Muhim minerallarni chuqur qayta ishlash,
maʼlumotlarni qayta ishlash markazlarini tashkil etish va sunʼiy intellektni
joriy qilish Oʻzbekistonning AQSH bilan hamkorlikdagi ustuvor yoʻnalishlariga
aylanishi mumkin. Prezident Shavkat Mirziyoyev Samarqanddagi biznes-forumda
ikki mamlakat iqtisodiy aloqalarini kengaytirish vazifalarini belgilab berdi.
Shavkat Mirziyoyev Oʻzbekiston – AQSH iqtisodiy
hamkorligining yangi ustuvor yoʻnalishlarini belgiladi
Prezident Shavkat Mirziyoyev 19-oktabr kuni
Amerika-Oʻzbekiston ishbilarmonlik va investitsiya kengashining ikkinchi
yigʻilishi ochilishida ishtirok etdi.
Tadbirda AQSH davlat kotibi Marko Rubio, AQSH
prezidentining maxsus vakili Serjio Gor, Amerikaning yetakchi kompaniyalari va
banklari vakillari ham qatnashdi.
Davlat rahbari oʻz nutqida Oʻzbekiston va AQSH
oʻrtasidagi hamkorlikning yangi imkoniyatlari koʻp asrlar davomida xalqlar,
madaniyatlar va savdo yoʻllarini birlashtirib kelgan shahar – Samarqandda
muhokama qilinayotgani ramziy maʼnoga ega ekanini taʼkidladi.
Bugungi kunda Oʻzbekiston va Amerika oʻrtasidagi
munosabatlar sifat jihatidan yangi bosqichga koʻtarilgani, bu eng avvalo, AQSH
prezidenti Donald Trampning shaxsiy eʼtibori va qoʻllab-quvvatlovi tufayli
ekani qayd etildi.
Mustahkam siyosiy sheriklik asosida iqtisodiy
aloqalarni yanada kengaytirish zarurligi taʼkidlandi.
Bu borada qoʻshma loyihalar va tashabbuslarni ilgari
surishga salmoqli hissa qoʻshayotgan Amerika-Oʻzbekiston ishbilarmonlik va
investitsiya kengashi alohida oʻrin tutadi.
Davlat rahbari Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan
keng koʻlamli islohotlarga toʻxtalib oʻtdi. Iqtisodiyot oʻsib bormoqda, yangi
korxonalar ishga tushirilmoqda, ish oʻrinlari yaratilmoqda, yoshlar uchun
taʼlim olish imkoniyatlari kengaymoqda.
Shu bilan birga, sanoatni yanada rivojlantirish va
zamonaviy infratuzilmani barpo etish uchun investitsiyalar jalb qilish jarayoni
ilgʻor texnologiyalarni joriy etish, bilim va tajriba almashish bilan birga
olib borilishi zarurligi taʼkidlandi.
Bu borada AQSH biznesi bilan hamkorlik qilish
boʻyicha katta tajriba toʻplangani taʼkidlandi. Bugungi kunda Oʻzbekistonda
Amerika sarmoyasi ishtirokidagi yuzlab kompaniyalar faoliyat yuritmoqda. Ular
bilan sanoat, energetika, transport, qishloq xoʻjaligi, taʼlim va yangi
texnologiyalar sohalarida hamkorlik yoʻlga qoʻyilgan. Ayni paytda Oʻzbekiston
kompaniyalari ham AQSH iqtisodiyotiga investitsiya kiritishni boshlamoqda.
Muhim minerallarni oʻzlashtirish va chuqur qayta
ishlash orqali yuqori texnologik mahsulotlar ishlab chiqarish, zamonaviy va
barqaror energetika tizimini rivojlantirish, maʼlumotlarni qayta ishlash
markazlarini tashkil etish, sanoat, qishloq xoʻjaligi, taʼlim va davlat
boshqaruviga sunʼiy intellekt hamda raqamli yechimlarni joriy qilish, taʼlim va
kadrlar tayyorlash hamkorlikni yanada kengaytirish uchun istiqbolli
yoʻnalishlar sifatida koʻrsatib oʻtildi.
Ishbilarmonlik va investitsiya kengashining bugungi
yigʻilishiga katta tayyorgarlik koʻrilgani qayd etildi. Natijada umumiy qiymati
qariyb 12 milliard dollarlik 54 ta kelishuv va istiqbolli tashabbusdan iborat
toʻplam shakllantirildi. Ularni amalga oshirish uchun kompleks harakatlar
dasturi ishlab chiqiladi.
Kengash faoliyatini yanada takomillashtirish maqsadida kuch va imkoniyatlarni uchta ustuvor vazifani hal etishga safarbar etish muhimligi taʼkidlandi.
Avvalo, AQSH tadbirkorlari uchun tushunarli va
oldindan taxmin qilish mumkin boʻlgan shart-sharoitlarni yaratish zarur.
Oʻzbekistonga kelgan sarmoyador maʼmuriy tartib-taomillarga vaqt sarflamasdan,
tezda oʻz biznesini boshlash imkoniyatiga ega boʻlishi lozim.
Bu borada investorlar bilan ishlashda “Plug and Play”
tamoyiliga asoslangan yangi yondashuvga oʻtilayotgani taʼkidlandi. Ularga yer
maydoni, infratuzilma, ruxsat olish va hujjatlar rasmiylashtirish masalalari
hal etilgan tayyor loyihalar taklif etiladi.
Shu bilan birga, oʻzbekistonlik tadbirkorlar ham
hamkor sifatida ishtirok etishi va investitsiyaviy xatarlarning bir qismini oʻz
zimmasiga olishi mumkin. Yangi tashkil etilgan Toʻgʻridan toʻgʻri
investitsiyalar jamgʻarmasi ham bunday loyihalarda ishtirok etadi.
Keyingi ustuvor vazifa sifatida iqtisodiyotning yangi
tarmoqlarini hamda sanoat va texnologiyalar jadal rivojlanishiga xizmat
qiladigan yirik markazlarni birgalikda shakllantirish muhimligi qayd etildi.
Kengash ikki mamlakat oʻrtasidagi uzoq muddatli
iqtisodiy sheriklikning strategik mexanizmiga aylanishi lozimligi taʼkidlandi.
Shu munosabat bilan 2035-yilgacha boʻlgan davrga moʻljallangan
savdo-investitsiyaviy va texnologik hamkorlik dasturini ishlab chiqish taklif
etildi.
Shu bilan birga, kengash yangi tashabbuslarni ishlab
chiqish, tizimli toʻsiqlarni bartaraf etish va yirik qoʻshma loyihalarni ilgari
surishda muhim oʻrin tutadigan muloqot maydoniga aylanishi lozim.
kun.uz
Sarlavxa :
Iqtisodiyot
21 10 2026 / 12:27