O‘zbekistonda
biznesni ro‘yxatga olish boshlandi va u 30-noyabrga qadar o‘tkaziladi. 9-oktabr kuni esa
Hukumat qarori [557-son] bilan O‘zbekistonda biznesni ro‘yxatga olishni
o‘tkazish chora-tadbirlari tasdiqlandi.
Ro‘yxatga olishda iqtisodiy birliklar: yuridik
shaxslar, yakka tartibdagi tadbirkorlar, dehqon xo‘jaliklari, o‘zini o‘zi band
qilganlar va ro‘yxatdan o‘tmasdan faoliyat yuritayotgan subyektlar qamrab
olinadi.
Yuridik
shaxslar hisobot.stat.uz orqali, o‘zini o‘zi band qilgan jismoniy shaxslar esa
census.stat.uz orqali mustaqil ro‘yxatdan o‘tadi.
Mahallalarda ro‘yxatga oluvchi sifatida hokim
yordamchilari jalb etiladi. Ular planshetlar orqali ma’lumot to‘playdi. Hokim
yordamchisi bo‘lmagan mahallalarda bu ishni “mahalla yettiligi” xodimlari
amalga oshiradi.
Ro‘yxatga olish tadbirida ishtirok etgan hokim
yordamchilari va boshqa xodimlarga biriktirilgan hududda iqtisodiy
birliklarni to‘liq qamrab olgandan keyin Jahon banki ishtirokidagi loyiha
mablag‘lari hisobidan bir martalik rag‘batlantirish to‘lovi beriladi.
Davlat organlari va tashkilotlari, ustav
kapitalida davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq bo‘lgan korxonalar o‘z
tizimidagi barcha korxona va tashkilotlarning ro‘yxatdan o‘tishini
ta’minlashi kerak.
Ro‘yxatga oluvchi xodimlar iqtisodiy
birliklarni ularning faoliyat ko‘rsatayotgan manzilida ro‘yxatga oladi; so‘rov
soat 09:00 dan 18:00 gacha o‘tkaziladi.
Bundan tashqari, respondentlarga doir
ma’lumotlar sir saqlanadi va faqat statistik maqsadlarda foydalaniladi.
Savol va murojaatlar uchun 1851 qisqa raqamli koll-markaz tashkil etiladi.
Ro‘yxatga olish yakuniy natijalari Milliy statistika qo‘mitasining rasmiy
veb-saytida 2027-yil 1-sentabrga qadar e’lon qilinadi.
Ro‘yxatga olish tugagandan so‘ng o‘n kun
davomida ro‘yxatga olingan iqtisodiy birliklarning 5 foizigacha qismi tanlanma
nazorat ostida tekshiriladi.
gazeta.uz
Sarlavxa :
Iqtisodiyot
15 10 2026 / 11:19