O‘zbekistonda energetika sohasidagi investitsiya
loyihalarini tayyorlash va amalga oshirish tizimini o‘zgartirish taklif
etildi. Ushbu takliflar 22-sentabr kuni prezident Shavkat Mirziyoyevga elektr
energetikasini rivojlantirishga bag‘ishlangan taqdimot chog‘ida ko‘rsatildi.
Hozirgi paytda ko‘p hollarda
investor tomonidan tashabbus bildirilgandan so‘ng yer maydoni, tarmoqqa
ulanish, texnik shartlar, tariflar va investitsiyaviy kelishuvlar
alohida-alohida kelishiladi. Hukumatning baholashicha, bunday tartib loyihalarning
cho‘zilishiga, idoralar funksiyalarining takrorlanishiga olib kelmoqda hamda
energotizim ehtiyojlarini har doim ham to‘liq hisobga olish imkonini
bermayapti.
Yangi modelga
ko‘ra, dastlab elektr energiyasiga bo‘lgan istiqbolli ehtiyoj, shundan so‘ng
esa zarur generatsiya quvvatlari va infratuzilma aniqlab olinadi.
Loyihalarni yer maydoni, tarmoqqa ulanish nuqtasi va texnik
yechimlari aniq belgilangan tayyor holda shakllantirish rejalashtirilmoqda.
Investorlarni esa
ochiq va raqobatli tanlov asosida saralab olish ko‘zda tutilmoqda.
Iqtisodiyot va moliya
vazirligi yonilg‘i-energetika resurslariga bo‘lgan ehtiyojni
prognozlashtirishga, Energetika vazirligi esa strategik rejalashtirish
va texnik siyosatga mas’ul bo‘ladi.
Energetika bozorini
rivojlantirish va tartibga solish agentligi bozor munosabatlari hamda
tariflarni tartibga solish bilan shug‘ullanadi. Investitsiyalar uchun mas’ul
idoralar investorlarni ochiq tanlovlar orqali jalb etishi, mahalliy hokimliklar
esa yer ajratish va zarur infratuzilma masalalarini hal qilishi lozim
bo‘ladi.
Bundan tashqari,
yonilg‘i-energetika resurslariga bo‘lgan talab prognozlarini hududlar
va tarmoqlar kesimida shakllantirish hamda shu asosda har yili
uch yillik investitsiya rejalarini yangilab borish taklif etildi.
Bu yangi elektr
stansiyalari, tarmoqlar va boshqa infratuzilmalarni barpo etishni o‘zaro
muvofiqlashtirish imkonini berishi kutilmoqda.
Uzoq muddatli
istiqbolda esa O‘zbekistonni 2050-yilgacha yonilg‘i-energetika resurslari bilan
ta’minlash konsepsiyasini ishlab chiqish rejalashtirilgan.
Hujjat mamlakatning resurs salohiyati, aholi va
iqtisodiyotning o‘sishi, energiya samaradorligini oshirish, qayta tiklanuvchi
va atom energetikasini rivojlantirish hamda energetika xavfsizligi
masalalarini qamrab olishi lozim. Konsepsiyani har besh yilda qayta ko‘rib
chiqish taklif qilinmoqda.
Shavkat Mirziyoyev yangi energetika loyihalari
iqtisodiyot va aholining uzoq muddatli ehtiyojlariga mos kelishi, generatsiyani
rivojlantirish esa tarmoqlar imkoniyati va iste’mol darajasi bilan
chambarchas bog‘lanishi shartligini ta’kidladi.
Mutasaddi shaxslarga yirik loyihalarni o‘z vaqtida
ishga tushirishni ta’minlash, muddati cho‘zilgan loyihalar bo‘yicha investorlar
bilan birgalikda choralar ko‘rish, generatsiya va elektr tarmoqlarini
mutanosib tarzda rivojlantirish, energiya saqlash tizimlarini kengaytirish
hamda tarmoqda yangi rejalashtirish modelini joriy etish topshirildi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda iqtisodiy samaradorligi
past, moliyalashtirish manbalari aniq bo‘lmagan va muddatlari cho‘zilgan
energetika loyihalari qayta ko‘rib chiqiladi. Yangi quvvatlar nafaqat elektr
energiyasi ishlab chiqarish hajmi, balki uning tannarxi va elektr
tarmog‘iga ulanish imkoniyatlari asosida ham baholanadi.
gazeta,uz
Sarlavxa :
Iqtisodiyot
23 09 2026 / 10:45