Osiyo
taraqqiyot banki (OTB) O‘zbekistonda elektr energiyasini taqsimlash tizimini
modernizatsiya qilish uchun 200 mln dollar qarz ajratadi. Bu haqda bank
matbuot xizmati xabar berdi.
Ushbu dastur bo‘yicha qarz
bitimi 15-oktabr kuni Tailandning Bangkok shahrida OTB prezidenti Masato Kanda
va O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari — iqtisodiyot va moliya vaziri
Jamshid Qo‘chqorov tomonidan imzolandi.
Dastur elektr energiyasiga
talab ortib borayotgan sharoitda O‘zbekistonning elektr taqsimlash tarmoqlarini
modernizatsiya qilish, elektr energiyasi yo‘qotishlarini kamaytirish
va elektr ta’minoti ishonchliligini oshirishga qaratilgan.
“Ishonchli elektr
ta’minoti — zamonaviy iqtisodiyotning aholi oldidagi eng asosiy
majburiyatlaridan biridir”, — dedi Masato Kanda. Uning ta’kidlashicha,
mustahkamlangan elektr tarmoqlari oilalar, korxonalar va davlat
muassasalarini ishonchli elektr energiyasi bilan ta’minlash, shuningdek, qayta
tiklanuvchi manbalardan olinadigan elektr energiyasini ko‘proq uzatish imkonini
beradi.
Dastur doirasida
mamlakat bo‘ylab muhim ahamiyatga ega 60 ta elektr taqsimlash
podstansiyasi rekonstruksiya va modernizatsiya qilinadi. Tarmoqlarni
boshqarishni takomillashtirish uchun raqamli tizimlar ham joriy etiladi.
OTB ma’lumotiga ko‘ra,
O‘zbekistonda iqtisodiyotning o‘sishi, shaharlarning kengayishi
va aholining elektr energiyasiga ehtiyoji ortishi tarmoqlarga tushadigan
yuklamani ko‘paytirmoqda. Eskirgan infratuzilma, elektr energiyasi
yo‘qotishlari va uskunalarning ortiqcha yuklanishi elektr ta’minoti
ishonchliligiga ta’sir ko‘rsatmoqda. Bu holat, shuningdek, qayta
tiklanuvchi energiya manbalarining yangi quvvatlarini tarmoqqa ulashni
qiyinlashtirmoqda.
Dastur natijasida
elektr energiyasi yo‘qotishlarini kamaytirish, transformatorlarga tushadigan
ortiqcha yuklamani pasaytirish va elektr ta’minoti barqarorligini oshirish
kutilmoqda. Shuningdek, kamida 3,3 GVt quvvatga ega qayta tiklanuvchi energiya
manbalarini elektr tarmog‘iga ulash uchun sharoit yaratiladi. Issiqxona gazlari
chiqindilarini esa yiliga qariyb 23 ming tonna karbonat angidrid ekvivalentiga
kamaytirish rejalashtirilgan.
Loyiha “O‘zbekiston milliy
elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyatining tarmoqlardan foydalanish
va ularni boshqarish salohiyatini oshirishga ham qaratilgan. Xodimlarning
texnik ko‘nikmalarini rivojlantirish, boshqaruv va moliyaviy nazorat
tizimlarini mustahkamlash, malaka oshirish hamda energetika sohasida
xotin-qizlar ishtirokini kengaytirish ham dasturning vazifalari qatoriga
kiradi.
OTB ma’lumotiga ko‘ra,
bu bankning Jahon banki bilan O‘zaro to‘liq ishonch mexanizmi doirasida
amalga oshiriladigan energetika sohasidagi birinchi dasturidir. Shuningdek, u
O‘zbekiston energetika sohasida natijalarga asoslangan qarz asosida amalga
oshiriladigan ilk dastur hisoblanadi.
Ushbu mexanizm OTB
va Jahon bankiga bir-birining kompleks baholash natijalari hamda
loyihalarni amalga oshirish tartiblaridan foydalanish imkonini beradi.
Bu takroriy ishlarni va bitimlar bilan bog‘liq xarajatlarni
kamaytirishga xizmat qiladi.
OTB dasturda yetakchi kreditor
hisoblanadi. Bank ma’lum qilishicha, Jahon banki rahbariyati shu
oy oxirigacha qo‘shimcha 100 mln dollar moliyalashtirish ajratish bo‘yicha
taklifni direktorlar kengashi tasdig‘iga kiritishni rejalashtirgan.
OTB 2010-yildan buyon
O‘zbekiston energetika sohasiga jami 3,4 mlrd dollardan ortiq moliyalashtirish
va kafolatlar taqdim etgan. Yangi dastur “O‘zbekiston — 2030” strategiyasini
amalga oshirish, qayta tiklanuvchi energetikani rivojlantirish va energiya
samaradorligini oshirish maqsadlariga ham xizmat qiladi.
Dastur, shuningdek, OTBning
O‘zbekiston bilan 2024−2028-yillarga mo‘ljallangan hamkorlik strategiyasi
doirasida amalga oshiriladi.
Mazkur dastur OTBning
mintaqada energetika infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha keng ko‘lamli
rejalari fonida amalga oshirilmoqda. Bank may oyida 2035-yilgacha Osiyo
va Tinch okeani mintaqasida energetika tizimlarini o‘zaro bog‘lash
va transchegaraviy elektr energiyasi savdosini kengaytirish uchun 50 mlrd
dollar safarbar etish tashabbusini e’lon qilgan edi.
OTB 2024-yilda O‘zbekiston
bilan 2028-yilgacha bo‘lgan davrga mo‘ljallangan yangi sheriklik strategiyasi
ishga tushirilishini e’lon qilgandi. Asosiy vazifalar qatorida
iqtisodiyotni dekarbonizatsiya qilish ko‘rsatilgan. Bank energetika infratuzilmasini
modernizatsiya qilish, qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanishni
kengaytirish va qazib olinadigan yoqilg‘i uchun subsidiyalarni
qisqartirishga ko‘maklashishni rejalashtirmoqda.
gazeta.uz
Sarlavxa :
Iqtisodiyot
16 10 2026 / 10:30