Viloyat hokimiga o‘z faoliyatida duch kelayotgan muammolar haqida murojaat qilish uchun uchrashuvga qadar 94 nafar tadbirkor o‘z masalasini bayon etib, ro‘yxatdan o‘tgan edi. Uchrashuvgacha ushbu masalalarning 43 tasi tegishli mas’ullar tomonidan hal etildi.
Qolgan muammolar va qabul davomida yana 36 tadbirkorning murojaati viloyat hokimi va sektor rahbarlari tomonidan ko‘rib chiqildi.
Murojaatlar asosan, kadastr, soliq, elektr energiyasi, tabiiy gaz ta’minoti, kredit, noqonuniy qurilishlar va qurilishga ruxsat olish, yer maydonlarini auksionga qo‘yish, yo‘l va boshqa infratuzilma masalalari, anomal sovuqdan zarar ko‘rgan korxonalarning kredit muddatlarini uzaytirish bilan bog‘liq bo‘ldi. Har bir murojaat shu yerning o‘zida atroflicha ko‘rib chiqilib, ijobiy hal etish choralari ko‘rildi. Mas’ullarga aniq muddat bilan topshiriqlar berildi.
– 2019 yildan buyon o‘z mablag‘imiz hisobidan xususiy maktabgacha ta’lim tashkiloti va o‘quv markazi ochish uchun qurilish ishlarini olib boryapmiz, - deydi Samarqand shahrida yashovchi tadbirkor O.Valiyev. - Mablag‘ borasida yordam so‘rab tijorat banklariga murojaat qildim, ular loyiham dasturga kiritilsa, 2 milliard so‘mgacha kredit ajratish mumkinligini aytishgandi, ammo qog‘ozbozlik va katta va’dalardan nariga o‘tishmadi. Hozir faoliyatni yo‘lga qo‘yish uchun kamida bir milliard so‘m kreditga muhtojmiz. Uchrashuvda shu haqda aytgandim, “Milliy bank” bizga yordam beradigan bo‘ldi. Ikkinchi masalamiz Samarqand shahar Qo‘rg‘oncha mahallasidagi suv ta’minotiga doir edi. Bu muammo Samarqand suv ta’minoti korxonasi tomonidan uch kun ichida bartaraf etilishi aytildi.
Uchrashuvda bildirilgan murojaatlarning natijasi har kuni viloyat hokimligida tahlil etiladigan bo‘ldi.
G‘.HASANOV, A.ISROILOV (surat), O‘zA
Сарлавха :
Ижтимоий–сиёсий
14 03 2023 / 16:00