Loading...
Ўзбекча Русский Ўзб Рус

Andijondagi yangi loyihalar aholi farovonligiga xizmat qiladi



Ulashing :


Andijon bugun sanoat, tadbirkorlik va investitsiyalar uchun yangi imkoniyatlar yaratilayotgan, iqtisodiyoti jadal rivojlanayotgan hududlardan biriga aylanmoqda. Islohotlar natijasida yangi korxonalar tashkil etilib, zamonaviy ishlab chiqarish quvvatlari ishga tushirilmoqda. Bu esa, avvalo, aholi uchun yangi ish o‘rinlari va daromad manbalarini yaratishga xizmat qilmoqda.

Davlatimiz rahbari Andijon viloyatiga tashrifi doirasida yangi investitsiya loyihalarini ishga tushirish va ularning qurilishiga start berish marosimida ishtirok etdi. Mazkur marosimda men ham qatnashdim. Unda umumiy qiymati 9,4 milliard dollar bo‘lgan 206 ta loyiha qamrab olindi. SHundan 98 tasi ishga tushirildi, yana 108 ta loyiha qurilishi boshlandi.

Loyihalar energetika, to‘qimachilik, mashinasozlik, qurilish, farmatsevtika, ta’lim, tibbiyot, turizm va logistika kabi sohalarni qamrab olgan. Elektr avtobuslari, quyosh panellari, mebel va charm-poyabzal mahsulotlari ishlab chiqarish, zamonaviy tibbiyot va ta’lim markazlari, logistika va turizm ob’ektlari shular jumlasidan. Bu loyihalar viloyatning barcha 16 ta shahar va tumanida amalga oshiriladi.

Eng muhimi, ushbu loyihalar natijasida 45 mingdan ziyod yangi ish o‘rni yaratiladi. Yiliga 60,6 trillion so‘mlik mahsulot ishlab chiqarish va 533 million dollarlik eksport imkoniyati paydo bo‘ladi. Demak, bu raqamlar ortida minglab oilalarning daromadi, yoshlar uchun yangi kasb va ish imkoniyatlari, mahallalar va hududlar rivoji turibdi.

Bugun Andijonda amalga oshirilayotgan ishlar islohotlarning natijasi odamlar hayotida aks etayotganini ko‘rsatmoqda. YAngi investitsiyalar, zamonaviy korxonalar va ish o‘rinlari ko‘paygani sari aholining turmush sharoiti va hudud iqtisodiy salohiyati ham yuksaladi. Eng asosiy maqsad ham — iqtisodiy o‘sishni insonlar farovonligiga aylantirish.

A.Xaitov telegramm kanalidan


Sarlavxa :
Iqtisodiyot

24 09 2026 / 11:02