“Kelgusi avlodlarga qanday mintaqa qoldirishimiz uchun javobgarmiz”, –
dedi Oʻzbekiston prezidenti.
Shavkat Mirziyoyevning Markaziy Osiyo yetakchilari Maslahat
uchrashuvidagi nutqidan asosiy fikrlar
Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 8-oktabr kuni Turkmanistondagi
“Avaza” sayyohlik zonasida boʻlib oʻtgan Markaziy Osiyo va Ozarboyjon davlat
rahbarlarining sakkizinchi Maslahat uchrashuvida nutq soʻzladi.
Davlat rahbarining matbuot xizmati nutqdan asosiy fikrlarni sanab oʻtdi:
📌Soʻnggi yillarda Markaziy Osiyodagi munosabatlarning muhiti oʻzgardi,
yetakchilar tez-tez uchrashib, masalalarni ochiq muhokama qilib, yechimlar
topib, bir-birini qoʻllab-quvvatlay boshladi;
📌XXI asrda Markaziy Osiyoni rivojlantirish maqsadida Doʻstlik, yaxshi
qoʻshnichilik va hamkorlik toʻgʻrisidagi shartnomani tuzish jarayonlarining
yakunlanishi tarixiy voqea boʻldi;
📌Mintaqa xalqaro maydonda ancha ishonchli va sezilarliroq tarzda namoyon
boʻlmoqda;
📌Markaziy Osiyo va qoʻshni mintaqalar oʻrtasidagi hamkorlikning navbatdagi
bosqichini belgilab olish kerak. Bugun ularni yanada mustahkamlash va aniq
mazmun bilan boyitish imkoniyati paydo boʻlmoqda;
📌Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvlari
faoliyatini tartibga soladigan normativ-huquqiy bazani takomillashtirish
boʻyicha ishlarni davom ettirish taklif etildi;
📌Iqtisodiy hamkorlik yangi darajaga koʻtarilishi kerak. Oʻzaro savdo va
investitsiyalar hajmining oʻsishi boʻyicha jiddiy maqsadlar qoʻyilgan. Endi bu
oʻsish nimaning hisobiga taʼminlanishini belgilab olish zarur;
📌Savdo-iqtisodiy hamkorlik boʻyicha 2035-yilgacha moʻljallangan keng
qamrovli mintaqaviy dastur umumiy geografiyamizdan foydalanishda yordam
beradigan amaliy vositaga aylanishi kerak;
📌Davlatlar bilan odatdagi savdo-sotiq qilish endi yetarli emas, birgalikda
yakuniy mahsulot yaratish lozim. “Olti iqtisodiyot – bitta mahsulot” formulasi
qanday marraga intilish kerakligini yaxshi ifodalaydi. Bu boradagi ishlarni
rivojlantirish uchun 2027-yilda Xiva shahrida Markaziy Osiyo va Ozarbayjon
biznes forumini oʻtkazish taklif etildi;
📌Qoʻshma investitsiya loyihalarini moliyaviy-texnik jihatdan
qoʻllab-quvvatlash boʻyicha maxsus platforma yaratish muhimligi taʼkidlandi;
📌Mintaqa global savdoning quruqlikdagi eng muhim yoʻnalishlaridan biriga
va ayni paytda iqtisodiy faollikning yirik markaziga aylanishi mumkinligi qayd
etildi;
📌Bunday muvofiqlashtiruv uchun Infratuzilmaviy rivojlanish boʻyicha kengash
tuzishni tezlashtirish va uning birinchi majlisini Oʻzbekistonda oʻtkazish
taklif etildi;
📌Yangi ishlab chiqarish quvvatlarini qurish, energiyani saqlashning
zamonaviy tizimlarini rivojlantirish va yangi energetika yoʻlaklarini
yaratishni yaxshiroq muvofiqlashtirish imkonini beruvchi kam uglerodli
energetika salohiyati boʻyicha qoʻshma konsepsiyani tayyorlash taklifi
bildirildi;
📌Markaziy Osiyoda suv resurslaridan oqilona foydalanish boʻyicha Amaliy
chora-tadbirlar oʻn yilligi toʻgʻrisidagi umumiy tashabbusni toʻliq amalga
oshirish muhimligi qayd etildi;
📌Oʻzbekiston Orolni qutqarish xalqaro jamgʻarmasida raislik davridan
Jamgʻarma ishini yanada samarali tashkil etish, yangi ekologik loyihalarni
ishga tushirish va qoʻshimcha moliyaviy mablagʻlarni jalb qilish uchun
foydalanish niyatida;
📌Suv resurslaridan foydalanish masalalari boʻyicha Afgʻoniston bilan
muloqotga alohida eʼtibor qaratish lozim. Bu muloqot doimiy va aniq mazmunga
ega boʻlishi, mintaqadagi barcha mamlakatlarning manfaatlarini hisobga olishi
shart;
📌Oʻzbekistonning Muhim minerallar boʻyicha mintaqaviy alyansni tashkil
etish borasidagi tashabbusiga muvofiq ishlarni faollashtirish taklif qilindi.
Markaziy Osiyoning muhim minerallar zaxiralarining yagona raqamli xaritasini
yaratish bu borada birinchi qadamlardan biri boʻlishi mumkinligi taʼkidlandi;
📌Mamlakatlarning imkoniyatlarini birlashtirish va Umumiy hisoblash
infratuzilmasini yaratishni boshlash taklif qilindi;
📌Talab yuqori boʻlgan kasblar va kompetensiyalarning mintaqaviy atlasini
ishlab chiqish taklif etildi. Unda bugungi kunda mutaxassislar tanqisligi
sezilayotgan va yaqin yillarda talab oʻsib boradigan yoʻnalishlar boʻyicha
mamlakatlarning prognoz maʼlumotlarini birlashtirish mumkin;
📌“Soʻnggi yillarda biz koʻp narsaga erishdik. Endi bu oʻzgarishlarni
mustahkamlash va hamkorligimizni kelgusi oʻn yilliklar davomida barqaror qilish
muhimdir. Formula oddiy: taraqqiyot va xavfsizlik yoʻlida birdamlik va
ishonch”;
📌“Kelgusi avlodlarga qanday mintaqa qoldirishimiz uchun javobgarmiz. U
tinch, xavfsiz, iqtisodiy jihatdan kuchli boʻlishi va odamlarga munosib
yashash, mehnat qilish, oʻqish hamda farzandlarni voyaga yetkazish
imkoniyatlarini berishi kerak”.
kun.uz
Sarlavxa :
Ijtimoiy–siyosiy
09 10 2026 / 12:08