Shavkat Mirziyoyev Qashqadaryoga
tashrifi chog‘ida qiymati 6 mlrd dollardan oshadigan 161 ta sanoat
va infratuzilma loyihasini ishga tushirdi hamda yangilari qurilishiga
start berdi. Tashabbuslar energetika, to‘qimachilik va agrosanoat sohalarini qamrab
olib, viloyatda minglab yangi ish o‘rinlarini yaratishi kutilmoqda.
Shavkat Mirziyoyev Qashqadaryo viloyatiga tashrifi doirasida
yangi loyihalarni ishga tushirish va qurilishiga start berish marosimida
ishtirok etdi, deya xabar bermoqda prezident matbuot xizmati.
Davlat rahbari so‘nggi besh yilda viloyatga 20 trln so‘m mablag‘
yo‘naltirilib, 7 mlrd dollar xorijiy investitsiya jalb qilinganini qayd etdi.
“Xomashyoni chuqur qayta
ishlashga qaratilgan minglab loyihalar ishga tushirildi, aholi jon boshiga
daromad uch baravar oshdi. Endi yetishtirilgan mahsulotni viloyatning
o‘zida chuqur qayta ishlab, voha aholisining munosib daromad topishiga sharoit yaratish
kerak”, — dedi u.
Shu maqsadda umumiy qiymati 6 mlrd dollardan ziyod bo‘lgan 161
ta loyiha tayyorlangan. Marosimda 69 ta loyiha ishga tushirildi, yana
92 tasining qurilishiga start berildi.
Ishga tushirilayotgan 28 ta sanoat korxonasida 7 mingga yaqin doimiy
ish o‘rni yaratilmoqda. Italiyaning
Cotonella brendi yiliga 8,5 mln dona tayyor trikotaj mahsuloti ishlab chiqarishni
yo‘lga qo‘ymoqda. Koson, Mirishkor va Kasbi tumanlarida
to‘qimachilik sohasida yana 14 ta loyiha boshlanmoqda. Ular hisobidan 18
mingta ish o‘rni yaratish ko‘zda tutilgan.
AQShlik hamkorlar ishtirokidagi Wosune Food Ingredients Karshi korxonasi
3,5 ming gektar maydonda yetishtiriladigan 100 ming tonna meva-sabzavotni qayta
ishlaydi. Uning 40 mln dollarlik mahsulotini Nestlé va Purina kabi xalqaro
brendlar uchun eksportga yo‘naltirish rejalashtirilgan. Misr va Pokiston
investorlari esa Nishon va G‘uzor tumanlarida 24 ming gektar yerni
o‘zlashtirib, kartoshkachilik va chorvachilik loyihalarini boshlamoqda.
“„Yashil“ iqtisodiyot
viloyatni rivojlantirish uchun mustahkam poydevor bo‘ladi. 2027-yil
Qashqadaryoni zamonaviy sanoat va agrotexnologiyalar asosida rivojlantirish
yili bo‘ladi”, — dedi davlat rahbari.
Oqsuv daryosida umumiy quvvati 24 megavatt bo‘lgan uchta gidroelektr stansiyasi
ishga tushirildi. Qarshi
tumanida Xitoyning Shanghai SUS kompaniyasi ishtirokida chiqindidan elektr
energiyasi ishlab chiqaradigan 150 mln dollarlik zavodni yil yakuniga qadar
ishga tushirish rejalashtirilgan. Shuningdek, Kitob, Yakkabog‘
va Shahrisabz tumanlarida umumiy quvvati 58 megavatt bo‘lgan to‘qqizta
mikroGES barpo etiladi.
Kitob tumanida Ozarbayjon bilan hamkorlikda oltin qazib olish loyihasi
boshlanmoqda. Shahrisabz tumanida esa rossiyalik investorlar bilan 300 mln
dollarlik dor yo‘li, mehmonxona va tog‘-chang‘i kurorti majmuasini tashkil
etish ko‘zda tutilgan.
Prezident xorijiy hamkorlar va investorlarga viloyatga sarmoya, yangi
texnologiya va innovatsiyalar olib kirayotgani uchun minnatdorlik
bildirdi. Ularning takliflari tinglandi.
gazeta.uz
Sarlavxa :
Iqtisodiyot
22 10 2026 / 11:53