O‘zbekistonda yil boshidan buyon beshta yangi gaz koni
ochildi. Bu haqda neft-gaz sanoati loyihalarining Shavkat Mirziyoyevga
taqdimoti chog‘ida ma’lum qilindi, deb xabar bermoqda prezident matbuot xizmati.
Hududlarda 80 ta quduq qazildi. Ularning
ayrimlari 6 ming metr va undan ortiq chuqurlikka ega. Xabarda
aytilishicha, to‘rtinchi chorakda yana 40 ta quduq qazish rejalashtirilgan.
Gaz zaxiralarini ko‘paytirish maqsadida geologik
qidiruv ishlari kengaytirilmoqda. Jumladan, 2026-yilda 3D seysmik razvedka
ishlarining hajmini o‘tgan yilga nisbatan besh barobar oshirish
rejalashtirilgan.
Taqdimotda istiqbolli maydonlarni, ayniqsa,
Ustyurtdagi chuqur qatlamlarni o‘rganish, yangi konlarni o‘zlashtirish
va amaldagi quduqlar samaradorligini oshirish rejalari ham ko‘rib
chiqildi.
Xabarda aytilishicha, Ustyurtda xorijiy
hamkorlar bilan yangi quduqlar burg‘ilash, geofizik ma’lumotlarni qayta tahlil
qilish va gaz qazib olish samaradorligini oshirish loyihalari amalga
oshirilmoqda.
Gaz tashish tizimining o‘tkazuvchanlik
quvvatini oshirish uchun magistral gaz quvurlarini qurish va kompressor
stansiyalarini modernizatsiya qilish loyihalari ham muhokama qilindi.
Taqdim etilgan baholarga ko‘ra, ayrim
stansiyalarda zamonaviy elektrodvigatellarni qo‘llashni ham o‘z ichiga olgan
ushbu loyihalar gaz ta’minoti barqarorligini oshirish va yiliga 125
million kub metrgacha tabiiy gazni tejash imkonini beradi. Taqdimotda
loyihalarni moliyalashtirish manbalari bo‘yicha takliflar ham muhokama qilindi.
Bundan tashqari, tadbirda “O‘zbekneftgaz”
va uning yirik korxonalarining joriy yil to‘qqiz oyidagi jami sof foydasi
o‘tgan yilning shu davriga nisbatan oshgani ma’lum qilindi.
“Kredit portfelini maqbullashtirish natijasida
qarzdorlik kamaygan, yuqori foizli kreditlar shartlarini qayta ko‘rib chiqish
orqali foiz xarajatlarini tejashga erishilgan”, — deyiladi xabarda. Aniq
ko‘rsatkichlar keltirilmagan.
Avvalroq Gazeta birinchi yarim yillik
yakunlariga ko‘ra, “O‘zbekneftgaz” qimmat kreditlarni qayta moliyalashtirish
va muddatidan oldin so‘ndirish orqali foiz to‘lovlaridan 219 milliard so‘m
tejaganini xabar qilgandi. Kompaniya, shuningdek,
debitorlik qarzini 1,2 trillion so‘mga qisqartirgani va xarajatlari
rejadagidan 1 trillion so‘m kam bo‘lgani haqida ma’lumot bergan.
2025-yil aprelida “O‘zbekneftgaz” 850 million
dollarlik besh yillik yevroobligatsiyalarni joylashtirgan. Ularning yillik
daromadliligi 8,75 foizni tashkil etgan. Bu 2021-yildagi ilk
joylashtiruvda qayd etilgan 4,75 foizdan yuqori. S&P Global bahosiga ko‘ra,
jalb qilingan mablag‘larning asosiy qismini avval olingan qarzlarni
so‘ndirishga, shuningdek, aylanma mablag‘ va investitsiyalarga
yo‘naltirish rejalashtirilgan.
Sarlavxa :
Iqtisodiyot
06 10 2026 / 10:04