Prezident Shavkat
Mirziyoyev 20-oktabr kuni intensiv baliqchilik loyihalarini jadallashtirish
va energotejamkor limonchilik issiqxonalarini tashkil etish bo‘yicha
taqdimot bilan tanishdi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar berdi.
Mamlakatda intensiv baliqchilikni kengaytirib,
yiliga 1 million tonna baliq yetishtirish vazifasi qo‘yilgan. Taqdimotda
bu maqsadga erishish uchun meliorativ tik quduqlar imkoniyatidan
foydalanish rejalari Baliqchi tumani misolida ko‘rib chiqildi.
Tumandagi 24 ta quduq atrofida chavoq
va ozuqa ta’minotidan tortib, baliq yetishtirish, qayta ishlash, saqlash
va sotishgacha bo‘lgan jarayonlarni qamrab oluvchi intensiv baliqchilik
majmualarini tashkil etish rejalashtirilgan.
Har biri 50 sotix maydonni egallaydigan
loyihalarda yiliga kamida 30 tonna forel yetishtirish va 10 ta ish
o‘rni yaratish ko‘zda tutilmoqda. Loyihalarni yagona tizimda boshqarish uchun
baliqchilik xoldingini tashkil etish taklif qilindi.
Baliqchi tajribasini boshqa hududlarga tatbiq
etish maqsadida 2027-yil 1-martga qadar respublikadagi 4 mingdan ziyod
meliorativ tik quduqni xatlovdan o‘tkazish topshirildi.
Baliq yetishtirishga yaroqli quduqlarni ilg‘or
tadbirkorlarga davlat-xususiy sheriklik asosida boshqaruvga berish nazarda
tutilmoqda.
Shuningdek, Xonobodda sovuq suv baliqlarini
yetishtirish va qayta ishlash, Ulug‘norda esa suv havzalari negizida
baliqchilik loyihalarini amalga oshirish rejalari haqida axborot berildi.
Taqdimotning ikkinchi qismi Baliqchi tumanida
limonchilikni rivojlantirishga bag‘ishlandi.
Tumandagi
to‘qqizta mahalla atrofida 100 gektar maydonda energotejamkor issiqxonalar
qurib, ularni tayyor holda tadbirkorlarga taklif etish rejalashtirilmoqda.
Limon yetishtirish, saralash, qayta ishlash, qadoqlash, saqlash va sotish
jarayonlari yagona kooperatsiya zanjiriga birlashtiriladi.
Loyihaga
ishsiz va kambag‘al oilalarni jalb etishga alohida e’tibor qaratildi. Dastlabki
hisob-kitoblarga ko‘ra, 500 ta issiqxonada mahalliy oilalardan kamida 1
ming kishi ish bilan ta’minlanadi.
Limon ko‘chatlari hosilga kirguniga qadar
oraliq ekinlar yetishtirish orqali qo‘shimcha daromad olish imkoniyati ham
ko‘zda tutilgan.
Baliqchi tajribasi asosida kelgusi yil
hududlarda jami 200 gektar maydonda kambag‘al oilalar va ishsizlar uchun
energotejamkor issiqxona majmualarini barpo etish rejalashtirilgan.
Bu ikki mingta oilaning daromadini oshirishga xizmat qilishi kutilmoqda.
Taqdimot yakunida prezident ushbu loyihalarni
moliyaviy qo‘llab-quvvatlash, aholini baliqchilik va limonchilikka
o‘qitish xarajatlarini qoplab berish choralarini ko‘rish bo‘yicha
mutasaddilarga topshiriqlar berdi.
Sarlavxa :
Iqtisodiyot
22 10 2026 / 11:03