Prezident hokimlarga yil yakunigacha 620 ming gektar,
kelgusi yilda 3,7 mln gektar yaylovni qayta tiklash va hosildorligini oshirish
vazifasi qo‘yildi. Shuningdek, yil yakunigacha 470
ta mahallaga 627 ming gektar yaylov 49 yilga bepul ijaraga beriladi. Ushbu
maydonlar soliqdan ozod qilinadi.
Shavkat Mirziyoyev yaylovlar
degradatsiyasining oldini olish, suv ta’minotini yaxshilash hamda ulardan
samarali foydalanish yuzasidan taqdimot bilan tanishdi. Bu haqda Prezident
matbuot xizmati xabar qildi.
Taqdimotda mamlakatda 21
million 255 ming gektar yaylov mavjud ekani, biroq ularning atigi 40 foizidan
samarali foydalanilayotgani qayd etildi. Davlat rahbari ushbu katta imkoniyatni
to‘liq ishga solish mamlakat oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashda favqulodda
muhim ekanini ko‘rsatib o‘tdi.
Yaqinda yaylovlardan samarali
foydalanish bo‘yicha imzolangan prezident qarori ijrosini tashkil etish
vazifalari belgilab olindi. Hokimlar oldiga yil yakunigacha 620 ming gektar,
kelgusi yilda 3 million 700 ming gektar yaylovni qayta tiklash va
hosildorligini oshirish vazifasi qo‘yildi. Ular Chorvachilik va yaylov
xo‘jaligini rivojlantirish agentligi bilan bir oy muddatda degradatsiyaga
uchragan maydonlarni joriy yilda 10 foizga, kelasi yili 20 foizga qisqartirish
bo‘yicha kompleks dasturlarni tasdiqlaydi.
Navoiy viloyatida mahalliy
budjetdan ajratilgan 30 milliard so‘m hisobiga “Kengsoy” nasos stansiyasi
rekonstruksiya qilinib, 20 ming gektar yaylov o‘zlashtirilmoqda.
Bu imkoniyatdan foydalanib, 11 ta tadbirkor suv havzalari qurish
va yomg‘irlatib sug‘orish texnologiyasini joriy etishga kirishgan.
Natijada ushbu maydonlarda 60 ming bosh qoramol uchun yiliga 250 ming tonna
ozuqa yetishtirish imkoniyati paydo bo‘ladi.
Qashqadaryo viloyatining
Nishon tumanida esa 1 ming 332 gektar yaylovda pivot sug‘orish tizimi joriy
etilib, mahalliy sharoitga mos yangi ozuqabop o‘simliklar ekilmoqda. Ushbu
tajribani Muborak va Dehqonobod tumanlarida ham yo‘lga qo‘yish,
shuningdek, bir yil ichida jami 9,4 ming gektar urug‘chilik maydonini tashkil
etish topshirildi.
Yaylovlarni suv bilan ta’minlash uchun moliyaviy manbalar ko‘rib chiqildi.
Endi yaylovlar ijarasidan tushadigan mablag‘lar hududiy yaylov xo‘jaliklari
ixtiyorida qoldiriladi. Ushbu mablag‘lar hisobidan qo‘shimcha 448 ta quduq
qazilib, kelgusi yilda 1,5 million gektar yaylovning suv ta’minoti
yaxshilanadi. Yil yakunigacha 1 ming 600 ta quduq ta’mirlanadi.
Qolaversa, budjetdan
ajratilgan 100 milliard so‘m hisobidan joriy yilda 161 ta, 2027
va 2028-yillarda 81 tadan — jami 323 ta sug‘orish inshooti barpo
etiladi. Bu 969 ming gektar yaylovni tiklash imkonini beradi.
Yaylovlardan uzoq yillardan
buyon foydalanib kelayotgan chorvadorlarning huquqlarini rasmiylashtirish
masalasi ham ko‘rib chiqildi. Hozir 260 ming bosh chorva boqilayotgan 623 ming
gektar yaylovni amaldagi foydalanuvchilar nomiga rasmiylashtirish uchun
tegishli komissiyaning vakolati yil oxirigacha uzaytiriladi.
Olis hududlardagi aholi o‘z xonadonlaridagi chorvani o‘tlatishi uchun
jamoat yaylovlari tashkil etiladi. Yil yakunigacha 470 ta mahallaga 627
ming gektar yaylov 49 yilga bepul ijaraga beriladi. Ushbu maydonlar soliqdan ozod
qilinadi.
Yangi tartibga ko‘ra, yaylov yerlarining toifasini
o‘zgartirmasdan chorvachilik komplekslari qurishga ruxsat beriladi. Bu jarayonda yer uchastkalarining boshlang‘ich narxi
va yer solig‘i qishloq xo‘jaligi yerlari kabi hisoblanadi. Navoiy,
Samarqand va Surxondaryo viloyatlarida jami 130 gektar maydonda 55 ming
boshdan ortiq chorvaga mo‘ljallangan 15 ta kompleks qurilishi belgilandi.
Yaylovlardan faqat chorva
boqish uchun emas, balki ekoturizm, asalarichilik, dorivor o‘simliklar
yetishtirish, ko‘chatchilik, ovchilik va pillachilik yo‘nalishlarida ham
foydalanish muhim ekani qayd etildi. Shu sababli yaylovlarni mazkur
faoliyat turlari uchun ham ijaraga berishga ruxsat etiladi. Bunday loyihalarni
amalga oshirishda yaylovlarning tabiiy holatini saqlash va ularning qayta
tiklanishini ta’minlash muhimligi ta’kidlandi.
Mutasaddilarga yaylovlarni
tiklash, suv va ozuqa bazasini mustahkamlash, aholi hamda tadbirkorlar
uchun belgilangan yangi imkoniyatlarni joylarda amalga oshirish yuzasidan
topshiriqlar berildi.
gazeta.uz
Sarlavxa :
Iqtisodiyot
14 10 2026 / 15:45