Loading...
Ўзбекча Русский Ўзб Рус

AQSh va Markaziy Osiyo mamlakatlari savdo, energetika va madaniyat sohalarida hamkorlikni rivojlantirishga kelishib oldi



Ulashing :


AQSh va Markaziy Osiyo davlatlari C5+1 formati doirasida savdo, madaniyat va xavfsizlik sohalarida hamkorlikni rivojlantirish, shuningdek, energetika, foydali qazilmalarni qazib olish va qayta ishlash bo‘yicha sheriklikni mustahkamlash niyatida.

O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmaniston tashqi ishlar vazirlari hamda AQSh davlat kotibi 19-oktabr kuni Samarqandda bo‘lib o‘tgan C5+1 formatidagi vazirlar uchrashuvi yakunlari bo‘yicha qo‘shma bayonot imzoladi. Hujjatda Markaziy Osiyo mamlakatlari va AQSh o‘rtasidagi hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari belgilangan.

“Joriy yilda Qozog‘iston, Qirg‘iz Respublikasi, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligini, Amerika Qo‘shma Shtatlari esa o‘z mustaqilligining 250 yilligini keng nishonlayotgan bir paytda, biz kelgusi ko‘plab avlodlar davomida mustahkam sheriklikni rivojlantirishni ko‘zlamoqdamiz”, — deyiladi bayonotda.

Tomonlar ikki tomonlama savdo va investitsiyalarga turtki berish, shuningdek, tez o‘sayotgan bozorlarda yangi imkoniyatlar ochish maqsadida Transkaspiy transport yo‘nalishini yanada rivojlantirish zarurligini ta’kidladi.

“Markaziy Osiyoda mintaqaviy iqtisodiy integratsiyani yanada chuqurlashtirish, jumladan, mintaqa ichidagi savdoni kengaytirish, transport aloqalarini yaxshilash, bojxona tartib-taomillarini uyg‘unlashtirish va sanoat sohasidagi hamkorlikni mustahkamlash orqali biz AQSh bilan bog‘langan, raqobatbardosh mintaqaviy bozorni shakllantirmoqdamiz”, — deyiladi bayonotda. “Biz Markaziy Osiyoning global iqtisodiyot markazidagi o‘rnini qayta tiklashga intilamiz”.

B5+1 platformasi Markaziy Osiyoda Amerika kompaniyalari uchun imkoniyatlar yaratishda davom etadi. “Shu bilan birga, hukumatlarimiz Markaziy Osiyo mamlakatlari korxonalari uchun AQSh bozoriga sarmoya kiritish imkoniyatlarini kengaytirishga intilmoqda. Xavfsiz va ishonchli texnologiyalar, AQShning texnologik sohadagi ilg‘or tajribasi, shuningdek, Markaziy Osiyo davlatlarining o‘sib borayotgan texnologik sektorlariga tayanib, biz elektron tijorat rivojlanadigan, innovatsion yechimlar faol joriy etiladigan va iqtidorli tadbirkorlar muvaffaqiyatli rivojlanishi uchun barcha shart-sharoitlarga ega bo‘lgan mintaqani shakllantirishga intilmoqdamiz”, — deyiladi bayonotda.

Tomonlar AQSh va Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasidagi energetika bo‘yicha sheriklikni mustahkamlash yuqori qo‘shilgan qiymatli integratsiyalashgan ta’minot zanjirlarini yaratishga yordam berishini hamda barqaror iqtisodiy o‘sish va energetik barqarorlikni ta’minlashini qayd etdi.

“Har bir mamlakatimiz o‘zlashtirilmagan tabiiy resurslarning noyob zaxiralariga ega. Mintaqada energetika sektorini rivojlantirishning kuchli jamoaviy drayveriga aylanish uchun biz o‘z kuchli tomonlarimizni birlashtiramiz… Foydali qazilmalarni qazib olish va qayta ishlash bo‘yicha keng istiqbollarni ko‘rmoqdamiz, bu har bir mamlakatimiz uchun foydani maksimal darajaga ko‘tarish imkonini beradi. Shuningdek, Markaziy Osiyo davlatlari mintaqa ichida yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ulushini oshirish bo‘yicha innovatsion yondashuvlarni ishlab chiqish hamda ushbu mahsulotlarni xalqaro bozorlarga olib chiqish mexanizmlarini yaratish hisobiga o‘z eksport salohiyatini ro‘yobga chiqarishiga umid qilamiz”, — deyiladi bayonotda.

Markaziy Osiyo mamlakatlari va AQSh, shuningdek, C5+1 formati doirasida xavfsizlik sohasidagi hamkorlikni mustahkamlash niyatida. Bunda terrorizm va transmilliy uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashish, shuningdek, chegara xavfsizligini mustahkamlashga alohida e’tibor qaratiladi.

“Bizning birgalikdagi sa’y-harakatlarimiz xavfsizlik darajasini oshirishga, shu jumladan, noqonuniy immigratsiya, odam savdosi, shuningdek, giyohvand moddalar va qurol-yarog‘larning noqonuniy aylanmasiga qarshi kurashish hisobiga xizmat qiladi… Raqamli davr tahdidlarini kamaytirishga qaratilgan zamonaviy yondashuv — jumladan, C5+1 formatida kiberxavfsizlik sohasidagi hamkorlikni chuqurlashtirish orqali — kiberjinoyatlarga qarshi muvaffaqiyatli kurashish qobiliyatimizni mustahkamlaydi”, — deyiladi bayonotda.

Tomonlar AQSh va Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasida yadroviy materiallarni saqlash bo‘yicha uzoq muddatli hamkorlikni qo‘llab-quvvatladi. “Markaziy Osiyoda yadro qurolidan xoli hudud yaratish tajribasiga tayangan holda, biz yadroviy xavfsizlik, tarqatmaslik kafolatlari, yadroviy materiallarni jismoniy himoya qilish va atom energiyasidan tinch maqsadlarda foydalanish masalalari bo‘yicha amaliy hamkorlikni chuqurlashtiramiz”, — deb qayd etiladi bayonotda.

Tomonlar, shuningdek, C5+1 formatidagi barcha ishtirokchi davlatlarning madaniy merosini asrab-avaylash va bu boradagi hamkorlikni mustahkamlashga sodiqligini tasdiqladi.

“Biz C5+1 mamlakatlarining noyob tarixini ommalashtirish va himoya qilish maqsadida huquqni muhofaza qiluvchi organlar va madaniyat muassasalari o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantiramiz. Kasbiy, madaniy va ta’lim almashinuvlarini kengaytirishga; qadimiy yodgorliklarni saqlash va himoya qilish uchun yangi texnologiyalardan foydalanishga; madaniy merosni muhofaza qilish masalalarini huquqni muhofaza qiluvchi organlar faoliyatiga integratsiya qilishga; shuningdek, jahon arenasida yetakchi rol o‘ynay oladigan yuqori malakali kadrlar tayyorlashga intilamiz”, — deyiladi bayonotda.

gazeta.uz


Sarlavxa :
Ijtimoiy–siyosiy

21 10 2026 / 11:45