Prezident Shavkat Mirziyov bosh vazir Li Siyang
boshchiligidagi Xitoy delegatsiyasini qabul qildi. Rasmiy xabarga koʻra,
uchrashuvda bir qator sohalar, xususan “yashil” energetika va tinch atom
sohalaridagi hamkorlikni kengaytirish muhimligi taʼkidlangan. Kecha davlat
rahbari ikkinchi va uchinchi AESlar qurish rejasini yangi hamkorlar va
investorlar bilan ertaga muhokama qilishini aytgandi.
Shavkat Mirziyoyev Xitoy bosh vaziri bilan tinch atom
yoʻnalishidagi hamkorlikni muhokama qildi
Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 17-oktabr
kuni Xitoy Xalq Respublikasi Davlat kengashi bosh vaziri Li Siyang
boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.
Davlat rahbarining matbuot xizmati xabariga koʻra,
uchrashuvda “yashil” energetika, kimyo sanoati, geologiya, avtomobilsozlik,
metallurgiya, qishloq xoʻjaligi, infratuzilmani modernizatsiya qilish, tinch
atom, raqamli texnologiyalar, sunʼiy intellekt, uskuna ishlab chiqarish va
robototexnika sohalarida hamkorlikni kengaytirish muhimligi taʼkidlangan.
“Xitoy – Qirgʻiziston – Oʻzbekiston” strategik temir
yoʻli qurilishi jadal surʼatlarda davom etmoqda. Uning ishga tushirilishi
mintaqada savdoni rivojlantirish va transport jihatidan bogʻliqlikni
mustahkamlashga yanada kuchli surʼat bagʻishlashi taʼkidlandi.
Muzokara chogʻida turizm, madaniyat va taʼlim sohalaridagi almashinuvlarni kengaytirish masalalariga alohida urgʻu berildi. Bu boradagi hamkorlik koʻlamini yanada kengaytirish maqsadida ikki mamlakat shaharlari oʻrtasidagi aviaqatnovlar sonini koʻpaytirish rejalari muhokama qilindi”, – deyiladi rasmiy xabarda.
Eslatib oʻtamiz, 16-oktabr kuni prezident Shavkat
Mirziyoyev Oʻzbekistonda ikkinchi va uchinchi AESlar qurish masalasini yangi
hamkorlar bilan ertaga muhokama qilishini aytgandi.
“Birinchi atom elektr stansiyasi qurilishini
boshladik. Ikkinchi va uchinchisini qurish boʻyicha ham rejalarimiz bor. Ertaga
yangi hamkorlarimiz va investorlar bilan ikkinchi atom elektr stansiyasini
qurish masalasini muhokama qilamiz”, – degandi davlat rahbari.
Oʻtgan oyda Serbiya prezidenti Aleksandr Vuchich
Oʻzbekiston yetakchisi bilan muzokaralari haqida soʻzlab berarkan, Oʻzbekiston
ikkinchi AESni Xitoy bilan hamkorlikda qurmoqchi ekanini aytgandi.
“Bugun ertalab tet-a-tet muloqotimizda prezident
Mirziyoyevdan soʻradim va u menga shunday dedi: “Bitta atom stansiyasini ruslar
bilan, ikkinchi stansiyani xitoyliklar bilan quryapmiz, lekin menga bu yetarli
emas. Buni tugatmasimdan yana qurishni boshlayman, ishlashda davom etaman”, –
deya Shavkat Mirziyoyevdan iqtibos keltirgandi Serbiya prezidenti.
kun.uz
K.Chegaboyev
Sarlavxa :
Iqtisodiyot
19 10 2026 / 11:12