Oʻzbekiston prezidenti Yangi
Toshkentda Xitoy, Turkiya, BAA va boshqa xorijlik hamkorlar ishtirokida umumiy
qiymati 2,5 mlrd dollar boʻlgan oʻnta yirik loyiha qurilishiga start berdi.
Ular orasida sanoat hududi, yoʻl va koʻprik, biznes siti, turar joy majmualari
hamda Yangi Toshkent markaziy shifoxonasi bor.
Shavkat Mirziyoyev Yangi
Toshkentda yangi loyihalar qurilishiga start berdi
Foto: Prezident matbuot
xizmati
Shavkat Mirziyoyev Yangi
Toshkentda bunyod etilgan inshootlarni ishga tushirish va yangi loyihalarning
qurilishiga start berish marosimida ishtirok etdi. Bu haqda Prezident mutbuot
xizmati xabar qildi.
Qayd etilishicha, barpo
etilayotgan Yangi Toshkentda birinchi bosqichning oʻzida 50 milliard dollarlik
loyihalarni amalga oshirish koʻzda tutilgan. Shaharda 2 ming gektar yashil
maydon va 500 gektar istirohat bogʻlari tashkil etiladi. «Yashil qurilish
standartlari» asosida 150 million kvadrat metr turar va noturar joy maydonlari
barpo qilinadi.
Oʻtgan davrda Yangi Toshkentda
2 milliard dollarlik ishlar bajarildi. Turar joylar, universitetlar, kutubxona
va amfiteatr qurildi. Bugungi marosimda umumiy qiymati 1 milliard dollar
boʻlgan yettita obyekt ishga tushirildi.
Bular «Sharq bahori» turar joy
majmuasining birinchi bosqichi, yoʻl va infratuzilma obyektlari, «Yangi
Toshkent» 1-son nimstansiyasi, trigeneratsiya stansiyasi, Savdo-sanoat palatasi
binosi, «Sohil bogʻi» istirohat bogʻi hamda 2 ming oʻrinli umumtaʼlim
maktabidir.
Turkiyaning «MIMSAN»
kompaniyasi ishtirokida 73 million dollar investitsiya hisobiga barpo etilgan
trigeneratsiya stansiyasi 100 ming xonadonni markazlashgan tarzda isitish va
sovitish, ayni paytda elektr energiyasi ishlab chiqarish imkonini beradi.
Xitoyning «Haocheng Industry Group Limited» kompaniyasi bilan qurilgan nimstansiya
va yuqori kuchlanishli elektr tarmoqlari loyihasining qiymati 95 million
dollarni tashkil etadi.
Shuningdek, 18 kilometr
avtomobil yoʻli barpo etilib, 13 kilometr kanalizatsiya va 4,5 kilometr
ichimlik suv tarmoqlari tortildi. Qirgʻoq boʻylab 10 kilometrlik «Sohil
bogʻi»da piyodalar va velosiped yoʻlaklari tashkil qilindi. «Sharq bahori»
turar joy majmuasining ilk bosqichida qariyb 7 mingta xonadon qurildi.
Marosimda Xitoy, Turkiya,
Birlashgan Arab Amirliklari va boshqa xorijlik hamkorlar ishtirokida umumiy
qiymati 2,5 milliard dollar boʻlgan yana oʻnta yirik loyiha qurilishiga start
berildi.
Ulardan biri yuqori texnologik
mahsulotlar va yarim oʻtkazgichlar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan «Deep Tech
park» sanoat hududidir. Uni barpo etishga 320 million dollar yoʻnaltiriladi.
Kelgusida bu yerda umumiy qiymati 1,7 milliard dollarlik loyihalar
joylashtiriladi.
Finlandiyaning «MariMatic»
kompaniyasi ishtirokida chiqindilarni toʻplash va ulardan «yashil» elektr
energiyasini olish loyihasi amalga oshiriladi. Shuningdek, koʻp kvartirali
uylar tomiga umumiy quvvati 20 megavatt boʻlgan fotoelektr tizimlarini
oʻrnatish rejalashtirilgan.
Yangi Toshkentni poytaxt bilan
bogʻlash uchun Temur Malik koʻchasi va 4R12 avtomobil yoʻli oʻrtasida koʻprik,
yoʻl oʻtkazgich va 10 kilometr yoʻl quriladi. Metro bekatlari bilan tutashgan
yer osti avtoturargohini barpo etish ham yangi loyihalardan biri.
Umumiy maydoni 818 ming
kvadrat metrdan ortiq boʻlgan «Metropolis» biznes sitida ofislar, mehmonxona,
turar joylar va xizmat koʻrsatish obyektlari joylashadi. Maydonning 500 ming
kvadrat metr qismi biznes uchun moʻljallangan. Bu yerda 1,5 ming nafar odamning
bandligini taʼminlash koʻzda tutilgan.
Bundan tashqari, «Silk City»,
«Mavj» va «Marjon» turar joy majmualari hamda 120 oʻrinli Yangi Toshkent
markaziy shifoxonasi quriladi.
Davlat rahbari ushbu loyihalar
Yangi Toshkentning biznes, turizm va madaniyat markazi sifatida shakllanishiga
xizmat qilishini taʼkidlab, shahar bunyodkorligida ishtirok etayotgan
quruvchilar, muhandislar, loyihachilar va xorijlik hamkorlarga minnatdorlik
bildirdi.
kun.uz
Sarlavxa :
Iqtisodiyot
12 10 2026 / 15:04