Oʻzbekistonda toʻlovga qobiliyatsizlik jarayonidagi
tadbirkorlar uchun maxsus bank hisobvaraqlari ochilishi belgilandi. Shuningdek,
fuqarolarga oʻzining barcha bank hisobvaraqlari haqidagi maʼlumotlarni istalgan
bankdan olish hamda hisobvaraq ochishda xorijga chiqish biometrik pasportidan
foydalanish imkoniyati yaratildi.
Bank hisobvaraqlariga oid tartib oʻzgardi:
tadbirkorlar va fuqarolar uchun qanday yangiliklar bor?
Adliya vazirligi maʼlumotiga koʻra, bank
hisobvaraqlarini ochish, yuritish va yopish tartibi toʻgʻrisidagi yoʻriqnomaga
tegishli oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritildi. Idoraviy hujjat 2026-yil
20-oktabrda 3420-3 raqami bilan davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan.
Yangi tartibga muvofiq, tadbirkorga nisbatan
sanatsiya, tashqi boshqaruv yoki tugatish tartib-taomili joriy etilsa, uning
mablagʻlarini boshqarish uchun bankda maxsus hisobvaraq ochiladi.
Bunda tadbirkorning asosiy va ikkilamchi
hisobvaraqlari boʻyicha chiqim operatsiyalari toʻxtatiladi. Ulardagi mavjud
mablagʻlar, shuningdek, keyinchalik kelib tushadigan pullar maxsus hisobvaraqqa
oʻtkaziladi.
Asosiy va ikkilamchi hisobvaraqlarga qoʻyilgan band
toʻlov hujjatlari, jumladan, inkasso topshiriqnomalari hamda band solish
toʻgʻrisidagi qarorlar ularni qoʻygan tashkilot va organlarga ijrosiz
qaytariladi.
Maxsus hisobvaraqdagi mablagʻlardan esa faqat
mijozning yoki sud boshqaruvchisining toʻlov topshiriqnomasi asosida
foydalaniladi. Adliya vazirligi mazkur choralar ogʻir moliyaviy ahvolga tushgan
tadbirkorlarning faoliyatini tiklashga xizmat qilishini qayd etgan.
Oʻzgartishlar fuqarolar uchun ham qator qulayliklarni
nazarda tutadi. Endi ular oʻzining barcha bank hisobvaraqlari haqidagi
maʼlumotlarni istalgan bankdan olishi mumkin. Ilgari bunday maʼlumot faqat
asosiy hisobvaraq ochilgan bankdan berilar edi.
Bundan tashqari, bank hisobvaraqlarini ochishda
shaxsni tasdiqlovchi hujjat sifatida xorijga chiqish biometrik pasportidan ham
foydalanish imkoniyati yaratildi.
kun.uz
Sarlavxa :
Iqtisodiyot
22 10 2026 / 14:19