O‘zbekistonda davlat-xususiy sheriklik
asosida to‘rtta aeroport loyihasi bo‘yicha ishlar olib borilmoqda. Bu haqda
“O‘zbekiston 24” telekanaliga bergan intervyusida prezident Shavkat
Mirziyoyevga qilingan taqdimot yakunlari bo‘yicha transport vaziri Ilhom Mahkamov
ma’lum qildi.
Vazir eng yirik loyihalardan biri sifatida
Toshkent yangi xalqaro aeroporti qurilishini tilga oldi. Uning so‘zlariga
ko‘ra, amaliy ishlar boshlab yuborilgan.
“Xususiy sherik
bilan zarur kelishuvlar imzolandi, maydonda qurilish boshlandi. Prezident
muddatlar bo‘yicha topshiriqlar berdi va loyiha bo‘yicha keyingi
yig‘ilishlar bevosita joyida o‘tkazilishini belgilab berdi”, — dedi u.
Buxoroda yangi xalqaro aeroport qurilishi
alohida muhokama qilindi. Prezident sifatga va zamonaviy talablarga
muvofiqligiga alohida e’tibor qaratgan holda, ishlarni jadallashtirishni
topshirdi.
Mahkamovning so‘zlariga ko‘ra, hozirda xususiy
sektor ishtirokida jami to‘rtta aeroport loyihasi ustida ish olib
borilmoqda.
“Toshkentdan
tashqari, gap Koreyaning Incheon kompaniyasi bilan birgalikda amalga
oshirilayotgan Urganch xalqaro aeroporti loyihasi haqida bormoqda. Buxoro
bo‘yicha hozirda tender protseduralari ketmoqda. Bundan tashqari, Andijon
va Namangan aeroportlarini boshqaruvga topshirish bo‘yicha ishlar olib
borilmoqda”, — deya ta’kidladi Transport vazirligi rahbari.
Vazir, shuningdek, aviatsiyani
rivojlantirishning uzoq muddatli strategiyasi tayyorlanayotganini ma’lum qildi.
“Endilikda sohaning keyingi 10 yillik
strategiyasini ishlab chiqish vazifasi qo‘yildi. Buning uchun Ispaniya
kompaniyasi jalb qilingan bo‘lib, joriy yil oxirigacha strategiyaning asosiy
parametrlarini belgilab olish rejalashtirilgan”, — dedi u.
Bundan tashqari, aviakompaniyalarni
rivojlantirish va keyingi yilda xalqaro audit o‘tkazish vazifasi qo‘yildi.
Eslatib o‘tamiz, iyun oyida Uzbekistan Airports
va Saudiya Arabistonining Vision International Investment kompaniyasi
Toshkentning yangi aeroportini qurish hamda foydalanish bo‘yicha DXSH
kelishuvini imzolagan edi. Loyiha
2026−2030-yillarga mo‘ljallangan bo‘lib, birinchi bosqichda atrofida 2,5 mlrd
dollar investitsiya kiritishni nazarda tutadi. Aeroport Toshkent
viloyatining O‘rta Chirchiq va Quyi Chirchiq tumanlaridagi 1310 gektar maydonda
joylashadi, dastlabki o‘tkazish qobiliyati yiliga 20 mln yo‘lovchini tashkil
etadi va keyinchalik 46 mln gacha kengaytirish imkoniyati bo‘ladi.
Aeroport xususiy sherikka 35 yil muddatga boshqaruvga beriladi.
Buxoroning yangi xalqaro aeroporti Buxoro
tumanining Qumsulton massivida qurilmoqda. Iyun oyida yo‘lovchi terminalini
qurish va boshqarish bo‘yicha xususiy sherikni tanlash yuzasidan
o‘tkazilgan xalqaro tenderning birinchi
bosqichi yakunlandi: qiziqish bildirgan 51 ta kompaniyadan 6 tasi keyingi
bosqichga o‘tdi. Loyihada maydoni
48,5 ming kv. m bo‘lgan va o‘tkazish qobiliyati xalqaro yo‘nalishlarda soatiga
1200 nafar hamda ichki yo‘nalishlarda 400 nafar yo‘lovchini tashkil etadigan
terminal nazarda tutilgan. Bunda aerodrom infratuzilmasi davlat boshqaruvida
qoladi.
Hududiy aeroportlar uchun xususiy sheriklik
loyihalari 2024-yildan buyon muhokama qilinmoqda. O‘shanda hokimiyat organlari
Namangan, Andijon, Buxoro va Urganch aeroportlarini modernizatsiya
qilish va boshqarishga xususiy sektorni jalb qilish
rejalari haqida e’lon qilgan edi. Namangan aeroporti Namangan Air Solution
kompaniyasi bilan DXSH asosida modernizatsiya qilinmoqda, Andijon aeroportiga
esa xususiy operatorni jalb qilish masalasi ishlab chiqilmoqda.
gazeta.uz
Sarlavxa :
Iqtisodiyot
24 09 2026 / 9:24