O‘zbekistonda tegishli talablarga javob beradigan transport-logistika
markazlari 2040-yilgacha yer solig‘i va mol-mulk solig‘idan to‘liq
ozod qilinadi. Markazlar uchun kerakli ishlab chiqarilmaydigan kerakli jihozlar
2029-yil 1-avgustgacha bojxona bojidan va majburiy sertifikatlashdan ozod
qilinadi.
O‘zbekiston prezidentining “Transport-logistika tizimini rivojlantirishga
doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori [PQ-368-son] qabul
qilindi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar qildi.
Qarorga ko‘ra, 2026−2030-yillarda transport-logistika tizimini
rivojlantirishning asosiy maqsadli ko‘rsatkichlari belgilandi. Jumladan:
·
transport-logistika
markazlarining yillik quvvati kamida 40 mln tonnaga yetkaziladi;
·
transport va logistika
xizmatlari eksporti 3,5 mlrd AQSh dollariga, respublika hududi orqali tranzit
yuk tashish hajmi 18,5 mln tonnaga yetkaziladi;
·
respublikadagi barcha
talablarga javob beruvchi xalqaro quruqlik portlari soni hozirgi 24 tadan 30
taga yetkaziladi;
·
Davlat chegarasi orqali
o‘tkazish punktlarining yuk tashish qobiliyati va transport-logistika
markazlarida konteynerlarga ishlov berish quvvati ikki barobarga oshiriladi.
Andijon
viloyatining Xonobod shahri, Buxoro viloyatining Olot tumani, Surxondaryo
viloyatining Termiz tumani hamda Toshkent viloyatining Yangiyo‘l va Ohangaron
tumanlari transport-logistika sohasiga ixtisoslashtiriladi.
Transport-logistika markazlarida terminallarni boshqarish (TOS)
va omborni boshqarish (WMS) tizimlari joriy etiladi hamda ular 2030-yil
oxirigacha Transport vazirligining “E-logistika” platformasiga ulanadi.
2040-yilgacha
transport-logistika markazlari yer solig‘i va mol-mulk solig‘idan
to‘liq ozod qilinadi. Buning uchun markaz ESKATO quruqlik portlari
to‘g‘risidagi bitimga kiritilgan, tizimlarni joriy etgan va “E-logistika”
platformasida “BB” va undan yuqori reytingga ega bo‘lishi shart.
Transport-logistika markazlari reyestriga kiritilgan markazlar uchun
2029-yil 1-avgustgacha ishlab chiqarilmaydigan omborxona uskunalari,
yuk ortish-tushirish texnikasi, agregatlar va extiyot qismlar bojxona
bojidan va majburiy sertifikatlashdan ozod qilinadi.
Qarorga ko‘ra, 2027-yil 31-dekabrgacha M2, M3, N toifadagi transport
vositalari ishlab chiqaruvchi korxonalar respublikada ishlab chiqarilmaydigan
komponentlarni bojxona boji to‘lashsiz import qilishi mumkin.
gazeta.uz
Sarlavxa :
Iqtisodiyot
14 10 2026 / 12:41