Loading...
Ўзбекча Русский Ўзб Рус

Mahalla soliqchilari tushum yoki ish o‘rni kamaygan korxonalarga yordam beradi



Ulashing :


Endi korxonada daromad yoki ish o‘rni kamaysa, mahalla soliq inspektori borib, sabablarini o‘rganadi. Hokim yordamchisi va bankir bilan birgalikda u soliqlarni kechiktirish, kredit muddatini uzaytirish, aylanma mablag‘, bozor yoki eksport bo‘yicha yordam taklif qiladi.

O‘zbekiston soliq organlari tadbirkorlarga faoliyatini kengaytirish va ish o‘rinlarini saqlab qolishda faolroq yordam berishi kerak. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev 24-sentabr kuni Andijondagi yig‘ilishda ma’lum qildi.

Yig‘ilishda viloyatdagi bir qator korxonalarda aylanma mablag‘lar va ish o‘rinlari soni kamaygani, ba’zi tadbirkorlar esa o‘z faoliyatini to‘xtatgani qayd etildi.

Prezident mahallalarda ishlayotgan soliq inspektorlari bunday holatlarning sabablarini o‘rganishi va yechim topishda ishtirok etishi shartligini ko‘rsatib o‘tdi.

Endilikda korxonada daromadlar yoki ish o‘rinlari soni kamayganda, o‘sha korxonaga mahalla soliqchisi boradi. U muammoni o‘rganib, hokim yordamchisi va mahalla bankiri bilan birgalikda tuman shtabi uchun takliflar tayyorlashi kerak.

Ko‘rilishi mumkin bo‘lgan choralar qatorida soliq to‘lovlarini kechiktirish, kredit muddatini uzaytirish, aylanma mablag‘lar ajratish, sotuv bozorlarini topish va eksportga chiqishga ko‘maklashish kabilar aytib o‘tildi.

Bunda har bir biznesning xususiyati va uning foydaga kirishi uchun zarur bo‘lgan muddat hisobga olinishi ko‘zda tutilmoqda.

Bundan tashqari, yoshlar bandligi mahalla soliq inspektorlari faoliyati samaradorligini va ularga haq to‘lashni baholash mezonlaridan biriga aylanadi.

Mahalla soliq inspektorlari instituti 2024-yildan beri rivojlanib kelmoqda. O‘shanda Soliq qo‘mitasi soliq organlari nafaqat nazorat qiluvchi organ, balki “tadbirkorlarning ko‘makchisi”ga aylanishi uchun ularning ish yondashuvini o‘zgartirish niyatida ekanini ma’lum qilgan edi. 2026-yilda esa hokimiyat organlari hokim yordamchilari, bankirlar va soliqchilarni o‘z ichiga olgan butun “mahalla yettiligi” faoliyatini qayta tashkil etishni boshladi.

gazeta.uz


Sarlavxa :
Iqtisodiyot

24 09 2026 / 16:16