Pokistonning
WaterCon kompaniyasi Jizzax viloyatining Yangiobod tumanida 500 gektar maydonda
zaytun plantatsiyasi tashkil etish bo‘yicha investitsiya loyihasini amalga
oshirishni rejalashtirmoqda. Bu borada kompaniya va Jizzax viloyati
hokimligi o‘rtasida o‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi, deb xabar bermoqda O‘zbekistonning
Pokistondagi elchixonasi.
Elchixona tashabbusi bilan
WaterCon kompaniyasi delegatsiyasining O‘zbekistonga biznes-missiyasi tashkil
etildi. Tashrifdan maqsad kompaniya ishtirokida O‘zbekistonda qo‘shma
loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlarini o‘rganish va hududlardagi
istiqbolli loyihalarga xorijiy investitsiyalarni jalb qilish masalalarini
muhokama qilishdan iborat bo‘ldi.
Delegatsiya tashrif davomida
Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi, Qishloq xo‘jaligi vazirligi
hamda Jizzax viloyati hokimligi mutasaddilari bilan uchrashuvlar o‘tkazdi.
Muzokaralarda O‘zbekistonda
zamonaviy agrotexnologiyalarni joriy etish, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini
yetishtirish va qayta ishlash sohalarida investitsiya loyihalarini amalga
oshirish imkoniyatlari muhokama qilindi.
Memorandumga ko‘ra, Yangiobod tumanida 500 gektar
maydonda zaytun plantatsiyasini barpo etish, zaytun mahsulotlarini yetishtirish
va qayta ishlash, shuningdek, tayyor mahsulot ishlab chiqarishga
qaratilgan investitsiya loyihasi amalga oshirilishi rejalashtirilgan.
Qishloq xo‘jaligi vazirligi ma’lum
qilishicha, WaterCon vakillari Yangiobod tumanidagi 500 gektar
maydon bo‘yicha dastlabki texnik baholash natijalarini ko‘rib chiqqan.
Kompaniya hududga mos zaytun navlarini tanlash, zamonaviy sug‘orish texnologiyalarini
joriy etish va qayta ishlash quvvatlarini tashkil etish bo‘yicha takliflar
bergan.
Loyihaning keyingi bosqichlarida zaytunni sanoat
usulida qayta ishlash, tayyor mahsulotlarni qadoqlash hamda yuqori qo‘shilgan
qiymatga ega mahsulotlarni Made in Uzbekistan brendi ostida xorijiy
bozorlarga eksport qilishni yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan.
Keyingi bosqichda loyihaning texnik va tashkiliy
jihatlari chuqur o‘rganilib, yer va suv ta’minoti imkoniyatlari
aniqlashtiriladi hamda investitsiya taklifi ishlab chiqiladi. Shuningdek,
plantatsiya va zarur infratuzilmani barpo etish uchun loyihaoldi ishlarini
tashkil etish va ishchi guruh tuzish belgilangan.
gazeta.uz
Sarlavxa :
Iqtisodiyot
06 10 2026 / 16:09