Prezident
Shavkat Mirziyoyev Nukusdagi yig‘ilishda Qoraqalpog‘istonda sho‘rga chidamli
olxo‘ri va kechki o‘rik plantatsiyalarini tashkil etish bo‘yicha
uch yillik dastur amalga oshirilishini ma’lum qildi.
Dastur doirasida 30 ming gektarda bog‘lar barpo etiladi.
Davlat rahbari Kegeyli
tumanidagi 330 gektar sho‘r yerda tashkil etilayotgan sanoatlashgan bog‘ bilan
tanishganini qayd etdi. Yangi dastur doirasida 10 ming gektar maydonda ishlar
shu yil boshlanadi.
Viloyat hokimlariga 500
va 1 ming gektardan bog‘ yaratish vazifasi yuklatiladi. Andijondan yer
bo‘yicha mutaxassislar va tajribali dehqonlar Kegeyli tumaniga kelib,
ishlarni boshlagan.
Qoraqalpog‘iston
Vazirlar Kengashi, viloyat hokimliklari va Bog‘dorchilik agentligi
o‘rtasida uch tomonlama shartnomalar tuziladi. Ikki hafta ichida har bir
hudud uchun yer ajratilib, kafolatli suv ta’minoti yaratiladi. Agentlik
1-oktabrgacha iqlimga mos ko‘chat navlari va ekish texnologiyalarini
taqdim etadi.
Viloyat hokimlari usta dehqon
va agronomlarni jalb qilib, ularga uy-joy qurib berishi kerak. Har bir
hududda 50 gektarlik bog‘lar joriy yilda, qolgan maydonlarda esa bahorda
tashkil etiladi. Bog‘lar yonida qayta
ishlash quvvatlari ham barpo qilinadi.
Loyiha natijasida
bog‘dorchilik sohasida 20 ming kishini ish bilan ta’minlash
va uch yil ichida meva eksportini kamida 500 million dollarga
yetkazish vazifasi belgilandi.
Bundan tashqari, kelgusi
bahordan Nukus tumanidagi 10 ming gektar maydonda qovun yetishtirish
boshlanadi. Yil yakunigacha Ispaniya, AQSh, Niderlandiya va Xitoydan
qovunning eng yaxshi navlari, urug‘chilik va agrotexnologiya bo‘yicha
mutaxassislarni olib kelish topshirildi.
Salohiyatli investorlarni jalb
qilib, shu yerning o‘zida qovunni qayta ishlash va eksport qilish
bilan shug‘ullanadigan xolding tashkil etiladi.
Nukus tumanidagi texnikum
qovunchilikka moslashtirilib, laboratoriya va sinov poligoni bilan
ta’minlanadi.
Ushbu muassasa
Qoraqalpog‘iston, Xorazm, Jizzax, Qashqadaryo va Sirdaryodagi qovun
yetishtiruvchilar uchun tajriba almashish metodik markazi bo‘ladi.
Sarlavxa :
Iqtisodiyot
21 09 2026 / 16:23