir tonna dizel 16 mln so‘mga xarid qilingan bo‘lsa, kompensatsiya 1 mln so‘mni tashkil etadi. Narx 18 mln so‘m bo‘lganda ham, subsidiya miqdori belgilangan maksimal darajadan — tonnasiga 2 mln so‘mdan oshmaydi.

To‘lovlar Agrar sohada to‘lovlar agentligi orqali amalga oshiriladi.

Qarorda, shuningdek, suyultirilgan gaz sohasidagi boshqa bir subsidiyani budjetdan moliyalashtirish ham nazarda tutilgan. 2027-yildan boshlab aholi uchun belgilangan tartibga solinadigan gazning chakana narxi va LPG-Trade yangi operatorining iqtisodiy jihatdan asoslangan xarajatlari o‘rtasidagi farqni qoplash xarajatlari Davlat budjeti parametrlarida alohida satrda nazarda tutilishi kerak.

Bundan tashqari, mahalliy korxonalarda ishlab chiqarilgan va aholi uchun mo‘ljallangan suyultirilgan gazni tashish uchun “LPG-Trade”ga tashish masofasidan qat’i nazar butun respublika bo‘ylab yagona temir yo‘l tarifi joriy etiladi.

So‘nggi yetti oyda dizel yonilg‘isi ishlab chiqarish 683,4 ming tonnani tashkil etdi — bu o‘tgan yilgi darajadan (673,7 ming tonna) 1,4% ga ko‘p. Iyul oyida 115,4 ming tonnaga yaqin dizel yonilg‘isi ishlab chiqarildi — bu iyun oyidagiga qaraganda 1,6% ga kam.

Birinchi yarim yillikda dizel yonilg‘isi importi 18,7% ga qisqarib, 283 ming tonnani, uning qiymati esa 11,1% ga kamayib, 228,9 mln dollarni tashkil etdi. Bunda o‘rtacha import narxi 9,4% ga oshib, tonnasiga 809 dolrga yetdi. Iyun oyida import o‘tgan yilgi 51,8 ming tonnaga nisbatan 2,8 ming tonnagacha tushib ketdi.

gazeta.uz


Sarlavxa :
Iqtisodiyot

16 09 2026 / 14:35