“Yashil makon” loyihasida trotuarlar va gavjum joylar
ko‘kalamzorlashtirishga ustuvor ahamiyat beriladi. “3−30−300” tamoyiliga ko‘ra,
yashash, ishlash va o‘qish joylaridan kamida 3 ta daraxt ko‘rinishi, turar
joylarning 30 foizi soya bilan qoplanishi hamda uydan 300 metr masofada yashil
hudud bo‘lishi rejalashtirilmoqda.
O‘zbekistonda 2021-yil kuzidan buyon amalga oshirilayotgan umummilliy
“Yashil makon” loyihasi doirasida ekilgan daraxtlarning tutib ketishi va
holatiga e’tibor kuchaytiriladi. Bu haqda 21 sentyab kuni prezident Shavkat
Mirziyoyev huzurida o‘tkazilgan taqdimotda ma’lum qilindi.
Ko‘chatlar
parvarishini yaxshilash
Taqdimotda ko‘chatlarni saqlash,
sug‘orish va tizimli parvarishlashdagi kamchiliklar yana bir bor qayd
etildi. Bahorda ekilgan ko‘chatlarning bir qismi yana qurib qolgan.
Bunga hududning iqlim va tuproq sharoitiga mos kelmaydigan daraxtlarni
tanlash, suv ta’minoti mavjud bo‘lmagan joylarga ko‘chat ekish, shuningdek,
kasallik va zararkunandalarga qarshi samarali choralar ko‘rilmagani sabab
sifatida ko‘rsatildi.
Shuningdek, Orol dengizining
qurigan tubida barpo etilgan o‘rmonlarni parvarishlash va muhofaza
qilishda ham muammolar mavjudligi ta’kidlandi.
Prezident
amalga oshirilayotgan ishlar samaradorligini ko‘chatlarning bir,
uch va besh yildan keyingi saqlanib qolish darajasi asosida baholash
zarurligini ta’kidladi.
Ko‘kalamzorlashtirish ishlarini
ilmiy asosda tashkil etish, tuproqni tayyorlash va sug‘orish tizimini
yaratishdan tortib, ko‘chatlarni kamida uch yil davomida
parvarishlashgacha bo‘lgan barcha jarayonlarni qamrab oluvchi yondashuvlar
muhokama qilindi.
Ko‘chat ekish muddatlari har bir hududning ob-havo sharoiti va olimlar
xulosalari asosida belgilanishi lozim. Mahalliy iqlimga moslashgan, issiq,
sovuq va suv tanqisligiga chidamli daraxt turlariga ustuvor ahamiyat
beriladi.
Mahallalarning “yashil
xaritalari” va reytingi
Shavkat Mirziyoyev Ekologiya milliy qo‘mitasiga har bir mahalla bo‘yicha
ko‘chat turlari, ularni ekish joylari va sug‘orish tizimi
ko‘rsatilgan “yashil xaritalar”ni ishlab chiqish va joriy
etish topshirig‘ini berdi.
Har bir ko‘chadagi daraxt va ko‘chatlar holatini mahalla raislari bilan
birgalikda muntazam kuzatib borish, ularning qurib qolish sabablarini aniqlash
va bartaraf etish vazifasi qo‘yildi.
“Mening yashil mahallam” dasturi doirasida mahallalarga kompleks
xizmatlar ko‘rsatish bo‘yicha takliflar ko‘rib chiqildi. Mahallalar
buyurtmasi asosida sifatli ko‘chatlar, organik o‘g‘itlar va suv tejovchi
sug‘orish vositalarini yetkazib berish, shuningdek, daraxtlarni kasallik
va zararkunandalardan himoya qilish xizmatlarini tashkil etish
rejalashtirilmoqda.
Har bir mahallaga ustoz o‘rmonchini biriktirish, aholiga
ko‘chat ekish, sug‘orish va parvarishlashni o‘rgatish taklif qilindi.
Shuningdek, mahallalarning “yashil reytingi”ni joriy etish
taklifi muhokama qilindi. Uning asosiy mezonlari yashil maydonlar ulushi, aholi
jon boshiga to‘g‘ri keladigan daraxtlar soni, yangi ko‘chatlarning tutib ketish
darajasi va aholining jarayondagi ishtiroki bo‘ladi.
Yuqori natijalarga erishgan mahallalarni rag‘batlantirish
mexanizmlarini ishlab chiqish topshirildi. Jumladan, ularga obodonlashtirish
uchun qo‘shimcha mablag‘lar va “yashil” loyihalarni amalga oshirish uchun
maqsadli mikrograntlar ajratish nazarda tutilmoqda.
Uylar va maktablar yaqinida bog‘lar tashkil etish, ko‘chalarni
soya-salqin qilish
Turar joylar, maktablar va bolalar bog‘chalari orasida kichik yashil
hududlar va jamoat bog‘larini tashkil etish taklifi
bildirildi. Bu ishlarga mahalla faollari va yoshlardan iborat
ko‘ngillilar guruhlarini keng jalb etish rejalashtirilmoqda.
Prezident aholi gavjum joylar, piyodalar yo‘laklari va sayr
ko‘chalari bo‘ylab daraxt ekish ishlariga ustuvor ahamiyat berish
zarurligini ta’kidladi.
Taqdimotda ta’kidlanishicha,
bunday joylarda soya beruvchi daraxtlar sonining ko‘paytirilishi aholining
harakatlanishi va dam olishi uchun qulay sharoit yaratadi.
Hududlarni ko‘kalamzorlashtirish dasturlarini “3−30−300” tamoyili asosida
amalga oshirish taklif etilmoqda. Unga ko‘ra, har bir inson yashash, ishlash
yoki o‘qish joyidan kamida 3 ta daraxtni ko‘ra olishi, aholi yashash
hududining kamida 30 foizi daraxtlar soyasi bilan qoplanishi hamda uydan 300
metr masofada dam olish uchun yashil hudud bo‘lishi kerak.
Pilot hududlar
Taqdimotda mazkur yondashuvlarni Toshkent shahrining Yangixayot, Buxoro
viloyatining Olot va Samarqand viloyatining Urgut tumanlarida qo‘llash
bo‘yicha loyihalar taqdim etildi.
Yangixayot tumanida mahalla va jamoat
bog‘lari, soya-salqin sayr ko‘chalari, shuningdek, sanoat korxonalari atrofida
“yashil belbog‘lar” tashkil etish rejalashtirilmoqda.
Sug‘orish uchun yer osti
suvlarini to‘plash va qayta ишлатиш, suv o‘tkazuvchi
qoplamalardan foydalanish hamda organik chiqindilardan kompost
tayyorlash kabi yechimlar taklif etildi.
Ko‘kalamzorlashtirish ishlari sanoat chiqindilarini kamaytirish, havo
sifatini avtomatik monitoring qilish va chiqindilarni boshqarish tizimini
takomillashtirish choralari bilan bir vaqtda olib boriladi.
Olot tumanida cho‘l sharoitiga moslashgan va ko‘p suv
talab qilmaydigan o‘simliklar hisobiga yashil qoplamni kengaytirishga asosiy
e’tibor qaratiladi.
Mahalliy sharoitda ko‘chat yetishtirishni rivojlantirish, dendrologiya
bog‘i va sho‘rga chidamli o‘simliklar bog‘ini tashkil etish, shuningdek,
yo‘llar va kanallar bo‘ylab himoya daraxtzorlarini barpo etish taklif
qilinmoqda.
Urgut tumanini tog‘ va tog‘oldi hududlarining xususiyatlarini hisobga
olgan holda ko‘kalamzorlashtirish rejalashtirilgan. Bu yerda dendrologiya
va jamoat bog‘larini tashkil etish, sanoat zonasi atrofida hamda temiryo‘l
bo‘ylab “yashil belbog‘lar” barpo etish nazarda tutilgan.
Shuningdek, “Omonqo‘ton” milliy tabiat bog‘ida mahalliy daraxt va buta
turlarining urug‘lari asosida tabiiy o‘simlik qoplamini tiklash choralari
ko‘riladi.
Loyihani ilmiy jihatdan
qo‘llab-quvvatlashni kuchaytirish va zamonaviy texnologiyalarni joriy
etish masalalari ko‘rib chiqildi. Turli hududlar sharoitiga moslashgan sog‘lom
ko‘chatlar yetishtirish uchun in vitro laboratoriyalari va zamonaviy
ko‘chatxonalar tashkil etish, shuningdek, ko‘p suv talab qiladigan manzarali
maysazorlarni bosqichma-bosqich qurg‘oqchilikka chidamli o‘simliklar bilan
almashtirish taklif qilinmoqda.
Ko‘kalamzorlashtirishda sun’iy
intellekt
“Yashil AI” modulini tajriba tariqasida ishga tushirish
rejalashtirilmoqda. U orqali tuproq, iqlim va suv ta’minoti haqidagi
ma’lumotlar sun’iy intellekt yordamida tahlil qilinadi. Shu asosda ko‘chat
ekish uchun eng maqbul hududlar aniqlanib, daraxt turlarini tanlash bo‘yicha
tavsiyalar shakllantiriladi.
Shuningdek, ko‘chatlarning qurib qolishi, suv tanqisligi, kasalliklar
va zararkunandalar tarqalishi xavfini erta aniqlash, mas’ullarni o‘z vaqtida
ogohlantirish hamda natijalarni yagona xarita orqali ochiq kuzatib borish
imkoniyati yaratiladi.
Sarlavxa :
Ijtimoiy–siyosiy
22 09 2026 / 11:08