Markaziy Osiyo davlatlari va Koreya Respublikasi
oʻrtasida xavfsizlik, bir-birini toʻldirib turadigan amaliy hamkorlik,
gumanitar almashinuvlar kabi ustuvor yoʻnalishlarda oʻzaro manfaatli
hamkorlikni kengaytirish istiqbollari muhokama qilindi.
Mirziyoyev Markaziy Osiyo va Koreya hamkorligini
rivojlantirish boʻyicha 5 ta taklifni ilgari surdi
Shavkat Mirziyoyev 16-sentabr kuni Seul shahrida
birinchi «Markaziy Osiyo – Koreya Respublikasi» sammitida ishtirok etdi.
Janubiy Koreya prezidenti Li Je Myong raisligida
oʻtkazilgan tadbirda Qozogʻiston prezidenti Qosim-Joʻmart Toʻqayev,
Qirgʻiziston prezidenti Sadir Japarov, Tojikiston prezidenti Imomali Rahmon va
Turkmaniston prezidenti Serdar Berdimuhamedov ham ishtirok etdi.
Kun tartibiga muvofiq, Markaziy Osiyo davlatlari va
Koreya Respublikasi oʻrtasida xavfsizlik, bir-birini toʻldirib turadigan amaliy
hamkorlik, gumanitar almashinuvlar kabi ustuvor yoʻnalishlarda oʻzaro manfaatli
hamkorlikni kengaytirish istiqbollari muhokama qilindi.
Oʻzbekiston prezidenti oʻz nutqida Janubiy Koreya
strategik jihatdan uzoqni koʻzlab ish tuta olishini namoyish etgan holda,
Markaziy Osiyo timsolida yaqin va oʻzaro manfaatli sheriklik uchun ulkan
salohiyatni 2007-yildayoq birinchilardan boʻlib koʻrganini taʼkidladi.
«Biz Koreya tomonining mamlakatlarimizni
sanoatlashtirish, infratuzilmani modernizatsiya qilish va barqaror rivojlanish
uchun mustahkam poydevor yaratishga qoʻshayotgan salmoqli hissasini samimiy
qadrlaymiz», – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Ushbu mustahkam aloqalarning ildizlari uzoq asrlarga
borib taqaladi – ular Buyuk ipak yoʻlidagi karvon yoʻllaridan boshlangan.
Mustahkam doʻstlik zamirida hayotiy qadriyatlarimizning mushtarakligi – keksa
avlodga chuqur hurmat, halol mehnatni qadrlash, ona zaminga mehr va sadoqat
kabi asosiy hayotiy qadriyatlar mujassam.
«Koʻpmillatli Markaziy Osiyo oilasining ajralmas
qismiga aylangan koreys diasporasi xalqlarimizning birdamligi va oʻzaro
hurmat-ehtiromining yorqin ramzidir», – deya taʼkidladi Oʻzbekiston prezidenti.
Bugungi kundagi asosiy vazifa – nafaqat hamkorlik
boʻyicha erishilgan surʼatni saqlab qolish, balki bu muvaffaqiyatlarni
rivojlanishga yanada jadal tus berish uchun poydevorga aylantirishdan iborat
ekani taʼkidlandi.
Markaziy Osiyo va Janubiy Koreyaning salohiyatlarini
qoʻshilishi oʻzaro manfaatli hamkorlikni oʻrnatish borasida yangi yoʻllarni
ochadi.
Shu munosabat bilan Oʻzbekiston prezidenti
hamkorlikning beshta strategik yoʻnalishi boʻyicha takliflarni ilgari surdi.
Birinchi yoʻnalish hamkorlikni rejalashtirishning uzoq
muddatli mezonlarini shakllantirishni qamrab oladi.
«Bugungi zamonaviy dunyodagi global oʻzgarishlar
surʼati davlatlarning unga moslashish imkoniyatidan tobora ilgarilab ketmoqda.
Sunʼiy intellekt mehnat bozori va butun boshli sanoat tarmoqlarini
oʻzgartirmoqda. Iqlim va suv bilan bogʻliq xavf-xatarlar kelgusi bir necha oʻn
yilliklar uchun moʻljallangan yechimlarni ishlab chiqishni talab qiladi.
Taʼlim, infratuzilma, texnologiya va inson kapitaliga nisbatan yangi talablar
paydo boʻlmoqda», – dedi davlat rahbari.
Ushbu tahdidlarga javoban «Markaziy Osiyo – Koreya
Respublikasi: jadal rivojlanish yoʻlidagi hamkorlik» deb nomlangan uzoq
muddatli konseptual qarashni ishlab chiqish taklif etildi.
Kibertahdidlarni barvaqt aniqlash va ularning oldini
olish mexanizmlarini yaratish borasida saʼy-harakatlarni birlashtirish oraqali
raqamli kelajak xavfsizligini taʼminlash masalasi ham umumiy eʼtibor markazida
boʻlishi lozim.
Ikkinchi soha savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy
imkoniyatlarni yagona biznes mantigʻi doirasida birlashtirishga qaratilgan.
«Bugungi kunda Markaziy Osiyo faqat xom ashyo yetkazib
beradigan mintaqa emas. Mamlakatlarimiz innovatsion va texnologik hamkorlik
uchun imkoniyatlarni kengaytirib, qoʻshimcha qiymatning global zanjirlariga
faol qoʻshilmoqda», – deya taʼkidladi prezident.
Sanoat va savdo vazirlari uchrashuvlari platformasini
yaratish tashabbusi qoʻllab-quvvatlandi. Ushbu muvofiqlashtiruvchi mexanizmning
taʼsis etilishi oʻzaro savdoni sezilarli darajada koʻpaytirish uchun birgalikda
samarali yechimlarni topish hamda 2030-yilga borib mintaqa mamlakatlari va
Koreya oʻrtasidagi tovar ayirboshlash hajmini 20 mlrd dollarga yetkazish
imkonini beradi.
Sanoat kooperatsiyasi va investitsiyaviy hamkorlikni
kengaytirish doirasida mintaqa bozori uchun innovatsion ishlab chiqarish bazasi
boʻlib xizmat qiladigan “Markaziy Osiyo – Koreya” sanoat-texnologik parkini
Oʻzbekistonda tashkil etishga tayyorlik bildirildi.
Mamlakatlar hududlari oʻrtasida toʻgʻridan toʻgʻri
sheriklik aloqalari yoʻlga qoʻyilishi iqtisodiy hamkorlikning muhim harakatlantiruvchi
kuchi ekani va bunga kelgusi yili Samarqandda boʻlib oʻtadigan Markaziy Osiyo
va Koreya uchinchi hududlararo forumida barcha mamlakatlardan mahalliy hokimlik
va biznes vakillari ishtirok etishi orqali erishish mumkinligi koʻrsatib
oʻtildi.
Uchinchi yoʻnalish muhim minerallar sohasidagi
hamkorlikda yangi sahifa ochishga qaratilgan.
«Ushbu qimmatbaho xom ashyoga boʻlgan talab tez oʻsib
borayotgani va uning Markaziy Osiyodagi ulkan zaxiralarini hisobga olgan holda,
mintaqa jahon bozorida yetakchi yetkazib beruvchilardan biriga aylanishga
qodir», – dedi Oʻzbekiston yetakchisi.
Shu munosabat bilan mintaqada ishlab chiqarishning
barcha bosqichlari – geologiya-qidiruv va qazib olishdan tortib, xom ashyoni
chuqur qayta ishlash hamda yuqori qoʻshilgan qiymatga ega mahsulotlar ishlab
chiqarishgacha boʻlgan jarayonlarni qamrab oladigan yirik sanoat klasterlarini
tashkil etish maqsadida muhim minerallar boʻyicha Mintaqaviy investitsiya
alyansini shakllantirish taklif etildi.
Hamkorlikning toʻrtinchi yoʻnalishi «yashil»
taraqqiyot va iqlim oʻzgarishiga moslashish ehtiyojlaridan kelib chiqadi.
Iqtisodiyotlardagi bir-birini toʻldirib turuvchi
imkoniyatlarni birlashtirish maqsadida Markaziy Osiyo va Koreya oʻrtasida iqlim
va uglerod hamkorligi boʻyicha formatni ishga tushirish taklif etildi.
Beshinchi yoʻnalish yosh avlod salohiyatini roʻyobga
chiqarish boʻyicha birgalikda ishlashni nazarda tutadi.
Markaziy Osiyo – alohida demografik energiyaga ega
boʻlgan mintaqa boʻlib, aholisining yarmidan koʻpini 30 yoshgacha boʻlgan
yoshlar tashkil etadi.
«Biz uchun yosh avlod ilgʻor bilimlar, koʻnikmalar va
xalqaro tajribadan foydalanish imkoniga ega boʻlib, kelgusida zamonaviy
texnologik iqtisodiyotning bir qismiga aylanishi juda muhim», – deya taʼkidladi
Shavkat Mirziyoyev.
Shu munosabat bilan inson kapitalini rivojlantirish
sohasida uzoq muddatli hamkorlikni shakllantirish taklif etildi. Bu hamkorlik
«buyurtma – oʻqitish – bandlik» degan aniq tamoyilga asoslanishi kerak.
Ayniqsa, sunʼiy intellekt texnologiyalarini birgalikda
ishlab chiqish va joriy etishda yoshlarning tutgan oʻrni juda muhim. Shu bois,
prezident Li Je Myongning «Oʻxshashi yoʻq Koreya» doktrinasini ushbu keng
koʻlamli jarayon uchun Markaziy Osiyodagi asosiy tayanch maydonlardan biriga
aylantirish taklif etildi.
Yakunda Oʻzbekiston kelgusi yilda Janubiy Koreya bilan
diplomatik munosabatlar oʻrnatilganining 35 yilligi va koreys diasporasining
mintaqamizda yashay boshlaganining 90 yilligiga bagʻishlangan bayram
tadbirlarini eng yuqori darajada oʻtkazishga tayyor ekani taʼkidlandi.
Sammitda boshqa yetakchilar ham soʻzga chiqdi. Tadbir
yakunlari boʻyicha Seul deklaratsiyasi hamda hamkorlikning ustuvor
yoʻnalishlari boʻyicha qator boshqa hujjatlar qabul qilindi.
A.Qarshiyev.kun.uz
Sarlavxa :
Ijtimoiy–siyosiy
17 09 2026 / 15:06