Loading...
Ўзбекча Русский Ўзб Рус

Toshkent anʼanaviy yirik tadbirga tayyorgarlik koʻrmoqda: avtomobil sanoati, tijorat transporti va qurilish texnikasi yagona maydonda



Ulashing :


2026-yilning 21–23-oktabr kunlari Central Asian Expo Uzbekistan (CAEx) yagona maydonda birdaniga uchta xalqaro tarmoq koʻrgazmasini birlashtiradi: Automechanika Tashkent, Comtrux Tashkent va Bautrux Tashkent. Ular bir-biri bilan uzviy bogʻliq boʻlgan uchta yoʻnalishni qamrab oladi: avtobutlovchi qismlar va sotuvdan keyingi xizmat koʻrsatish (aftermarket), tijorat transporti hamda qurilish texnikasi.

Toshkent anʼanaviy yirik tadbirga tayyorgarlik koʻrmoqda: avtomobil sanoati, tijorat transporti va qurilish texnikasi yagona maydonda

Ishlab chiqaruvchilar, yetkazib beruvchilar, distribyutorlar va xaridorlar uch kun ichida bitta maydonda ilk tanishuvdan tortib, ishbilarmonlik muzokaralari oʻtkazish va bitimlar tuzishgacha boʻlgan yoʻlni bosib oʻtishlari mumkin.

Oʻz mahsulotlari, texnologiyalari va yechimlarini dunyoning 19 ta mamlakatidan 503 ta kompaniya namoyish etadi: Oʻzbekiston, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Xitoy, Turkiya, Ukraina, Germaniya, Italiya, Polsha, Litva, Rossiya, Eron, Pokiston, Vyetnam, Janubiy Koreya, Yaponiya, Malayziya, Saudiya Arabistoni va Birlashgan Arab Amirliklari.

Umumiy koʻrgazma maydoni 25 000 m² ni tashkil etadi, tadbirga 20 000 dan ortiq professional tashrif buyuruvchilar kelishi kutilmoqda.

Messe Frankfurt litsenziyasi asosida oʻtkazilayotgan uchta koʻrgazmaning tashkilotchisi va Messe Frankfurt kompaniyasining Markaziy Osiyodagi rasmiy vakili boʻlgan Business Media Central Asia (BMCA) rahbari Dilfuza Samandarova shunday taʼkidlaydi: «Oʻzbekiston Yevropa va Osiyo oʻrtasidagi muhim xabga aylanib bormoqda va koʻrgazmalarimiz xalqaro kompaniyalarga hamkorlar topish hamda yangi bozorlarni kashf etishda yordam berib, ushbu salohiyat bilan birga oʻsmoqda».

Koʻrgazmalarda nimalar namoyish etiladi?

Automechanika Tashkent 2026: koʻrgazma Toshkentda uchinchi marta boʻlib oʻtadi. Anʼanaga koʻra, u avtobutlovchi qismlar, moylar, shinalar, avtomobil elektronikasi, diagnostika va servis uskunalari, shuningdek, avtoservislar uchun yechimlar ishlab chiqaruvchilar hamda yetkazib beruvchilarni oʻzida birlashtiradi.

Ishtirokchilar va brendlar qatorida: EXZAP, TRT, LB Unite, MANN-FILTER, Michelin, CARVILLE, RAVENOL, LOAADI, BARS, Vikron, StarLine, Wolf, LOTOS Oil, TOTACHI, Petrovoll va boshqalar bor.

Oʻzbekistonda ilk bor oʻtkazilganidan buyon koʻrgazmani qoʻllab-quvvatlab kelayotgan Shell kompaniyasi uchinchi yil qatorasiga Automechanika Tashkent koʻrgazmasining bosh hamkori sifatida ishtirok etmoqda.

2025-yilda Shell vakillari koʻrgazmaga tashrif buyuruvchilarning koʻpligi va avtomobil sanoatiga qiziqish ortib borayotganini qayd etishgandi: «Tadbir davomida koʻplab nufuzli mehmonlar va soha vakillarining ishtiroki, koʻrgazma stendlaridagi qizgʻin faoliyat hamda tashrif buyuruvchilarning yuqori faolligi kuzatildi. Bu esa avtomobil sanoatiga boʻlgan qiziqish tobora ortib borayotganidan dalolat beradi».

Michelin vakillari ham koʻrgazmaga ijobiy baho berib, tashrif buyuruvchilarning mahsulotlar bilan bevosita tanishish imkoniyatini alohida taʼkidladilar: «Koʻrgazma mahsulotlarimizni namoyish etish, tashrif buyuruvchilarni ularning xususiyatlari bilan bevosita tanishtirish hamda salohiyatli mijozlar bilan muloqot oʻrnatish uchun qulay imkoniyat yaratmoqda».

Comtrux Tashkent 2026: tijorat va yuk transporti ekspozitsiyasida yuk avtomobillari, avtobuslar, pikaplar va furgonlar, shuningdek, ehtiyot qismlar, butlovchi qismlar hamda ularga xizmat koʻrsatish va foydalanish boʻyicha yechimlar taqdim etiladi. Ishtirokchilar qatorida - SamAuto, UZTBM, MAN, FOTON, VUM, Tribo, Nur Avto, TAILEV loyihasi va boshqa kompaniyalar mavjud.

Bunday tadbirlarning ishbilarmonlik aloqalarini rivojlantirishdagi ahamiyatini 2025-yilda FOTON vakillari ham taʼkidlagan edilar: «Ham davlat tuzilmalari, ham B2B-segmenti vakillari bilan aloqalar oʻrnatish juda muhim. Bu yerda tashrif koʻrsatkichi juda yuqori».

Bautrux Tashkent 2026: maydonda qurilish, togʻ-kon va infratuzilma tarmoqlari uchun qurilish texnikasi hamda uskunalari namoyish etiladi. Ishtirokchilar orasida - KRANTAS Group, IKO Machinery.

Kimlar keladi va nimalarga ega boʻladi?

· Import qiluvchilar, distribyutorlar, ulgurji va chakana savdo tarmoqlari vakillari avto ehtiyot qismlar hamda sarflash materiallari ishlab chiqaruvchilar bilan uchrashadilar va yangi yetkazib beruvchilarni topadilar.

· Texnik xizmat koʻrsatish shoxobchalari, servis markazlari, avtoyuvish maskanlari va deteyling-studiyalar rahbarlari hamda mutaxassislari yangi uskunalar va materiallarni koʻradilar, mahorat darslarida yangi texnologiyalarni oʻzlashtiradilar va bozorda taqdim etilgan brendlar bilan tanishadilar.

· Transport va logistika kompaniyalari, yuk tashuvchilar hamda korporativ avtopark egalari bevosita ishlab chiqaruvchilar va dilerlardan texnika hamda servis yechimlarini taqqoslash imkoniyatiga ega boʻladilar.

· Qurilish pudratchilari, developerlar, maxsus texnika xaridorlari, sanoat, togʻ-kon va infratuzilma korxonalari vakillari maxsus texnikani sotib olish, ijaraga olish va lizing shartlarini muhokama qiladilar hamda aniq loyihalar uchun hamkorlar topadilar.

Buyer Program: xaridorlar bilan toʻgʻridan-toʻgʻri B2B uchrashuvlar

Ishbilarmonlik aloqalarini oʻrnatishning asosiy vositasi - Buyer Program. Dastur eksponentlarning Markaziy Osiyoning barcha besh davlati: Oʻzbekiston, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Turkmaniston va Tojikistondan kelgan ixtisoslashgan bayerlar bilan maqsadli uchrashuvlarini tashkil etishni oʻz ichiga oladi.

Dasturni amalga oshirish bilan Connectly jamoasi shugʻullanadi. Ular oldindan har bir eksponentdan qaysi tovar toifalari va xaridorlar profili uni qiziqtirishini aniqlaydi hamda ushbu soʻrovlarni inobatga olgan holda bayerlarni taklif qiladi.

Koʻrgazmalar doirasida 2700 nafar bayer ishtirok etishi va 8000 dan ortiq B2B uchrashuvlar oʻtkazilishi kutilmoqda. Bu yetkazib berish shartlari, distribyutsiya, mahalliy hamkorlik va Markaziy Osiyo bozorlariga chiqish istiqbollarini muhokama qilish imkoniyatidir.

Ishbilarmonlik dasturi va mahorat darslari

Ishbilarmonlik dasturi doirasida ekspertlar avtomobil bozorining rivojlanishi, zamonaviy avtomobillar uchun motor moylari, maxsus texnikaga egalik qilish iqtisodiyoti va Oʻzbekistondagi yirik loyihalarning texnologik ehtiyojlarini muhokama qiladilar. Shuningdek, dastur mahorat darslarini ham oʻz ichiga oladi: boʻyoqsiz pachaqlarni toʻgʻrilash boʻyicha PDR Day hamda lak-boʻyoq qoplamasini korreksiya qilish, polirovka va kuzovni himoya qilish boʻyicha Paint Correction & Car Care Day.

Shuningdek, 22-oktabr kuni Markaziy Osiyoda logistika va transport tarmogʻini rivojlantirishning asosiy masalalari, jumladan, Oʻzbekiston avialogistikasi, taʼminot zanjirida tijorat transportining oʻrni va qurilish texnikasini yetkazib berish logistikasini ochib beruvchi Scalex Forum boʻlib oʻtadi.

Koʻrgazmalar bilan parallel ravishda noyob avtoloyihalar, shou-karlar va avtomobil madaniyati vakillarini oʻzida jamlovchi Motor Fest avtomobil festivali boʻlib oʻtadi. Uch kun davomida tashrif buyuruvchilarni BMW-shou, drift-taksi, pilotlar bilan uchrashuvlar, avtomobillar taqdimoti, musiqiy dastur va eng yaxshi avtoloyihalarni taqdirlash marosimlari kutmoqda.

Rivojlanayotgan bozor yangi imkoniyatlarni shakllantirmoqda.

Koʻrgazmalar Oʻzbekiston avtomobil, transport-logistika va qurilish bozorlari jadal rivojlanayotgan bir sharoitda oʻtkaziladi.

Mamlakat avtoparkidagi transport vositalari soni 5 millionga yaqinlashmoqda. Bu esa avtokomponentlar, sarf materiallari, uskunalar va servis yechimlariga nisbatan barqaror talabni shakllantirmoqda.

Bu jarayonlar yuk tashish koʻrsatkichlarida ham oʻz aksini topmoqda. Xususan, 2026-yilning birinchi yarmida respublikada yuk aylanmasi 43 foizga, tranzit yuk tashish hajmi esa 35 foizga oshgan.

Qurilish sohasida ham ijobiy dinamika kuzatilmoqda. 2026-yil yanvar–may oylarida qurilish ishlari hajmi 104,9 trillion soʻmga yetgan, bu oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 14,5 foizga yuqori.

Koʻrgazmalarga qanday tashrif buyurish mumkin?

Soha mutaxassislari uchun ekspozitsiyalar va ishbilarmonlik dasturiga kirish bepul. www.automechanika.uz saytida onlayn roʻyxatdan oʻting va elektron beyjni oling.

Sanalari: 2026-yil 21–23-oktabr

Joyi: Central Asian Expo Uzbekistan (CAEx), Toshkent

Saytlar: automechanika.uz, comtrux.uz, bautrux.uz

kun.uz


Sarlavxa :
Ijtimoiy–siyosiy

16 10 2026 / 10:14