Transport
vazirligi, YeI, xalqaro moliya institutlari va xususiy sektor
O‘zbekistonning Transkaspiy koridorini rivojlantirish loyihalarini muhokama
qildi. Ular temir yo‘l va avtomobil yo‘llarini rivojlantirish, logistika
markazlarini qurish hamda raqamli transport tizimlarini yaratishni o‘z ichiga
oladi.
2024-yilda Transkaspiy xalqaro transport yo‘lagini rivojlantirish uchun
jalb qilinishi e’lon qilingan 10 milliard dollardan 2,5 milliardi Markaziy
Osiyo infratuzilmasiga sarflangan yoki aniq loyihalar doirasida
ajratilishi tasdiqlangan.
Bu haqda Yevropa komissiyasining
Xalqaro hamkorlik bosh direktoratiyasi Osiyo va Tinch okeani mintaqasi
bo‘yicha direktori Peteris Ustubs ma’lum qildi. U O‘zbekiston transport vaziri
Ilhom Mahkamov bilan birga 30-sentabr kuni Toshkentda Transkaspiy transport
koridori bo‘yicha ikkinchi milliy konferensiyaga raislik qildi.
Peteris Ustubsning aytishicha, e’lon qilingan moliyalashtirishning qolgan
qismi hali loyihalarga yo‘naltirilishi kerak.
“Moliyaviy imkoniyatlar bor.
Biz hali ularning chegarasiga yetganimiz yo‘q, kelgusida o‘sish uchun imkoniyatlar,
albatta, mavjud”, — dedi u.
10 milliard dollarlik dastlabki majburiyatlar 2024-yilda Bryusselda
o‘tkazilgan investitsiya forumida e’lon qilingan. 2025-yil noyabrida Toshkentda
bo‘lib o‘tgan keyingi forumda tomonlar ishlarning borishini baholab, aniq
loyihalarni muhokama qilgan. Endi, Ustubsning so‘zlariga ko‘ra, e’lon qilingan
mablag‘larni infratuzilmani qurish va modernizatsiya qilishga yo‘naltirish
muhim.
“Biz O‘zbekistonning ustuvor
ehtiyojlarini yaxshiroq tushunishni, asosiy to‘siqlarni aniqlashni istaymiz.
Agar ularning ayrimlarini bartaraf eta olsak, bu yanada yaxshi bo‘ladi.
Shuningdek, Yevropa Ittifoqi, „Team Europe“ va xalqaro moliya institutlari
moliyalashtirish, investitsiya va texnik ko‘makni jalb qilishda qanday
yordam berishi mumkinligini muhokama qilmoqchimiz”, — dedi Yevropa
komissiyasi vakili.
U O‘zbekiston bilan temir yo‘l va avtomobil yo‘llarini modernizatsiya
qilish hamda qurish, logistika markazlarini rivojlantirish va mintaqa
davlatlarining tizimlari bilan o‘zaro mos raqamli transport tizimini yaratish
yo‘nalishlarida ish olib borilayotganini ta’kidladi. Shuningdek,
koridordagi mamlakatlar o‘rtasidagi chegara o‘tkazish punktlarini
takomillashtirish bo‘yicha ham alohida ishlash kerakligini qo‘shimcha qildi.
Peteris Ustubsning aytishicha, yo‘lak muvaffaqiyatli ishlashi uchun
infratuzilmani qurishning o‘zi kifoya qilmaydi: chegaradagi rasmiylashtiruv
jarayonlarini tezlashtirish, davlatlar o‘rtasidagi muvofiqlashuvni kuchaytirish
va tashuvchilar uchun barqaror shart-sharoit yaratish zarur.
“Kelgusida koridor uchun asosiy to‘siq, ehtimol, uning samarali ishlashi
bo‘ladi”, — dedi u. Transkaspiy koridori bo‘yicha muvofiqlashtiruv
platformasining maqsadi — Yevropa va Osiyo o‘rtasidagi
yuk tashish muddatini 15 kundan oshirmaslik.
O‘zbekiston transport vaziri Ilhom Mahkamov mamlakatning ushbu koridorga
qiziqishini tovarlarni yetkazib berish xarajatlari yuqoriligi bilan izohladi.
“Transport xarajatlari mahsulotimiz tannarxining salmoqli qismini tashkil
etadi. Shuning uchun transport va logistikani rivojlantirish prezident
xalqaro tashriflar va muzokaralar davomida doim ko‘taradigan masalalardan
biridir”, — dedi u jurnalistlarga.
Ilhom Mahkamovning qo‘shimcha
qilishicha, O‘zbekiston O‘rta koridorni rivojlantirish bo‘yicha yirik strategik
loyihalarni nafaqat mamlakat ichida, balki mintaqaviy miqyosda ham amalga
oshirmoqda.
“Ayni paytda Gruziya portida
O‘zbekistonning o‘z terminalini qurish loyihasi faol ishlab chiqilmoqda. Bundan
tashqari, Kaspiy dengizida o‘tkazish quvvatini oshirish uchun Ozarbayjonlik
hamkorlar bilan qo‘shma korxona tashkil etish, yangi paromlar sotib olish va
qatnovlar sonini ko‘paytirish loyihalarini amalga oshiryapmiz. Shu bilan
birga, yo‘nalishning iqtisodiy jozibadorligini oshirish maqsadida CASCA+
multimodal yo‘nalishi doirasida temir yo‘l tashuvlariga 70 foiz chegirma joriy
etildi. Bu yuk tashuvchilar va biznes uchun juda katta
imkoniyat”, — dedi transport vaziri.
Konferensiyada hukumat, xalqaro moliya institutlari va biznes
vakillari temir va avtomobil yo‘llariga investitsiya kiritish, logistika
markazlarini rivojlantirish, transport va savdo hujjatlarini
raqamlashtirish masalalarini muhokama qildi. Alohida sessiyada xususiy
kompaniyalarning takliflari va koridor orqali yuk tashishda duch
kelayotgan to‘siqlari ko‘rib chiqildi.
Sarlavxa :
Iqtisodiyot
02 10 2026 / 12:15