O‘zbekiston
prezidenti 21-oktabrda imzolagan lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosining
yangi varianti to‘g‘risidagi qonun 2027-yil 22-apreldan — olti oydan
keyin kuchga kiradi.
Qonunga ko‘ra,
shu sanagacha chiqarilgan hujjatlar, milliy valyuta va qimmatli
qog‘ozlarda amaldagi alifbo harflarining bo‘lishi ularning amal qilishi
va muomalada bo‘lishiga to‘sqinlik qilmaydi.
Amaldagi alifbo harflari
tushirilgan davlat idoralari va tashkilotlarining ramzlari hamda boshqa
atributlari, binolariga o‘rnatilgan davlat gerbining bo‘rtma tasvirlari,
geografik obyektlar nomlari yozilgan peshlavha va ko‘rsatkichlar, shuningdek,
Vazirlar Mahkamasi belgilaydigan boshqa buyum va manbalar yaroqsiz holga
kelguncha yoki qonunni amalga oshirish chora-tadbirlari dasturida belgilangan
muddatga qadar ishlatilishi mumkin.
Hukumatga ikki oy ichida
ushbu dasturni ishlab chiqish va qabul qilish topshirildi.
Gazeta alifboning yangi
variantida 28 ta harf va qattiqlik belgisi o‘rnida apostrof bo‘lishi
haqida yozgan edi. Avvalgi alifboda 26 ta harf
va 3 ta harf birikmasi bor edi. Sh, Ch, Oʻ va Gʻ birikmalari o‘rniga Ş, Ç,
Ö va Ğ harflari kiritiladi, Ng esa alifbodan chiqariladi.
Lotin yozuviga asoslangan
alifbo 1993-yilda 33 ta harf va apostrof bilan joriy etilgan. Unda diakritik
belgili Ş, Ç, Õ, Ğ, Ĵ (j tovushini ifodalagan, u “dj”dan farq qiladi)
va Ń (ng tovushini ifodalagan) harflari, shuningdek, “s” tovushi uchun C
harfi bo‘lgan. 1995-yilda diakritik belgili harflar Sh, Ch, Oʻ, Gʻ
va Ng birikmalari bilan almashtirilgan, C harfi esa chiqarib tashlangan.
Kirill alifbosidan lotin
yozuviga to‘liq o‘tish 2000-yilgacha yakunlanishi kutilgan edi. Ammo amalda
hozirgacha mamlakatda alifboning ikki — kirill va lotin yozuvidagi
variantidan foydalanib kelinmoqda.
Prezident 2020-yil oktabrda
o‘zbek tilini rivojlantirish va mamlakatda til siyosatini
takomillashtirish to‘g‘risidagi farmonni imzolagan. Unda lotin yozuviga to‘liq
o‘tishni yakunlash belgilangan edi.
gazeta.uz
Sarlavxa :
Ijtimoiy–siyosiy
22 10 2026 / 13:54