Loading...
Ўзбекча Русский Ўзб Рус

“Men ham tadbirkor bo‘laman” loyihasi



Ulashing :



“Men ham tadbirkor bo‘laman” loyihasi

O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi qoshidagi O‘zbekiston Tadbirkorlik va fermerlikni qo‘llab-quvvatlash markazi O‘zbekiston Nodavlat notijorat tashkilotlari Milliy Assotsiatsiyasi Jamoat fondi e’lon qilgan “YOshlar loyihalarini qo‘llab-quvvatlash” yo‘nalishidagi “O‘quvchi-talabalar va yosh tadbirkorlarda biznesni yuritish hamda loyiha ishi bo‘yicha ko‘nikmalarni shakllantirish” mavzusi bo‘yicha tanlov g‘olibi sifatida «Men ham tadbirkor bo‘laman» loyihasini amalga oshirmoqda.

Loyihaning maqsadi: Respublikamizdagi o‘quvchi-talabalar va yosh tadbirkorlarni biznes yuritishga o‘rgatish, mazkur sohada bilim va malakalarini oshirish hamda ularning biznes tashabbuslari, g‘oyalari va loyihalarini amalga oshirishga ko‘maklashish, band bo‘lmagan ishsiz yoshlarni foydali mehnat faoliyatiga o‘rgatish, bandligini ta’minlashga ko‘maklashishdan iborat. 2022 yilning oktyabr oyigacha davom etadigan mazkur loyiha orqali yangi tadbirkorlik sub’ektlarini barpo etish va qo‘shimcha ish o‘rinlarini yaratish, xususiy tadbirkorlikni yanada jadallashtirish orqali yurtimizda milliy biznes va yalpi milliy mahsulotning o‘sishi, aholining turmush darajasi va uning yashash tarzi sifatini ta’minlashga hissa qo‘shish, o‘rta maxsus, kasb-hunar va oliy ta’lim muassasalarining tadbirkorlik faoliyatiga qiziqadigan ishbilarmon o‘quvchi-talabalarini tadbirkorlik faoliyatiga oid ma’lumotlar bilan ta’minlashga ko‘maklashish, yosh, ishbilarmon tadbirkorlarning moddiy manfaatdorligini oshirish orqali hududlarda farovon mulkdor oilani barpo etish, joylarda oilaviy biznesni tashkil etgan va oilaviy biznes faoliyatini boshlamoqchi bo‘lgan yosh oilalarni qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish orqali aholi farovonligiga erishishga ko‘maklashiladi. Oliy Majlis Qonunchilik palatasi hamda xalq deputatlari bilan joylarda yoshlarning tadbirkorlikka oid muammolarini o‘rganish maqsadida uchrashuvlar tashkil etiladi hamda mavjud muammolar hamda ularning hal qilinishi yuzasidan yuqori tashkilotlarga takliflar kiritib boriladi.

Loyiha doirasida Respublikamizning barcha viloyatlaridagi 1500 ga yaqin ishtirokchi qamrab olinadi, ularning biznesni tashkil etish va yuritish bo‘yicha bilim va malakasi o‘quv seminarlarida oshiriladi va natijada turli shakldagi tadbirkorlik sub’ektlari tashkil topadi, kasb-hunar kollejlari bitiruvchilari va oliy ta’limni tugatayotgan yoshlar ish o‘rinlari bilan ta’minlanishi kutiladi.

Loyihaning asosiy hamkorlari - Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi (OʻzLiDeP), O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi, O‘zbekiston Davlat Soliq qo‘mitasi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi hamda O‘zbekiston Respublikasidagi vakolatli tijorat banklari – Mikrokreditbank ATB, Xalqbanki ATB, Agrobank ATB, Qishloqqurilishbank ATB hisoblanadi.

Loyihaning ishtirokchilari – Respublikamizning barcha viloyatlaridagi o‘quvchi-talabalar va mehnat bilan vaqtincha band bo‘lmagan yoshlar, oliy va o‘rta maxsus ta’lim muassasalari bitiruvchilaridan iborat.

Loyihani amalga oshirish jarayonida Respublikamizdagi kollej, oliy o‘quv yurtlaridagi xususiy biznes va tadbirkorlikka qiziquvchi o‘quvchi-talabalar va ish bilan band bo‘lmagan yosh tadbirkorlar biznes yuritishga o‘qitiladi, ular uchun seminar-trening, mahorat darslari kabi mashg‘ulotlar tashkillashtiriladi. Mazkur loyiha bo‘yicha rejalashtirilayotgan o‘quv mashg‘ulotlariga taniqli ekspertlar, mutaxassislar, tegishli vazirlik va idoralarning mas’ul xodimlari, nufuzli oliy ta’lim, ilmiy-tadqiqot muassasalari olim va o‘qituvchilari, biznesmenlar taklif etiladi. SHuningdek, loyihani amalga oshirish mobaynida bu o‘quv seminarlariga Respublikamizning shahar va tumanlarida yashayotgan kam ta’minlangan, ijtimoiy himoyaga muhtoj, ehtiyojmand yigit-qizlar ko‘proq jalb etiladi, ularni kasb-hunarga yo‘naltirish, qo‘lida hunari bor yoshlarni tadbirkorlikka jalb etish, shu orqali ularning bandligini ta’minlashga alohida e’tibor qaratiladi.

Loyiha yakunida ishtirokchilarning saralab olingan eng yaxshi biznes rejalari taqdimoti o‘tkaziladi va banklar faoliyat yo‘nalishlariga mos va g‘olib deb topilgan biznes-rejalarni kelgusida kreditlash yuzasidan tanlab oladi.

Mazkur loyihani amalga oshirish orqali O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 30 iyundagi “O‘zbekiston Respublikasida yoshlarga oid davlat siyosatini tubdan isloh qilish va yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-6017-sonli, 2021 yil 20 apreldagi “YOshlarning tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash va bandligiga ko‘maklashish, ularni ijtimoiy himoya qilish hamda bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PF-6208-sonli hamda 2021 yil 13 iyuldagi “YOshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va ularning ijtimoiy faolligini yanada oshirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PF-6260-sonli Farmonlarida belgilangan vazifalar ijrosi ta’minlanadi.



03 03 2022 / 11:41