1−3-oktabr kunlari Ostonada o‘tgan AI & Digital Bridge 2026 forumi
doirasida IT Park Uzbekistan, Astana Hub va Eurasia Growth Hub
startaplarni xorijiy bozorlarga chiqarish bo‘yicha memorandum imzoladi.
AI & Digital Bridge 2026 xalqaro
texnologik forumi 1−3-oktabr kunlari Ostonada bo‘lib o‘tdi. Unda Qozog‘iston
va xorijiy mamlakatlardan 150 dan ortiq spiker, texnologik kompaniyalar
vakillari, investorlar va startaplar ishtirok etdi. Forum natijalaridan
biri IT Park Uzbekistan, Astana Hub va Eurasia Growth Hub o‘rtasida
O‘zbekiston hamda Qozog‘iston kompaniyalarining xorijiy bozorlarga chiqishini
qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha kelishuv bo‘ldi.
AI & Digital Bridge Qozog‘istondagi Raqamlashtirish va sun’iy
intellekt yili doirasida tashkil etilgan AI Month — sun’iy intellekt,
raqamli texnologiyalar va tadbirkorlik sohalaridagi tadbirlar oyligining
asosiy xalqaro tadbiri bo‘ldi.
Forum ishtirokchilari sun’iy intellekt, hisoblash infratuzilmasi
va robototexnikani rivojlantirish, investitsiyalarni jalb qilish hamda
mutaxassislar tayyorlash masalalarini muhokama qildi. Yalpi majlisda General
Atlantic rahbari Uilyam Ford, NVIDIA vitse-prezidenti Rev Lebaredyan, Network
School asoschisi Balaji Srinivasan hamda OneWeb va E-Space asoschisi Greg
Uayler so‘zga chiqdi.
1-oktabr kuni forumda nutq so‘zlagan Qozog‘iston prezidenti Qasim-Jomart
Toqayev sun’iy intellekt sanoat, moliya, ta’lim, fan va davlat
boshqaruvini o‘zgartirayotganini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, texnologiyalarni
rivojlantirish iqtisodiyotning real ehtiyojlariga tayanishi va innovatsion
kompaniyalarni qo‘llab-quvvatlash bilan birga olib borilishi kerak.
Toqayev sanoat sohasida sun’iy intellekt yordamida hal etilishi lozim bo‘lgan vazifalar ro‘yxatini shakllantirish va uning asosida Qozog‘iston hamda xorijiy jamoalar ishtirokida AI Challenge tanlovini yo‘lga qo‘yishni taklif qildi. Samaradorligini isbotlagan eng yaxshi yechimlarni ishlab chiqarishga joriy etish rejalashtirilmoqda.
Prezident olimlar, muhandislar va tadbirkorlarni tayyorlash,
shuningdek, xalqaro hamkorlik masalalariga alohida e’tibor qaratdi.
“Hech bir mamlakat sun’iy
intellekt salohiyatini yolg‘iz o‘zi to‘liq ro‘yobga chiqara olmaydi”, —
dedi Toqayev bilim almashish, qo‘shma tadqiqotlar, investitsiyalar
va iste’dodlarni qo‘llab-quvvatlash zarurligini qayd etib.
O‘zbekiston uchun forumning amaliy natijalaridan biri IT Park
Uzbekistan, Astana Hub va Eurasia Growth Hub o‘rtasida memorandum
imzolanishi bo‘ldi. Hujjat ikki mamlakat texnologik kompaniyalarini xorijiy
buyurtmachilar, investorlar va biznes hamkorlar topishda
qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan.
Memorandumni IT Park Uzbekistan bosh direktori Azamat Karamatov,
Astana Hub bosh direktori Magjan Madiyev va Eurasia Growth Hub bosh
ijrochi direktori Muzaffar Karabayev imzoladi.
Hamkorlik yo‘nalishlaridan biri
Eurasia Growth Hub orqali O‘zbekiston va Qozog‘iston startaplariga Buyuk
Britaniya hamda boshqa mamlakatlar bozorlariga chiqishda ko‘maklashish bo‘ladi.
Hamkorlar soft landing — yangi bozorga moslashishni yengillashtiruvchi mexanizmlarni
yaratish imkoniyatlarini ko‘rib chiqadi. Bu bozorni
o‘rganish, biznesni rivojlantirish va operatsion masalalarni hal qilishda
yordam berishni o‘z ichiga oladi.
Tomonlar qo‘shma forumlar, vebinarlar, biznes missiyalar va B2B
uchrashuvlarini o‘tkazishni ham rejalashtirmoqda. Ushbu tadbirlar
kompaniyalarga potensial mijozlar, strategik hamkorlar, investorlar
va akseleratorlar bilan aloqa o‘rnatishda yordam beradi.
“Ushbu hamkorlik startaplar
uchun hamkorlar va mijozlarni topishdan tortib investitsiyalarni jalb
qilishgacha bo‘lgan yangi amaliy imkoniyatlarga yo‘l ochadi”, — ta’kidladi
Azamat Karamatov.
Memorandum sun’iy intellekt hamda tadqiqot va ishlanmalar sohasidagi
qo‘shma tashabbuslarni ham nazarda tutadi. Ular bilim almashish, sinov
loyihalari, mentorlik dasturlari hamda biznesning ilmiy va ta’lim tashkilotlari
bilan hamkorligini qamrab oladi. O‘zbekiston texnologik jamoalari uchun ushbu
hamkorlik biznes aloqalarini kengaytirish va mahsulotlarini xalqaro
bozorlarga olib chiqishni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan.
газета.уз
Sarlavxa :
Ijtimoiy–siyosiy
05 10 2026 / 15:29