Loading...
Ўзбекча Русский Ўзб Рус

O‘zbekiston–AQSH hamkorligi: yangi investitsiyalar, iqtisodiy imkoniyatlar va mintaqaviy taraqqiyot



Ulashing :


AQSH Davlat kotibi Marko Rubioning Samarqandga tashrifi O‘zbekiston–AQSH munosabatlarini yangi bosqichga olib chiqish, strategik sheriklikni amaliy mazmun bilan boyitish yo‘lida muhim siyosiy voqeadir. «C5+1» formatidagi uchrashuvlar esa AQSH va Markaziy Osiyoning besh davlati o‘rtasidagi muloqotni mustahkamlash, umumiy manfaatlarga asoslangan hamkorlikni kengaytirish uchun muhim maydon bo‘lib xizmat qiladi.

Bu galgi muloqotlarda iqtisodiy manfaatlar, avvalo, investitsiyalarni jalb etish, savdo aloqalarini kengaytirish, strategik minerallar sohasida hamkorlikni rivojlantirish va yirik qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda. AQSH Davlat kotibi tashrif yakunlari bo‘yicha milliardlab dollarlik kelishuvlar imzolanishi kutilayotganini ma’lum qilgani hamkorlikning amaliy natijalariga bo‘lgan intilishni ko‘rsatadi. Samarqandga qariyb 300 ta Amerika kompaniyasi vakillarining tashrif buyurgani esa mamlakatimizga xorijiy biznes vakillarining qiziqishi ortib borayotganidan dalolat beradi.

Ayniqsa, Amerika–O‘zbekiston ishbilarmonlik va investitsiya kengashining ikkinchi yig‘ilishi yangi iqtisodiy tashabbuslarni ilgari surish, biznes vakillari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni mustahkamlash hamda investitsiya loyihalarini amaliy bosqichga olib chiqishda muhim ahamiyat kasb etadi. Moliyalashtirish, bank xizmatlari, sanoat, aviatsiya va strategik xomashyo yo‘nalishlaridagi hamkorlik imkoniyatlari mamlakatimiz tadbirkorlari uchun ham yangi bozorlar, zamonaviy texnologiyalar va xalqaro sheriklik eshiklarini ochishi mumkin.

Eng muhimi, bunday muloqotlar tashqi siyosatdagi ishonchni iqtisodiy natijalarga aylantirishga xizmat qilishi lozim. O‘zbekiston uchun har bir investitsiyaviy kelishuv — yangi ish o‘rinlari, mahalliy ishlab chiqarishni kengaytirish, tadbirkorlar salohiyatini oshirish va aholi farovonligini ta’minlash imkoniyatidir. Shu ma’noda, Samarqanddagi uchrashuvlar nafaqat ikki tomonlama munosabatlar, balki butun Markaziy Osiyoning barqarorligi va taraqqiyoti uchun ham muhim ahamiyatga ega.


Аktam XAITOV rasmiy kanalidan


Sarlavxa :
Iqtisodiyot

19 10 2026 / 13:59