Loading...
Ўзбекча Русский Ўзб Рус

O‘zbekistonda 500 mln so‘mgacha loyihalarni kreditlashda biznes-reja talab etilmaydi



Ulashing :


Davlat banklariga biznesga kredit ajratishda yondashuvni o‘zgartirib, faqat garov emas, real pul oqimi, buyurtmalar, tovar aylanmasini ham hisobga olish topshirildi. 500 mln so‘mgacha loyihalarga biznes-reja talab qilinmaydi, yirik buyurtmachi bilan uzoq muddatli shartnoma kredit garovi sifatida qabul qilinadi.

O‘zbekiston davlat banklari kredit ajratishda an’anaviy garov talabidan voz kechib, biznesning real pul oqimini baholash tizimiga o‘tishi kerak. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev 24-sentabr kuni Andijondagi yig‘ilishda ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, yil boshidan garov yoki kafil topa olmagan 35 ming kishiga kredit berilmagan. Davlat rahbari banklar an’anaviy garov va bir xil standart shartlar bilan cheklanib qolmasligi kerakligini ta’kidladi.

Endi real pul oqimi, buyurtma va shartnomalar, debitorlik qarzi, tovar aylanmasi hamda biznes zanjiriga asoslangan kompleks moliyaviy mahsulotlar keng joriy qilinadi.

Xususan, kichik tadbirkorlarning lider korxona yoki yirik buyurtmachi bilan uzoq muddatli shartnomasi kredit garovi sifatida qabul qilinadi.

500 million so‘mgacha loyihalarni kreditlashda biznes-reja talab etilmaydi. Kredit garovga emas, pul oqimiga qarab ajratiladi.

Eksportbop mahsulot uchun xomashyo sotib olish kreditlarida esa sug‘urta polisining o‘zi garov sifatida yetarli bo‘ladi.

To‘qqizta davlat bankiga bir oyda biznesni o‘stirishga ko‘maklashadigan 20 ta yangi bank mahsulotini taklif etish vazifasi qo‘yildi. Mahalla bankirlari yangi xizmatlarni aholi va tadbirkorlarga tushuntirib boradi.

Avgust oyida prezident tadbirkorni birinchi qadamidan katta biznesga aylangunicha boshidan oxirigacha qo‘llab-quvvatlaydigan kompleks tizim yaratish zarurligini ta’kidlagan edi. O‘shanda “Biznes start”, “Biznes lift” va “Biznes yuksalish” dasturlari, shuningdek, 10 mlrd so‘mgacha bo‘lgan kreditlar bo‘yicha garov talablarini kamaytirishga qaratilgan “kontr-kafolat” tizimi e’lon qilingan edi.

gazeta.uz


Sarlavxa :
Iqtisodiyot

25 09 2026 / 12:08