O‘zbekistonda
2030-yilga borib elektr energiyasi ishlab chiqarish quvvatlarini 46,1 GVtga
yetkazish rejalashtirilmoqda. Bu yiliga qariyb 129 mlrd kVt⋅soat elektr energiyasi
ishlab chiqarish imkonini beradi. 2035-yilga kelib esa quvvatlar 57,2 GVtga,
elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmi 154,7 mlrd kVt⋅soatga yetkazilishi
kutilmoqda. Mazkur rejalar 22-sentabr kuni prezident Shavkat Mirziyoyevga
elektr energetikasini rivojlantirish bo‘yicha o‘tkazilgan taqdimotda ko‘rib
chiqildi.
Energetika tizimini
kengaytirish zarurati iqtisodiyot, aholi soni va elektr energiyasi
iste’molining o‘sishi bilan izohlanmoqda. 2030-yilga borib iqtisodiyot hajmini
300 mlrd dollarga yetkazish rejalashtirilgan, aholi soni esa 41 mln nafardan
oshishi kutilmoqda.
Canoat sohasida elektr energiyasi iste’moli hozirgi 38
mlrd kVt⋅soatdan
53,5 mlrd kVt⋅soatga
yetishi prognoz qilinmoqda. Elektr transporti va ma’lumotlar markazlari ham
elektr energiyasiga qo‘shimcha talabni yuzaga keltiradi.
Iste’mol mo‘’tadil sur’atda o‘sgan taqdirda, mavjud rejalar talab
va elektr energiyasi ishlab chiqarish o‘rtasidagi muvozanatni saqlash
imkonini beradi. Biroq sanoat, elektr transporti va raqamli infratuzilma
jadalroq rivojlansa, qo‘shimcha elektr energiyasi ishlab chiqarish quvvatlari
talab etiladi.
Prezident energetika sohasini iqtisodiy o‘sishning jadallashgan
ssenariysini hisobga olgan holda rejalashtirish va elektr energiyasi
ishlab chiqarish bo‘yicha yetarli zaxira quvvatlarini yaratishni topshirdi.
Shu munosabat bilan qo‘shimcha shamol elektr stansiyalari
va energiya saqlash tizimlarini qurish, shuningdek, quyosh va shamol
energetikasi loyihalarini jadallashtirish masalalari ko‘rib chiqilmoqda.
Shu bilan
birga, iqtisodiy samaradorligi past, moliyalashtirish manbasi aniq bo‘lmagan
yoki uzoq vaqtdan buyon kechikayotgan ayrim loyihalarni qayta ko‘rib chiqish
taklif etildi. Yangi elektr stansiyalarini tanlashda nafaqat ularning quvvati,
balki elektr energiyasi tannarxi, tarmoqqa ulanish imkoniyati, energiya saqlash
tizimlari bilan muvofiqligi va umumiy energetika balansiga ta’sirini ham
hisobga olish ko‘zda tutilmoqda.
Hozirda umumiy quvvati 4,2 GVt bo‘lgan 26 ta energiya saqlash
tizimi loyihasi shakllantirilgan bo‘lib, ularning 17 tasi amalga oshirilmoqda.
2030-yilga qadar qo‘shimcha loyihalarni tayyorlash topshirildi.
Energiya saqlash tizimlari quyosh va shamol elektr stansiyalarida
ishlab chiqarilgan elektr energiyasini to‘plab, kechki eng yuqori iste’mol
soatlarida tarmoqqa uzatish imkonini beradi. Prezident administratsiyasiga
ko‘ra, bu an’anaviy elektr stansiyalarida qo‘shimcha gaz yoqishni
kamaytirish va energetika tizimi barqarorligini oshirishga xizmat qiladi.
Hozirda mamlakatda
quyosh va shamol elektr stansiyalarining umumiy quvvati 6,3 GVtdan oshgan.
Gidroelektr stansiyalari soni 100 tadan oshib, ularning jami quvvati 2,5 GVtga
yaqinlashgan.
Elektr energiyasi ishlab chiqarish quvvatlarini oshirish bilan bir
qatorda, magistral elektr tarmoqlarini kengaytirish ham rejalashtirilmoqda.
2030-yilga qadar kuchlanishi 220 kV bo‘lgan 9 ta va 500 kV bo‘lgan 7
ta yangi podstansiya, shuningdek, qariyb 5000 km elektr uzatish
liniyalarini qurish ko‘zda tutilgan.
2027−2029-yillarda
kuchlanishi 500 kV bo‘lgan bir qator strategik elektr uzatish liniyalari
va yangi podstansiyalarni ishga tushirish rejalashtirilgan. Taqdimotda
ularning qurilish jarayoni, moliyalashtirish manbalari va kechikishlarni
bartaraf etish masalalari muhokama qilindi.
Qoraqalpog‘istonda raqamli iqtisodiyot uchun
energetika infratuzilmasini yaratish masalasi ham alohida ko‘rib chiqildi.
Hududda qurilishi rejalashtirilayotgan shamol elektr stansiyalarini umumiy
quvvati 1 GVt bo‘lgan ma’lumotlar markazlari bilan bog‘lash taklif etildi.
Buning uchun kuchlanishi
220 kV bo‘lgan yangi podstansiya va elektr uzatish liniyalarini qurish
rejalashtirilmoqda. Mutasaddilar bahosiga ko‘ra, loyiha ma’lumotlar
markazlarini energetika tizimiga integratsiya qilish va yuqori texnologiyali
investitsiyalarni jalb etishga xizmat qiladi.
Avgust oyi oxirida
energetika vaziri Sherzod Xodjayev ma’lum qilganidek,
hozirgi rivojlanish sur’atlari saqlanib qolsa, 2030-yilga borib O‘zbekistonda
“yashil” energetika ulushi belgilangan 54 foizlik marradan oshishi mumkin.
Yangi loyihalar qatorida yirik issiqlik elektr stansiyalari, energiya saqlash
tizimlari, quyosh va shamol elektr stansiyalari bor.
gazeta.uz
Sarlavxa :
Iqtisodiyot
23 09 2026 / 10:32