Loading...
Ўзбекча Русский Ўзб Рус

«Biz insoniyat tomonidamiz». Saida Mirziyoeva BMT minbarida nutq so‘zladi



Ulashing :


Saida Mirziyoeva BMT Bosh assambleyasining 81-sessiyasida nutq so‘zlab, O‘zbekistonning tinchlik va xalqaro huquq bo‘yicha pozitsiyasini bayon qildi. U mamlakatning BMT Xavfsizlik kengashiga nomzodi, Qo‘shilmaslik harakatiga raisligi, MO, Afg‘oniston va global muammolar bo‘yicha tashabbuslarini ma’lum qildi.

O‘zbekiston Prezident administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoeva BMT Bosh assambleyasining 81-sessiyasi doirasidagi umumiy munozaralarda O‘zbekiston nomidan nutq so‘zladi. U chiqishida global xavfsizlik, xalqaro huquq, Markaziy Osiyodagi hamkorlik, Afg‘oniston, Orolbo‘yi, sun’iy intellekt, inson huquqlari, bolalar farovonligi va O‘zbekistondagi islohotlar haqida so‘z yuritdi.

«Biz insoniyat tomonidamiz»

Saida Mirziyoeva nutqini bugungi xalqaro vaziyatga baho berishdan boshladi. Uning ta’kidlashicha, dunyoda urushlar davom etayotgani, geosiyosiy ziddiyatlar kuchayayotgani, ishonch muhiti susayayotgani va tengsizlikning ortishi insoniyat oldiga murakkab vazifalarni qo‘ymoqda.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bunday sharoitda O‘zbekiston «ochiqlik», «qo‘shnilar bilan yaxshi munosabatlar» va «dunyo bilan muloqot» yo‘lini tanlagan.

«Ochiqlik zaiflik emas. Aksincha, tinchlik uchun harakat qilish, kelajak oldida mas’uliyatni zimmasiga olishdir», — dedi Saida Mirziyoeva.

Saida Mirziyoeva xalqaro maydonda davlatlardan «qaysi tomonda ekanini» tanlash talab qilinayotganini qayd etib, O‘zbekistonning bu boradagi pozitsiyasini quyidagicha ifodaladi.

«Bu savolga O‘zbekistonning javobi aniq. Biz insoniyat tomonidamiz», — dedi Saida Mirziyoeva.

U bilim olish, kasb egallash va o‘z kelajagini o‘zi belgilashni istayotgan yoshlar manfaatini alohida ta’kidladi.

«Davlatning qudrati, avvalo, inson qadrini, uning huquq va manfaatlarini qanchalik himoya qila olishi bilan belgilanadi», — dedi PA rahbari.

Uning qayd etishicha, O‘zbekiston tinchlik, taraqqiyot va inson qadrini bir-biridan ajratilgan uch maqsad emas, balki yagona vazifa sifatida ko‘radi.

O‘zbekiston BMT Xavfsizlik kengashi islohotini qo‘llab-quvvatlaydi

Nutqda BMTning bugungi xalqaro tizimdagi o‘rni va uni isloh qilish masalasiga ham katta e’tibor qaratildi.

Saida Mirziyoeva eng qudratli davlatlarning o‘zi ham global muammolarni yakka holda hal qila olmasligini, tahdidlarning davlat chegaralarida to‘xtab qolmasligini ta’kidladi.

«Bizga faqat qaror qabul qiladigan emas, qarorlarni amalga oshirishga qodir BMT kerak. Bizga har bir davlatning ovozi eshitiladigan BMT kerak», — dedi Saida Mirziyoeva.

O‘zbekiston BMT bosh kotibining tashkilotni zamon talablariga moslashtirishga qaratilgan «BMT-80» tashabbusi doirasidagi sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlashi bildirildi.

SHuningdek, O‘zbekiston BMT Xavfsizlik kengashi tarkibini zamonaviy voqelikdan kelib chiqib kengaytirish tarafdori ekani ma’lum qilindi.

O‘zbekiston Qo‘shilmaslik harakatiga raislik qiladi

Saida Mirziyoeva kelasi yili O‘zbekiston Qo‘shilmaslik harakatiga raislikni qabul qilishini aytdi. U bu vazifani qarama-qarshiliklar kuchaygan bir paytda muloqot uchun yangi maydon yaratish imkoniyati sifatida baholadi.

«Bu mas’uliyatni biz qarama-qarshiliklar kuchaygan bir paytda muloqot uchun yangi maydon yaratish imkoniyati deb bilamiz», — dedi Saida Mirziyoeva.

SHuningdek, O‘zbekiston 2035−2036 yillar uchun BMT Xavfsizlik kengashining doimiy bo‘lmagan a’zoligiga o‘z nomzodini ilgari surgani ma’lum qilindi. Saida Mirziyoeva BMTga a’zo davlatlardan ushbu nomzodni qo‘llab-quvvatlashni so‘radi.

Xalqaro huquq masalasida esa O‘zbekistonning pozitsiyasi qat’iy ekani ta’kidlandi.

«Biz uchun xalqaro huquq manfaatga qarab o‘zgaradigan vosita emas. U barcha davlatlar uchun umumiy qoida. Qoida umumiy bo‘lmasa, adolat ham umumiy bo‘lmaydi», — dedi Saida Mirziyoeva.

Markaziy Osiyoda va Afg‘oniston

Nutqning bir qismini Markaziy Osiyodagi davlatlar o‘rtasidagi munosabatlarga bag‘ishlandi. Saida Mirziyoeva yaqin vaqtgacha mintaqa hal etilmagan chegaralar, suv resurslarini boshqarish bilan bog‘liq masalalar va boshqa ziddiyatlar fonida tilga olinganini qayd etdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston prezidenti SHavkat Mirziyoevning tashabbuslari va Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining siyosiy irodasi natijasida mintaqadagi muhit o‘zgargan.

«Biz bir-birimizga raqib emas, sherik sifatida qaray boshladik», — dedi Saida Mirziyoeva.

Afg‘oniston masalasida O‘zbekistonning yondashuvi ham nutqda alohida qayd etildi. Saida Mirziyoeva Afg‘onistonga faqat xavf manbai sifatida qarash muammoni hal qilmasligini, afg‘on xalqini muammolari bilan yolg‘iz qoldirish ham echim emasligini aytdi.

«Ularga tinch hayotga erishish uchun umid, ishonch berilishi kerak», — dedi PA rahbari.

«Bola — davlatning eng katta mas’uliyati»

Saida Mirziyoeva bolalar masalasini O‘zbekiston islohotlarining asosiy yo‘nalishlaridan biri sifatida ko‘rsatdi.

«Bola — davlatning eng katta mas’uliyati. Bola sog‘lom tug‘ilmasa, sifatli ta’lim ololmasa, biz bir insonning emas, butun jamiyatning kelajagi xavf ostiga qo‘ygan bo‘lamiz», — dedi Mirziyoeva.

Uning ta’kidlashicha, bola sog‘lom tug‘ilmasa yoki sifatli ta’lim ololmasa, bu faqat bir insonning emas, balki butun jamiyat kelajagining xavf ostida qolishiga olib keladi.

BMT Aholishunoslik jamg‘armasi bilan demografik barqarorlik va inson kapitali masalalariga bag‘ishlangan yuqori darajadagi muloqot o‘tkazilishi, oktyabr oyida esa Samarqandda xalqaro hamjamiyatni bolalar farovonligi va salomatligi masalasi atrofida birlashtirish rejalashtirilgani ham aytildi.

Orolbo‘yi ekologik echimlar sinovdan o‘tadigan hudud sifatida ko‘rilmoqda

Nutqning yana bir qismi Orol dengizi fojiasi va ekologik muammolarga bag‘ishlandi. Saida Mirziyoeva Orolning qurishini tabiiy ofat bilan izohlab bo‘lmasligini, buning ortida o‘nlab yillar davomida qabul qilingan noto‘g‘ri qarorlar va tabiatga adolatsiz munosabat oqibatlari turganini ta’kidladi.

O‘zbekistonda qurigan dengiz tubida yashil hududlar barpo etilayotgani, suv tejovchi texnologiyalar keng joriy qilinayotgani qayd etildi.

SHuningdek, 2030 yilgacha qayta tiklanuvchi energiya ulushini 54 foizga etkazish maqsadi borligi ma’lum qilindi.

«Biz Orolbo‘yi faqat ekologik fojia ramzi bo‘lib qolishini istamaymiz. U ekologik echimlar sinovdan o‘tadigan hududga aylanishi kerak», — dedi PA rahbari.

Saida Mirziyoeva O‘zbekiston tashabbusi bilan BMT Bosh Assambleyasi 2027−2036 yillarni o‘rmonzorlashtirish va o‘rmonlarni qayta tiklash bo‘yicha harakatlar o‘n yilligi deb e’lon qilganini eslatib, endi ushbu qarorni amaliy ishlar bilan to‘ldirish vaqti kelganini aytdi.

Sun’iy intellekt

Nutqda zamonaviy texnologiyalar, xususan, sun’iy intellektning jadal rivojlanishi bilan bog‘liq masalalarga ham alohida o‘rin berildi.

Saida Mirziyoeva bugun insoniyat yana bir «ulkan inqilobiy o‘zgarish» qarshisida turganini aytib, sun’iy intellekt bilan bog‘liq asosiy savolni o‘rtaga tashladi.

«Texnologiya insonga xizmat qiladimi yoki inson texnologiyaga moslashishga majbur bo‘ladimi? Biroq, tamoyil aniq bo‘lishi kerak. Texnologik taraqqiyotning markazida inson va uning taqdiri turishi shart», — dedi Mirziyoeva.

U texnologik taraqqiyot markazida inson va uning taqdiri turishi kerakligini ta’kidladi.

Nutqda sun’iy intellekt va raqamli transformatsiya inson huquqlari, xavfsizlik, teng imkoniyat va javobgarlik bilan chambarchas bog‘liq bo‘lishi kerakligi qayd etildi.

«Texnologik taraqqiyot insonni qaram qilishga emas, aksincha, hayotini yaxshilashga xizmat qilishi kerak», — dedi Saida Mirziyoeva.

O‘zbekiston bu borada xalqaro muloqotni kuchaytirish tarafdori ekani bildirildi.

«Hokimiyat qonundan ustun emas»

Inson huquqlari va qonun ustuvorligi masalasiga to‘xtalar ekan, Saida Mirziyoeva O‘zbekistondagi huquqiy islohotlarni sanab o‘tdi.

«Hokimiyat qonundan ustun emas. Sudga murojaat qilgan har bir inson, kimligidan qat’iy nazar, adolat qaror topishiga ishonishi shart», — dedi Saida Mirziyoeva.

U sudga murojaat qilgan har bir inson, kim bo‘lishidan qat’i nazar, adolat qaror topishiga ishonishi kerakligini ta’kidladi.

SHuningdek, Toshkent xalqaro moliya markazida ingliz huquqi tamoyillariga asoslangan alohida xalqaro tijorat sudi tashkil etilayotgani ma’lum qilindi.

Nutqda bolalar mehnati va tizimli majburiy mehnatga barham berilgani, oiladagi zo‘ravonlik uchun javobgarlik kuchaytirilgani ham qayd etildi.

Ayollar huquqi va imkoniyatlarini kengaytirish masalasida esa tadbirkor ayollarni qo‘llab-quvvatlashning alohida tizimi yaratilgani aytildi. Parlament a’zolarining 39 foizi ayollar tashkil etilishi ma’lum qilindi.

Islom sivilizatsiyasi markazi va dinlararo muloqot

Saida Mirziyoeva Toshkentdagi Islom sivilizatsiyasi markaziga ham to‘xtaldi. U markaz prezident SHavkat Mirziyoev g‘oyasi va tashabbusi bilan barpo etilganini, uni faqat o‘tmishni namoyish qiladigan maskan emas, balki ilm, tafakkur va ma’rifat makoni sifatida ko‘rishlarini bildirdi.

Nutqda ijtimoiy tarmoqlar va sun’iy intellekt orqali nafrat, adovat va stereotiplar tez tarqalayotgan bir sharoitda madaniyatlar va dinlar o‘rtasidagi muloqotni mustahkamlash zarurligi ham ta’kidlandi.

O‘zbekiston ma’rifat va bag‘rikenglikni mustahkamlashga qaratilgan xalqaro hamkorlikni davom ettirishi aytildi.

«Farzandlarimizga hozirgidan ko‘ra yaxshiroq dunyo qoldirishni istaymiz»

Nutq yakunida Saida Mirziyoeva inson qadri ustuvor bo‘lgan dunyo qurish g‘oyasini yana bir bor ilgari surdi.

«Biz hammamiz inson qadri ustuvor bo‘lgan dunyoda yashashni istaymiz. Biz farzandlarimizga hozirgidan ko‘ra yaxshiroq dunyo qoldirishni istaymiz. Inson qadri yuksak bo‘lgan dunyo», — dedi u.

Uning ta’kidlashicha, kelajak davlatlarni ular ega bo‘lgan imkoniyatlar emas, balki bu imkoniyatlardan qanday foydalangani bilan baholaydi.

«O‘zbekiston xalqi va prezidenti tinchlik, birdamlik, ishonch va inson qadri ustuvor bo‘lgan dunyo barpo etilishiga o‘z hissasini qo‘shishiga tayyor», — deya nutqini yakunladi Saida Mirziyoeva.

gazeta.uz


Sarlavxa :
Ijtimoiy–siyosiy

24 09 2026 / 11:56