1-oktabrdan tadbirkorlar uchun
moliyaviy jarimalarni ixtiyoriy to‘lashni rag‘batlantiruvchi yagona
tartib joriy etiladi. Unga ko‘ra, tadbirkor bir
oy ichida jarimaning 50 foizini to‘lasa, qolgan qismidan ozod etiladi.
Shuningdek, jarimani 6
oy davomida teng miqdorlarda bo‘lib to‘lash imkoniyati beriladi.
Jarima qo‘llash haqidagi qaror
sud tomonidan bekor qilinsa yoki haqiqiy emas deb topilsa, undirilgan
mablag‘lar 15 kun ichida qaytariladi. Agar bu muddat buzilsa,
kechiktirilgan har bir kun uchun Markaziy bank asosiy stavkasining 1/300 qismi
miqdorida foiz to‘lanadi.
1-oktabrdan O‘zbekistonda
istiqbolli uy-joy qurish loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha manzilli
ro‘yxat — “Yer banki”ga kiritilgan yer uchastkalari qurilishga
tayyor holda ochiq elektron onlayn auksionlarga chiqariladi.
Bunda yer uchastkalari
bosh reja konsepsiyasi va qurish loyihalariga muvofiqlashtirilib, hududiy
arxitektura-shaharsozlik kengashi bilan kelishilgan, qurilishga ruxsatnoma
va zarur loyiha hujjatlari tayyorlangan holda auksionga qo‘yiladi. Yerlar,
qoida tariqasida, yirik bo‘lmagan lotlarga ajratiladi.
“Yer banki”ga tuman
va shahar hokimliklari tasarrufidagi bo‘sh yerlar, xususiylashtiriladigan
davlat mulki obyektlari joylashgan uchastkalar, renovatsiya hududlari hamda
qonunchilikda belgilangan tartibda toifasi o‘zgartiriladigan ayrim qishloq
xo‘jaligi yerlari kiritiladi.
1-oktabrdan jismoniy
va yuridik shaxslar Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (YAIDXP)
orqali o‘ziga tegishli ko‘chmas mulk va avtomototransport vositalarini
garovga yoki ipotekaga qo‘yishga, shuningdek, ularni begonalashtirishga taqiq
qo‘yishi yoki taqiqni bekor qilishi mumkin bo‘ladi.
Jismoniy shaxslar uchun taqiq
qo‘yish Face ID orqali identifikatsiyadan o‘tgandan keyin amalga
oshiriladi. Yuridik shaxslar esa muassislar, ishtirokchilar yoki aksiyadorlar
umumiy yig‘ilishining elektron raqamli imzo bilan tasdiqlangan qarorini taqdim
etishi kerak.
1-oktabrdan Yagona interaktiv
davlat xizmatlari portalida (YAIDXP) fuqarolar o‘z nomiga rasmiylashtirilgan
barcha telefon raqamlari va bank kartalari haqida ma’lumotni ko‘rishi mumkin bo‘ladi.
Shuningdek, fuqarolar portal
orqali telefon raqamini muayyan muddatga nofaol holatga o‘tkazish yoki qayta
faollashtirish, foydalanilmayotgan raqamga xizmat ko‘rsatishni to‘xtatish
va unga ulangan pullik xizmatlar haqida ma’lumot olish imkoniga ega bo‘ladi.
Bank kartalari bo‘yicha esa
portal orqali kartani chiqargan bankka uni bloklash yoki yopish haqida elektron
ariza yuborish mumkin bo‘ladi.
1-oktabrdan davlat
organlarining axborot tizimlarida fuqarolarning shaxsiy ma’lumotlarini
avtomatik yangilash tartibi kuchga kiradi.
Fuqarolarning familiyasi,
ismi, otasining ismi, tug‘ilgan sanasi va boshqa shaxsiy ma’lumotlari
o‘zgargan taqdirda, davlat idoralari bu haqdagi ma’lumotlarni idoralararo
elektron hamkorlik tizimi orqali oladi va o‘z elektron bazalarini mustaqil
ravishda yangilaydi.
Shuningdek, shaxsni
tasdiqlovchi hujjatlar Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (YAIDXP)
orqali olinadigan shaxsiy ma’lumotlar o‘zgargani haqidagi elektron ma’lumotnoma
asosida qayta rasmiylashtiriladi.
1-oktabrdan elektrotexnika
korxonalariga “Savdoni rivojlantirish kompaniyasi” mablag‘lari hisobidan 2
yilgacha muddatga, 3 oylik imtiyozli davr bilan yillik 6 foiz stavkada
kredit ajratiladi. Bir tadbirkor uchun kredit
miqdori 5 mln dollardan oshmaydi.
Kreditning 50 foiziga, biroq
20 mlrd so‘m ekvivalentidan oshmagan miqdorda “Biznesni kafolatlash milliy
kompaniyasi” kafillik beradi. Qolgan qismi likvidli mol-mulk, sug‘urta polisi,
eksport shartnomasi yoki boshqa ta’minot bilan qoplanadi.
Shuningdek,
“O‘zsanoateksport”ga korxonalarning mis xomashyosi xaridini moliyalashtirish
uchun 40 mln dollar ajratiladi. Birja savdolarida korxona to‘lovning 25
foizini, “O‘zsanoateksport” esa qolgan 75 foizini to‘laydi. Korxona ushbu
mablag‘ni 90 kun ichida qaytarishi kerak.
Andijon viloyatida xususiy
kompaniyalarga suyultirilgan gazni to‘g‘ridan-to‘g‘ri import qilib, aholiga
maishiy ballonlarda erkin narxlarda sotishga ruxsat beriladi.
Tajriba “Hududgazta’minot”
huzurida aholini suyultirilgan gaz bilan ta’minlash bo‘yicha maxsus operator
sifatida tashkil etiladigan LPG-Trade kompaniyasi tizimi bilan parallel
ravishda amal qiladi.
Loyihada kamida ikkita xususiy
operator ishtirok etishi kerak. Ular gazni tashish, qabul qilish, saqlash
va tarqatish uchun o‘z yoki ijaraga olingan quvvatlarga, zarur litsenziya
va ruxsatnomalarga ega bo‘lishi, shuningdek, o‘qitilgan xodimlar bilan
ta’minlanishi lozim.
Xususiy operatorlarga gaz
ballonlarini saqlash va sotish shoxobchalarini tashkil etishga ham ruxsat
beriladi. Keyinchalik tajriba natijalariga ko‘ra, ushbu modelni boshqa
hududlarga ham bosqichma-bosqich joriy etish mumkin bo‘ladi.
1-oktabrdan soliq organlarida
xavf darajasi past bo‘lgan va QQS guvohnomasi faol bo‘lgan tashqi iqtisodiy
faoliyat ishtirokchilariga import qilinadigan tovarlar uchun to‘lanadigan
qo‘shilgan qiymat solig‘i summalarini o‘zaro hisobga olish imkoniyati yaratiladi.
Shu sanadan
eksportda nazorat jarayonlarini raqamlashtirish va takomillashtirish
hisobiga bojxona rasmiylashtiruvi, fitosanitariya sertifikati, fumigatsiya
hamda tovarning kelib chiqish sertifikati uchun yig‘im va to‘lovlar miqdori 30
foizga kamaytiriladi.
1-oktabrdan
Buxoroning tarixiy qismida yo‘lovchi tashishga mo‘ljallanmagan ayrim transport
vositalari harakati cheklanadi. Cheklov Ark qo‘rg‘onidan
Poyi Kalon ansambli va Haqiqat ko‘chasi orqali Labi Hovuzgacha bo‘lgan hududga
taalluqli.
Hududda elektroskuter,
riksha, moped, to‘rt g‘ildirakli velosiped, elektrosamokat, karting
va boshqa shunga o‘xshash transport vositalari, shuningdek,
ot va tuyada harakatlanish cheklanadi. Hokimlik
bu chorani sayyohlar va piyodalar xavfsizligini ta’minlash, tartibsiz
harakatlanish hamda jarohatlanishlarning oldini olish zarurati bilan izohlagan.
Mazkur transport vositalarida
xizmat ko‘rsatuvchi o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar uchun muqobil hududlar
belgilanadi. Ular Yangi O‘zbekiston bog‘i yoki “Boqiy Buxoro” bog‘ida xizmat
ko‘rsatishi mumkin.
1-oktabrdan boshlab davlat
budjeti hisobidan teatr, kino va konsert tadbirlariga bepul
vaucherlar beriladi.
Ularni har yili 500 ming nafar o‘qituvchilar,
shifokorlar, davlat xizmatchilari, faol o‘quvchi va talabalar, shuningdek,
Ijtimoiy reyestrga kiritilgan 100 mingta oilaning har biridan bir nafardan bola
hamda nogironligi bo‘lgan bolalar olishlari mumkin bo‘ladi.
Vaucher qiymati bo‘yicha
mablag‘lar vaucher oluvchilarning nomiga ochiladigan ijtimoiy karta orqali
taqdim etiladi.
1-oktabrdan suv tejovchi
texnologiyalarni joriy etishda yangi talablar kuchga kiradi. Ta’minotchi korxonalar
va mahalliy ishlab chiqaruvchilar nasos hamda filtr qurilmalarini QR-kodli
maxsus yorliq bilan ishlab chiqarishi va ularga GPS-treker o‘rnatishi
kerak bo‘ladi.
Shu sanadan suv tejovchi
texnologiyalarni o‘rnatish ishlari tasdiqlangan minimal talab va me’yorlar
asosida amalga oshiriladi.
Texnologiyalarni bank krediti
jalb qilmasdan, o‘z mablag‘i hisobidan joriy etuvchilarga subsidiya ajratish
tartibi ham o‘zgaradi. Bunda loyiha-smeta hujjatlari va ta’minotchi bilan
tuzilgan shartnoma asosida hisoblangan subsidiyaning 50 foizi oldindan
to‘lanadi. Qolgan 50 foiz texnologiyalar o‘rnatilib, foydalanishga
topshirilgandan keyin beriladi.
Agar subsidiyaning birinchi 50 foizi to‘langanidan keyin ikki oy ichida texnologiyalar o‘rnatilib, ishga tushirilmasa, ajratilgan mablag‘ qaytariladi.
gazeta.uz
Sarlavxa :
Ijtimoiy–siyosiy
30 09 2026 / 9:26