O'zbekiston tadbirkorlik va fermerlikni qo'llab-quvvatlash markazi O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi NNTlarni va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo'llab-quvvatlash jamoat fondining "aholini tadbirkorlikka keng jalb etishga ko'maklashish" mavzusidagi Davlat granti 2-tanlovida "xotin-qizlar va yoshlarni iqtisodiy, moliyaviy va biznes sohasidagi ko'nikmalarini yuksaltirish" maqsadini nazarda tutuvchi ijtimoiy ahamiyatga molik "xotin-qizlar va yoshlar tadbirkorligini qo'llab-quvvatlash" loyihasi bilan g'olib chiqib, bugungi kungacha qator ishlarni amalga oshirib kelmoqda.
Yoshlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish hamda ularning ishbilarmonlik, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikka bo'lgan qiziqishlarini yanada kuchaytirish, foydali mehnat faoliyatiga o'rgatish, yosh tadbirkorlarning iqtisodiy, moliyaviy va biznes sohasidagi bilim va ko'nikmalarini yanada oshirish, yoshlarning intellektual salohiyatini yuksaltirish, ularning biznes tashabbuslari, startaplari, g'oyalarini amalga oshirishga ko'maklashish Markazning ustuvor vazifalardan biridir.
O'zbekiston tadbirkorlik va fermerlikni qo'llab-quvvatlash markazi Respublikamizda tadbirkorlik harakatining rivojlanishini hamda ushbu jarayonga yoshlar va xotin-qizlar bevosita bilimi va salohiyati bilan ko'proq ishtirok etishi va o'z hissasini qo'shishi lozim, deb hisoblaydi.
Yoshlarning tadbirkorlik va fermerlik faoliyatiga qiziqishini yanada kuchaytirish, oliy va o'rta maxsus ta'lim muassasalaridagi o'quvchi-talabalarni ishga joylashtirishga ko'maklashish, ularni ishbilarmonlikka o'rgatish, band bo'lmagan ishsiz yoshlar va xotin-qizlarni foydali mehnat faoliyatiga o'rgatish, ularning bandligini ta'minlash, ishbilarmon, tadbirkor yoshlar safini kengaytirish maqsadida Toshkent shahri, Qoraqalpog'iston va barcha viloyatlarda uch kunlik hududiy o'quv seminarlarini tashkil etish rejalashtirilgan. Seminarlarni o'tkazishga amaliy biznes tajribasiga ega bo'lgan tadbirkorlar jalb qilishdan tashqari, o'quv kurslarni tashkil etish va o'tkazish komissiyasi tarkibiga o'ndan ortiq deputatlar, iqtisodiyot va moliya sohasining malakali mutaxassislari, manfaatdor tashkilotlarning vakillari ham kiritilgan.
Kuni kecha Toshkent shahridagi "temir daftar", "ayollar daftari", "yoshlar daftari"ga kiritilgan 48 nafar xotin-qizlar, ishsiz yoshlar hamda tadbirkorlikka qiziquvchi talaba-yoshlar Markaz zalida, yuzdan ortiq tinglovchilar ZOOM platformasi orqali loyiha doirasida tashkil etilgan o'quv seminarlarida ishtirok etdilar.
Unda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati B.Mardaev, O'zbekiston savdo-sanoat palatasi vakili X.Madaliev, Soliq Qo'mitasidan I.Sevinchev, Oliy ta'lim, fan va innovasiyalar vazirligidan q.Sharipov, oila va xotin-qizlar qo'mitasidan G'.Umarov, yoshlar ishlari agentligidan S.Biyquziev, shuningdek, Mikrokreditbank, Agrobank, Xalq banki hamda yangi tashkil etilgan biznesni rivojlantirish banki mutaxassislari bilan bir qatorda kichik va o'rta biznesda muayyan yutuqlarga erishgan, taniqli tadbirkorlar tashrif buyurishdi. Tinglovchilarga boshlang'ich tadbirkorlik faoliyatini yo'lga qo'yish uchun yuridik shaxs yoki tadbirkorlik sub'ekti sifatida davlat ro'yxatidan o'tish, yuridik maqomga ega bo'lish uchun talab qilinadigan birlamchi hujjatlar haqida ma'lumotlar berildi. Huquqiy me'yorlar haqida tushuncha va tegishli ma'lumotga ega bo'lish, tadbirkorlik sub'ektining bank, soliq, bojxona va boshqa tegishli idoralar bilan o'zaro munosabatga kirishish layoqatiga ega bo'lishligi, bank muassasalaridan kredit rasmiylashtirish borasidagi mavjud huquqiy me'yorlar bilan yaqindan tanishish kabi masalalar haqida tegishli mutaxassislar tayyorlab kelgan slaydlari orqali batafsil so'zlab berishdi.
Shunisi e'tiborliki, mazkur loyihani amalga oshirish orqali:
-ishsiz xotin-qizlar va yoshlar o'rtasidagi bandlik muammolari masalalariga salmoqli hissa qo'shilib, ishbilarmonlik va tadbirkorlik orqali yoshlarning jamiyatda o'z munosib o'rnini egallashiga ko'maklashiladi;
-innovasion tashabbuslarni qo'llab-quvvatlash orqali ishbilarmonlik qobiliyatiga ega bo'lgan xotin-qizlar va yoshlar tadbirkorlikka, jumladan, oilaviy biznesga keng jalb qilinadi va ularga o'z biznesini yo'lga qo'yishga ko'maklashiladi;
-jamiyat tadbirkorlik va ishbilarmonlik ko'nikmalariga ega bo'lgan, jamiyatdagi o'zgarishlarda faol ishtirok etadigan xotin-qizlar va yoshlar hisobiga kengaytiriladi va davlatimizning istiqbolli kadrlari zahirasi to'ldiriladi.
Seminarda ishsiz xotin-qizlar va yoshlarning moliyaviy, iqtisodiy va biznes sohasidagi bilim-malakalarini yuksaltirish bilan bir qatorda ular uchun sohaga oid Qonunchilik normalari, qonun osti hujjatlari, sohaning etuk mutaxassislarining ilmiy-nazariy maqolalari kiritilgan "xotin-qizlar va yoshlar tadbirkorligini qo'llab-quvvatlash" nomli maxsus qo'llanma hamda tarqatma materiallar tarqatildi, tinglovchilarga sertifikatlar topshirildi.
Respublika bo'yicha o'quvlar oxirida "eng yaxshi biznes reja" taqdimoti o'tkaziladi hamda moliyalashtirishga muvofiq deb topilgan biznes rejalar imtiyozli kredit olish uchun tavsiya qilinadi, yuzdan ortiq ish o'rinlari yaratiladi.
O'zbekiston tadbirkorlik va fermerlikni qo'llab-quvvatlash markazi
06 12 2023 / 12:07