Loading...
Ўзбекча Русский Ўзб Рус

Shavkat Mirziyoyev Markaziy Osiyo va Ozarbayjon hamkorligini rivojlantirish bo‘yicha takliflarni ilgari surdi



Ulashing :


Shavkat Mirziyoyev Markaziy Osiyo va Ozarbayjon o‘rtasidagi hamkorlikni yangi bosqichga chiqarish bo‘yicha 4 ta ustuvor yo‘nalishni taklif qildi. Ular mintaqalararo hamkorlik, huquqiy bazani mustahkamlash, iqtisodiy aloqalarni kengaytirish hamda zamonaviy transport-logistika tarmog‘ini rivojlantirishni qamrab oladi.

Shavkat Mirziyoyev 8-oktabr kuni Turkmanistondagi “Avaza” milliy sayyohlik zonasida bo‘lib o‘tgan Markaziy Osiyo va Ozarbayjon davlat rahbarlarining sakkizinchi Maslahat uchrashuvida ishtirok etdi. Bu haqda O‘zbekiston prezidenti xabar qildi.

Turkmaniston prezidenti Serdar Berdimuhamedov raisligida o‘tgan sammitda Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev, Qozog‘iston prezidenti Qasim-Jomart Toqayev, Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov va Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon ham qatnashdi.

Shavkat Mirziyoyev o‘z nutqida so‘nggi yillarda Markaziy Osiyoda yuz bergan ijobiy o‘zgarishlarni qayd etdi. O‘zbekiston yetakchisi ta’kidlashicha, bunda Markaziy Osiyo davlat rahbarlarining Maslahat uchrashuvlari muhim o‘rin tutgan.

Prezident Markaziy Osiyoni XXI asrda rivojlantirish maqsadida do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va hamkorlik to‘g‘risidagi shartnomani tuzish jarayoni yakunlanganining tarixiy ahamiyatini alohida ta’kidladi. Mintaqaviy jarayon doirasida katta va murakkab tuzilmalarni tashkil etishga intilish yo‘qligi qayd etildi.

“Bizga kuchli, suveren va mustaqil davlatlar o‘zaro hurmat, ishonch va pragmatizm asosida hamkorlik qiladigan moslashuvchan va tushunarli format kerak”, — dedi prezident Shavkat Mirziyoyev.

Shundan so‘ng O‘zbekiston yetakchisi Markaziy Osiyo mamlakatlari yaqinlashayotgan hozirgi murakkab xalqaro vaziyatga qisqacha baho berdi.

“Dunyo shiddat bilan o‘zgarib, keskinlik kuchaymoqda, savdo va transport aloqalari qayta shakllanmoqda, yangi xatarlar paydo bo‘lmoqda”, — dedi davlat rahbari.

Prezident hamkorlikning eng muhim yo‘nalishlari bo‘yicha kelgusidagi qo‘shma faoliyatni yanada yaqinroq muvofiqlashtirish bo‘yicha bir nechta yo‘nalishga to‘xtalib o‘tdi.

Markaziy Osiyo va qo‘shni mintaqalar o‘rtasidagi hamkorlikning navbatdagi bosqichi. Prezident Markaziy Osiyo va qo‘shni mintaqalar o‘rtasidagi hamkorlikning navbatdagi bosqichini belgilab olish zarurligini ta’kidladi.

“Amalda biz tarixiy, iqtisodiy va transport aloqalariga ega bo‘lgan yagona hamkorlik makonini shakllantirishimiz mumkin. Bugun ularni yanada mustahkamlash va aniq mazmun bilan boyitish imkoniyati paydo bo‘lmoqda. Bu yerda so‘z mamlakatlarimiz birgalikda savdo, transport, energetika, sanoat va yangi texnologiyalarni rivojlantirishi mumkin bo‘lgan ulkan makon haqida bormoqda”, — dedi prezident.

Ushbu masalalarni kelgusi yil Toshkentda o‘tkaziladigan “Tinchlik va barqaror o‘zaro bog‘liqlik yo‘lidagi mintaqalararo muloqot: Markaziy Osiyo yondashuvi” xalqaro konferensiyasida batafsil muhokama qilish taklif etildi.

Mintaqaviy muloqotning huquqiy asosini mustahkamlash. Prezident mintaqaviy muloqot quriladigan asosni mustahkamlash zarurligini qayd etdi.

U Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvlari faoliyatini tartibga soladigan normativ-huquqiy bazani takomillashtirish bo‘yicha ishlarni davom ettirishni taklif qildi.

“Bunda faqat hujjatlar soni o‘z-o‘zidan hech narsani hal qilmaydi. Eng muhimi, qabul qilingan qarorlar bajarilishi va natija berishi kerak”, — dedi davlat rahbari.

Iqtisodiy hamkorlikni yangi darajaga ko‘tarish. Prezident iqtisodiy hamkorlikni yangi darajaga olib chiqish zarurligini ta’kidladi.

Uning qayd etishicha, buning uchun yirik loyihalarni tezroq ishga tushirish imkonini beradigan qo‘shma sanoat va texnologik zanjirlar, umumiy raqamli xizmatlar hamda investitsiya mexanizmlarini rivojlantirish kerak.

Savdo-iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha 2035-yilgacha mo‘ljallangan keng qamrovli mintaqaviy dastur mintaqaning umumiy geografiyasidan samarali foydalanishga yordam beradigan amaliy vositaga aylanishi kerakligi aytildi.

Prezident savdo-sotiq yo‘lidagi to‘siqlarni izchil bartaraf etish, sanoat kooperatsiyasini kengaytirish va qo‘shma loyihalarni ko‘paytirish zarurligini ta’kidladi.

“Biz bir-birimiz bilan odatdagi savdo-sotiq qilish endi yetarli bo‘lmagan davrga yetib kelganmiz. Birgalikda yakuniy mahsulot yaratish lozim”, — dedi Prezident.

U “Olti iqtisodiyot — bitta mahsulot” formulasini mamlakatlar intilishlari kerak bo‘lgan marrani ifodalovchi yondashuv sifatida keltirdi.

Shu bilan birga, 2027-yilda qadimiy Xiva shahrida Markaziy Osiyo va Ozarbayjon biznes forumini o‘tkazish taklif etildi.

Prezident qo‘shma investitsiya loyihalarini moliyaviy-texnik jihatdan qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha maxsus platforma yaratishni ham muhim deb hisoblashini aytdi. Savdo va investitsiyalar vazirlari kengashiga Ashxobodda o‘tkaziladigan navbatdagi majlisda ushbu masalani atroflicha ko‘rib chiqish taklif etildi.

Transport va logistika tarmog‘ini rivojlantirish. Prezident mamlakatlarni zamonaviy transport va logistika tarmog‘i bilan bog‘lash zarurligini ta’kidladi.

Uning qayd etishicha, mintaqa global savdoning quruqlikdagi eng muhim yo‘nalishlaridan biriga va iqtisodiy faollikning yirik markaziga aylanishi mumkin. Buning uchun esa faqat yo‘l va temir yo‘llar qurishning o‘zi yetarli emas.

“Transport infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha umumiy mantiq zarur. Yo‘nalishlar bir-birini davom ettirishi va yagona tizim sifatida ishlashi uchun yirik loyihalarni o‘zaro muvofiqlashtirish zarur”, — dedi prezident.

Yangi transport yo‘laklari bo‘ylab ishlab chiqarish, logistika va xizmat ko‘rsatish obyektlari, sanoat zonalari paydo bo‘lishi kerakligi ta’kidlandi.

Bunday muvofiqlashtiruv uchun Infratuzilmaviy rivojlanish bo‘yicha kengash tuzishni tezlashtirish taklif etildi. Prezident kengashning birinchi majlisini O‘zbekistonda o‘tkazishga tayyorligini bildirdi.

gazeta.uz


Sarlavxa :
Ijtimoiy–siyosiy

09 10 2026 / 11:10