Oʻzaro manfaatli sheriklikni, avvalo, savdo-iqtisodiy
sohada yanada kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Shavkat Mirziyoyev Britaniyaning savdo boʻyicha davlat
vaziri Anas Sarvar bilan uchrashdi
Prezident matbuot xizmati
Prezident Shavkat Mirziyoyev 9-oktabr kuni Oʻzbekiston
– Britaniya iqtisodiy qoʻmitasining ikkinchi yigʻilishida ishtirok etish uchun
mamlakatimizga kelgan Buyuk Britaniyaning savdo boʻyicha davlat vaziri, lord
Anas Sarvarni qabul qildi.
Oʻzaro manfaatli sheriklikni, avvalo, savdo-iqtisodiy
sohada yanada kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Siyosiy muloqot jadal rivojlanayotgani, barcha
darajalardagi almashinuvlar faollashgani mamnuniyat bilan qayd etildi.
Xavfsizlik sohasida samarali hamkorlik yoʻlga qoʻyilgan.
Oʻzaro tovar ayirboshlash hajmi ortib bormoqda.
Mamlakatimizda 260 ta qoʻshma korxona muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda.
London fond birjasida Oʻzbekiston Milliy investitsiya
jamgʻarmasining ilk IPOsi muvaffaqiyatli amalga oshirildi. Moliya sohasida Standard
Chartered banki, neft-gaz tarmogʻida esa British Petroleum kompaniyasi faol ish
olib bormoqda.
Uchta qoʻshma oliy taʼlim muassasasi tashkil etildi,
Kembrij universiteti bilan hamkorlikda Prezident maktablari ishga tushirildi.
Britaniyalik sayyohlar soni ham ortib bormoqda.
Infratuzilmani rivojlantirish, energetika, moliya,
geologiya, transport, taʼlim, sogʻliqni saqlash va boshqa sohalarda yangi
loyihalarni ilgari surish, buni, jumladan, Britaniya eksportni moliyalashtirish
agentligi (UKEF) ishtirokida amalga oshirish muhimligi taʼkidlandi.
Buyuk Britaniya tomoni Toshkent shahrida “ingliz
huquqi” tamoyillari asosida ishlaydigan Xalqaro moliya markazi faoliyatini
yoʻlga qoʻyishda koʻmaklashishga tayyor ekanini bildirdi.
Uchrashuv yakunida koʻp qirrali hamkorlikni yanada
rivojlantirish boʻyicha qoʻshma “yoʻl xaritasi”ni qabul qilish yuzasidan
kelishuvga erishildi.
kun.uz
Sarlavxa :
Iqtisodiyot
12 10 2026 / 11:33