Loading...
Ўзбекча Русский Ўзб Рус

O‘zbekiston va Rossiya $350 mlnlik 17 ta qo‘shma loyiha haqida kelishib oldi. Wildberries Zangiotada logistika habi quradi



Ulashing :


O‘zbekiston va Rossiya yil oxirigacha kimyo sanoati, agrosanoat mahsulotlarini qayta ishlash va metallga ishlov berish sohalarida $350 mlnlik 17 ta qo‘shma loyihani ishga tushirmoqchi. O‘zbekiston Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi Wildberries bilan A toifali logistika majmuasi qurish bo‘yicha kelishuv tuzdi.

Farg‘onada 6-oktabr kuni O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasida iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo komissiya yig‘ilishi, shuningdek, ikki davlat hududlari kengashining majlisi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zbekistonning investitsiyalarni jalb qilish, sanoatni rivojlantirish va savdoni tartibga solish masalalari bo‘yicha hukumat komissiyasi matbuot xizmati Gazeta`ga xabar berdi.

Yig‘ilishda O‘zbekiston delegatsiyasiga bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xodjayev, Rossiya delegatsiyasiga esa hukumat raisi birinchi o‘rinbosari Denis Manturov rahbarlik qildi.

2026-yilning dastlabki sakkiz oyi yakunlariga ko‘ra, O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi o‘zaro savdo hajmi 10 foizga oshdi. Avvalroq ikki davlat prezidentlari tovar ayirboshlash hajmini 30 mlrd dollarga yetkazishni maqsad qilib belgilagan edi.

Yig‘ilishda ma’lum qilingan rejalarga ko‘ra, 2026-yilda tomonlar kimyo sanoati, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash va metallga ishlov berish sohalarida umumiy qiymati 350 mln dollar bo‘lgan 17 ta qo‘shma loyihani ishga tushirishni rejalashtirmoqda.

Yig‘ilishda energetika sohasidagi hamkorlik, jumladan, Jizzax viloyatida atom elektr stansiyasini qurish loyihasi, kadrlar tayyorlash, shuningdek, uskunalar ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatishni mahalliylashtirish masalalari ham muhokama qilindi.

Uchrashuv yakunlari bo‘yicha hukumatlararo komissiya yig‘ilishi protokoli hamda O‘zbekiston va Rossiyaning 2026−2040-yillarga mo‘ljallangan ilmiy-texnologik rivojlanish strategiyasi imzolandi.

O‘zbekiston va Rossiya hududlari kengashi yig‘ilishida O‘zbekistonning barcha 14 ta hududi Rossiyaning 50 dan ortiq subyekti bilan hamkorlik qilayotgani ta’kidlandi. Hududlararo kooperatsiya portfeliga umumiy qiymati qariyb 6 mlrd dollar bo‘lgan 200 dan ortiq loyiha kirgan.

Yig‘ilish yakunlari bo‘yicha tomonlar to‘rtta hujjat almashdi.

Farg‘ona viloyati hokimligi va Omsk viloyati hukumati sanoat sohasida hamkorlik to‘g‘risida kelishuv tuzdi.

Surxondaryo viloyati va Krasnoyarsk o‘lkasi savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnik, madaniy va gumanitar aloqalarni rivojlantirishga kelishib oldi.

Namangan viloyati va Dog‘iston avval imzolangan savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnik va ijtimoiy-madaniy hamkorlik to‘g‘risidagi kelishuvni amalga oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasini kelishib oldi.

Bundan tashqari, tomonlar O‘zbekiston Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi hamda Rossiyaning Wildberries marketpleysi o‘rtasida investitsiya kelishuvi bilan almashdi. Kelishuv doirasida A toifali logistika majmuasini qurish rejalashtirilgan.

Wildberries & Russ kompaniyasiga tayanib, Spot xabar berishicha, kelishuv Toshkent viloyati Zangiota tumanida ko‘p tarmoqli logistika majmuasini qurishni nazarda tutadi.

Logistika habi poytaxtning Yangixayot tumani bilan chegaradosh “Bog‘zor” mahallasidagi 67,3 gektarlik maydonda joylashadi. Hozir loyihalash ishlari olib borilmoqda, qurilishni oktabr oyi oxirida boshlash rejalashtirilgan.

Marketpleys majmuada kamida 7500 ta ish o‘rni yaratishni rejalashtirmoqda. Yana kamida 2000 kishi ixtisoslashtirilgan ta’lim dasturlari bo‘yicha tayyorgarlikdan o‘tadi.

Kompaniya ma’lum qilishicha, Wildberries ushbu loyiha orqali O‘zbekiston mahsulotlarini xorijiy bozorlarga olib chiqishni rejalashtirmoqda. Kompaniya hab qurilishi “ombor infratuzilmasini kengaytirish va mahalliy ishlab chiqaruvchilarning eksport salohiyatini qo‘llab-quvvatlashda muhim qadam” bo‘lishini kutmoqda.

Hududlar kengashi yig‘ilishida O‘zbekistonning barcha viloyatlari va Rossiyaning 17 ta hududi vakillari, shuningdek, ikki mamlakatdan qariyb 400 nafar tadbirkor ishtirok etdi. Hududlar kengashining navbatdagi yig‘ilishini Omskda o‘tkazish rejalashtirilgan.

gazeta.uz


Sarlavxa :
Iqtisodiyot

08 10 2026 / 9:40