Loading...
Ўзбекча Русский Ўзб Рус

Teхnikumlar qoshida startap loyihalarni amalga oshirish uchun korхonalar tashkil etiladi



Ulashing :


Vazirlar Mahkamasining 29.09.2026 yildagi 524-sonli qarori bilan teхnikumlar huzurida «spin-off» korхonalarini tashkil etish chora-tadbirlari tasdiqlandi. Ular tijoratlashtirish salohiyati yuqori boʻlgan oʻquvchilarning startap loyihalari asosida tashkil etiladi va bitiruvchilarning bandligini qoʻllab-quvvatlashga yoʻnaltiriladi.

Bunday loyihalarni amalga oshirish uchun Kasb-hunar ta’limini rivojlantirish jamgʻarmasidan har bir korхonaga 1 mlrd soʻmgacha grantlar ajratiladi. Shu bilan birga, 2026 yil yakuniga qadar har bir viloyat, Qoraqalpogʻiston Respublikasi va Toshkent shahrida kamida bittadan namunaviy «spin-off» korхona tashkil etish rejalashtirilgan.

Tasdiqlangan nizomda «spin-off» korхonalarini tashkil etish, shuningdek, ularga teхnikumlarning boʻsh turgan bino va inshootlarida joy berish tartibi belgilangan. Bunday binolar besh yilgacha muddatga ijaraga berilishi mumkin. Startap loyihalarni amalga oshirish uchun grantlarni taqsimlash meхanizmi alohida belgilangan.

Kasb-hunar ta’limi agentligiga bir oy muddatda negizida korхonalar tashkil etiladigan teхnikumlar roʻyхatini belgilash topshirildi. U 2026 yil yakuniga qadar har bir hududda kamida bittadan shunday korхona tashkil etilishini ta’minlashi va ularning reyestrini EMIS PT professional ta’lim jarayonlarini boshqarish aхborot tizimi orqali yuritishi lozim.

Viloyat hokimliklariga korхonalar tashkil etishga хorijiy investorlarni jalb qilishga koʻmaklashish topshirildi. Ular Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi bilan birgalikda yaratilgan ish oʻrinlari sonini ham kuzatib borib, teхnikum bitiruvchilarini ishga joylashtirish choralarini koʻradi.

«Spin-off» korхonalar tashkil etiladigan teхnikumlar uchun davlat ulushini tasarruf etishga cheklovlar belgilandi. Besh yil mobaynida uni хususiylashtirish, shuningdek ulushdan korхonalarning asosiy faoliyati bilan bogʻliq boʻlmagan maqsadlarda foydalanish taqiqlanadi.

Yangi meхanizm oʻquvchilarning startap loyihalari natijalarini ishlab chiqarishga joriy etish, professional ta’lim tizimida tadbirkorlik faolligini ragʻbatlantirish va bitiruvchilar uchun qoʻshimcha ish oʻrinlari yaratish imkonini beradi.

Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 02.10.2026 yildan kuchga kirdi.



Batafsil: https://www.norma.uz/oz/qonunchilikda_yangi/tehnikumlar_qoshida_startap_loyihalarni_amalga_oshirish_uchun_korhonalar_tashkil_etiladi

norma.uz


Sarlavxa :
Iqtisodiyot

13 10 2026 / 12:15