Oʻzbekiston
Osiyoda ishonch infratuzilmasini shakllantirish, sunʼiy intellektdan
masʼuliyatli foydalanish va iqlim oʻzgarishlariga moslashish boʻyicha
hamkorlikni kuchaytirishni taklif qilmoqda. Prezident Shavkat Mirziyoyev bu
tashabbuslarni 15-oktabr kuni Bokuda boʻlib oʻtgan OHICHK sammitida ilgari
surdi.
Shavkat
Mirziyoyev Boku sammitida sunʼiy intellektdan masʼuliyatli foydalanish
tashabbusini ilgari surdi
Prezident
Shavkat Mirziyoyev 15-oktabr kuni Ozarboyjon poytaxti Boku shahrida Osiyoda
hamkorlik va ishonch choralari boʻyicha kengashning (OHICHK) yettinchi
sammitida ishtirok etdi.
OHICHK
1992-yilda tashkil etilgan, hozirgi kunda 28 ta aʼzo davlat, kuzatuvchi
maqomidagi 9 ta mamlakat va 5 ta xalqaro tashkilotni birlashtirgan xalqaro
platforma hisoblanadi.
Kun tartibiga
muvofiq, xalqaro vaziyat va hamkorlikni kengaytirish istiqbollari yuzasidan
fikr almashildi hamda bir qator tashkiliy masalalar koʻrib chiqildi.
Shavkat
Mirziyoyev Boku sammitidagi nutqida dunyodagi chuqur geosiyosiy oʻzgarishlar
yanada yaqin hamkorlik va birgalikda qarorlar qabul qilishni talab etayotgani
haqida soʻz yuritdi.
– Ayniqsa,
Osiyoning turli hududlaridagi qurolli nizolar barchamizni chuqur xavotirga
solmoqda. Ularning oqibatlari mojaro hududidan tashqariga chiqib, siz bilan biz
yashayotgan mintaqa xavfsizligiga jiddiy putur yetkazmoqda, global
iqtisodiyotga zarar keltirib, millionlab insonlarning hayotiga salbiy taʼsir
koʻrsatmoqda, – dedi davlat rahbari.
Prezident har
qanday nizo va kelishmovchiliklar faqat tinch yoʻl bilan, siyosiy-diplomatik
vositalar orqali, xalqaro huquq va barcha tomonlar manfaatlarini inobatga olgan
holda hal etilishi zarurligini taʼkidladi.
Oʻzaro uygʻun va oldindan taxmin qilish mumkin boʻlgan harakatlarga, olingan barcha majburiyatlarni bajarishga asoslangan munosabatlarning barqaror tizimini yaratishda OHICHK alohida oʻrin tutishi qayd etildi.
Shu munosabat
bilan Oʻzbekiston yetakchisi tomonidan Osiyoda ishonch infratuzilmasini
shakllantirish konsepsiyasini ishlab chiqish, unda davlatlar oʻrtasida oʻzaro
bogʻliqlik va hamkorlikni kengaytirishning asosiy yoʻnalishlari hamda aniq
chora-tadbirlarini belgilash taklif qilindi.
– Transport va
energetika boʻyicha qoʻshma loyihalar, savdo va raqamli aloqalarni
rivojlantirish, madaniy-gumanitar almashuvlar katta ahamiyatga ega, – dedi
Shavkat Mirziyoyev.
Prezident
soʻzining davomida hozirgi shiddatli texnologik taraqqiyot va iqlim
oʻzgarishlari ham yangi vazifalarni kun tartibiga qoʻyayotganini taʼkidladi.
– Sunʼiy
intellekt kundalik hayotimizni tez oʻzgartirmoqda. U cheksiz imkoniyatlar
yaratish bilan birga jiddiy xavf-xatarlarni ham keltirib chiqarmoqda. Endi biz
raqamli taraqqiyot barchaga birdek foyda keltirishi, texnologik rivojlanishdagi
farq qisqarishi uchun bor imkoniyatlarni safarbar etishimiz zarur, - dedi
davlat rahbari.
Shu maqsadda
Texnologik ishonch va sunʼiy intellektdan masʼuliyat bilan foydalanish boʻyicha
Osiyo tashabbusi ilgari surildi. Uni amalga oshirish doirasida OHICHK huzurida
ekspertlar maydonini tashkil etish taklifi ham bildirildi. Unda mutaxassislar
umumiy tavsiyalarni ishlab chiqish va amaliy choralarni kelishib olish imkoniga
ega boʻladilar.
Shu bilan birga,
OHICHK aʼzo davlatlarining iqlim oʻzgarishlariga moslashish borasidagi
saʼy-harakatlarini birlashtirish maqsadida Iqlim barqarorligi boʻyicha
hamkorlikni yoʻlga qoʻyish taklif etildi.
Oʻzbekiston
OHICHK Inson mezoni boʻyicha koordinatori ekanini inobatga olib, kelgusi yili
mamlakatimiz Inson salohiyatini rivojlantirish boʻyicha forumni oʻtkazishga
tayyorligi, bu borada Kengashning 2028-yilga qadar boʻlgan davrga moʻljallangan
Harakatlar dasturini ishlab chiqish muhimligi taʼkidlandi.
Oʻzbekiston
Qoʻshilmaslik harakatiga raislikni qabul qilishi munosabati bilan davlat
rahbari barchani tashkilotning kelgusi yili Toshkent shahrida oʻtkaziladigan
yigirmanchi sammitiga taklif qildi.
Mirziyoyev
soʻzining yakunida OHICHK tashkiliy asoslarini yanada mustahkamlash va uning
nizomini takomillashtirish borasidagi ishlarni hamda Kengashning bosh kotibi
lavozimiga Ozarboyjon tomonidan ilgari surilgan nomzodni qoʻllab-quvvatlashini
bildirib, Ozarboyjonning Kengashga raislikni 2028-yilgacha davom ettirish
niyatini olqishladi.
kun.uz
Sarlavxa :
Ijtimoiy–siyosiy
16 10 2026 / 11:56