O‘zbekistonda
issiqxonalarga soliq imtiyozlari, elektr xarajatining yarmini qoplash
va 300 mln so‘mgacha imtiyozli kreditlar joriy etildi. Toshkent
viloyatidagi issiqxonachilikka ixtisoslashgan oilalar 200 mln so‘mgacha
subsidiya oladi, energiya tejamkor uskunalar o‘rnatish xarajatining 40 foizi
qoplab beriladi.
13-oktabr kuni O‘zbekiston
prezidentining “Ilg‘or “yashil” texnologiyalar asosida issiqxona xo‘jaliklarini
rivojlantirish va aholi tomorqa yer maydonlaridan samarali foydalanish
bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori [PQ-371-son] qabul
qilindi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar qildi.
Qarorga ko‘ra, issiqxona
xo‘jaliklariga quyidagi imtiyozlar va subsidiyalar nazarda tutildi:
·
qishloq
xo‘jaligi tovar ishlab chiqaruvchilariga qo‘shilgan qiymat solig‘i stavkasi nol
foiz etib belgilandi;
·
qishloq
xo‘jaligi tovar ishlab chiqaruvchilari va baliq xo‘jaligi korxonalari
uchun o‘zi ishlab chiqargan mahsulotni realizatsiya qilishdan olingan foyda
bo‘yicha foyda solig‘i stavkasi nol foiz etib belgilandi;
·
issiqxona
faoliyatidan olgan daromadlari joriy hisobot (soliq) davri yakunlari bo‘yicha
jami daromadining kamida 60 foizini tashkil etgan issiqxona xo‘jaliklari uchun
ijtimoiy soliq stavkasi 2026-yil 1-yanvardan 2029-yil 1-yanvargacha 1 foiz etib
belgilandi.
2027-yil
1-yanvardan 2030-yil 1-yanvargacha issiqxona faoliyatidan daromadining kamida
60 foizini tashkil etgan tadbirkorlik subyektlariga yuridik shaxslardan
olinadigan yer solig‘i va mol-mulkka solinadigan soliq stavkalari 50
foizga kamaytiriladi.
2026-yil 1-noyabrdan 2030-yil
1-aprelgacha issiqlik energiyasini tejovchi maxsus qoplanma “ko‘rpa” bilan
qoplangan va (yoki) energiya samarador “yashil” isitish vositalaridan (issiqlik
nasoslari, geotermal isitish tizimlari, quyosh issiqlik tizimlari, elektr energiyasi
asosidagi yuqori samarali isitish tizimlari) foydalanayotgan issiqxona
xo‘jaliklariga oktabr-mart oylarida iste’mol qilingan elektr energiyasi
qiymatining 50 foizi miqdorida subsidiya ajratiladi.
Energiya
samaradorligi milliy agentligi 2030-yil 1-yanvarga qadar Toshkent viloyatining
Toshkent, Zangiota, Qibray, Yangiyo‘l va Yuqori Chirchiq tumanlarida aholi
tomorqalaridagi issiqxonalarni isitish uchun quyosh panellari, issiqlik
nasoslari, infraqizil isitish moslamalari va boshqa energiya tejamkor uskunalarni
xarid qilish hamda o‘rnatish xarajatlarining 40 foizi, biroq 100 million
so‘mdan oshmagan miqdorda bir martalik subsidiya ajratadi.
Kambag‘allikni qisqartirish maqsadli
jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan Toshkent viloyatining issiqxonachilikka
ixtisoslashgan 50 ta mahallada har bir oilaga 200 million
so‘mgacha subsidiya ajratiladi.
Markaziy bank oilaviy tadbirkorlikni
rivojlantirish doirasida tajriba tariqasida tomorqa va dehqon xo‘jaligiga
mo‘ljallangan yer maydonlariga ega jismoniy shaxslarga imtiyozli kreditlar
ajratadi: “yashil” texnologiyalarga asoslangan issiqxona barpo etish uchun 300
million so‘mgacha, mavjud issiqxonalarni qayta jihozlash uchun 150 million
so‘mgacha.
Adliya va Ijtimoiy himoya
milliy agentligi issiqxonalarni tashkil etish va ijtimoiy daftarlar
bo‘yicha subsidiya ajratishda mas’ul hisoblanadi.
gazeta.uz
Sarlavxa :
Iqtisodiyot
15 10 2026 / 9:45