AQSh
delegatsiyasining O‘zbekistonga tashrifi doirasida savdo, investitsiya
va texnologik hamkorlik sohalarida 54 ta kelishuvdan iborat paket
imzolandi. Ularni amalga oshirish uchun 12 mlrd dollar o‘zlashtirilishi
rejalashtirilgan. Bu haqda Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi
matbuot xizmati xabar berdi.
Kelishuvlar sanoat, transport
va energetika infratuzilmasi, muhim minerallar, moliya sektori, raqamli
texnologiyalar, qishloq xo‘jaligi, sog‘liqni saqlash va ta’lim sohalarini
qamrab oladi.
Wabtec bilan tashabbuslar temiryo‘l texnikasi
va butlovchi qismlar ishlab chiqarishni mahalliylashtirishga qaratilgan.
Franklin Templeton, Oppenheimer & Co.,
Citigroup va BlackRock bilan kelishuvlar milliy kompaniyalarning xalqaro
kapital bozorlariga chiqishi, institutsional investorlarni jalb etish
va infratuzilma loyihalarini moliyalashtirishga qaratilgan.
Konchilik sohasida ReElement Technologies, Traxys va Trafigura bilan kelishuvlar konlarni o‘rganish va o‘zlashtirish, texnologik hamkorlik hamda mineral resurslarni yetkazib berish bilan bog‘liq. Shuningdek, O‘zbekistonning muhim minerallar sohasidagi salohiyatini rivojlantirish ko‘zda tutilgan.
Amazon Leo bilan tashabbuslar sun’iy yo‘ldosh
aloqasini rivojlantirish, GE HealthCare bilan kelishuvlar zamonaviy tibbiy
texnologiyalarni joriy etish, Valmont Industries bilan hamkorlik esa qishloq
xo‘jaligi samaradorligini oshirishni nazarda tutadi.
Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi
ma’lumotiga ko‘ra, biznes dasturda 400 dan ortiq kompaniya vakillari
qatnashgan: ularning 100 dan ortig‘i AQShdan, 100 tasi Markaziy Osiyoning
boshqa mamlakatlaridan va 200 tasi O‘zbekiston korxonalaridan.
gazeta.uz
Sarlavxa :
Iqtisodiyot
21 10 2026 / 13:58