Loading...
O’zbekcha Русский O’zb Рус

Farzand tarbiyasi insoniy qadr-qimmatni kamsituvchi muomaladan xoli bo‘lishi zarur



Улашинг :


Farzand tarbiyasi insoniy qadr-qimmatni kamsituvchi muomaladan xoli bo‘lishi zarur




Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati — O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi fraksiyasi yig‘ilishida dastlab Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putinning shu yil 26-27-may kunlari mamlakatimizga davlat tashrifining ahamiyati muhokama qilindi.

Ta’kidlanganidek, O‘zbekiston va Rossiya strategik sherik va ittifoqchi mamlakatlardir. 2005-yilda ikki davlat Ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risidagi shartnomani, 2022-yilda esa Keng qamrovli strategik sheriklik to‘g‘risidagi deklaratsiyani imzoladi. Davlat rahbarlari o‘rtasida o‘rnatilgan samimiy, iliq va do‘stona munosabatlar siyosiy muloqotni faollashtirish va barcha sohada hamkorlikni kengaytirishga xizmat qilayotir.

Ikki davlat yetakchilarining siyosiy irodasi va birgalikdagi sa’y-harakati tufayli O‘zbekiston — Rossiya munosabatlari barcha soha va yo‘nalishda misli ko‘rilmagan darajaga ko‘tarildi. Bugun rasmiy Toshkent va Moskva o‘rtasida barcha darajadagi jadal va keng ko‘lamli muloqotlar faol davom etmoqda.

Munozaralar davomida fraksiya a’zolari mazkur tashrif O‘zbekiston bilan Rossiya o‘rtasidagi munosabatlarni sifat va mazmun jihatidan boyitib, o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada yuqori bosqichga ko‘tarishga xizmat qilishini, uning doirasida imzolangan hujjatlar to‘plami esa ikki tomonlama munosabatlarda yangi davrni ochishini alohida qayd etdilar.

— O‘zbekiston va Rossiya hamkorlik munosabatlari keng ko‘lam kasb etib, strategik sheriklik aloqalari yuksak darajaga ko‘tarilmoqda, — dedi O‘zLiDeP fraksiyasi a’zosi Umida Zokirova. — Tashrif doirasida O‘zbekistonda Bauman nomidagi Moskva texnika universiteti va Butunrossiya tashqi savdo akademiyasining filiallarini ochish bo‘yicha kelishuvlarga erishilgani e’tiborga molik. Shubhasiz, bu o‘z navbatida, ta’lim va texnik yordam sohasidagi hamkorlik uzoq muddatli istiqbolda o‘zaro manfaatli aloqalarni mustahkamlashda muhim rol o‘ynaydi.

Yig‘ilishda, shuningdek, “Bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi atroflicha muhokama qilindi.

Munozaralar davomida fraksiya a’zosi G‘ayrat Abdiyev mazkur qonun loyihasi yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini bildirar ekan, mamlakatimizda bolalarga g‘amxo‘rlik qilish, ularni doimo qo‘llab-quvvatlash, huquqlarini himoya qilishga davlat siyosati darajasida katta e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi.

Deputatning aytishicha, loyihada bolalarni zo‘ravonlikdan himoya qilishda ota-onalarning ishtiroki va ularning majburiyatlari ham belgilanmoqda. Qolaversa, ota-onalarning (ularning o‘rnini bosuvchi shaxslarning) bolalarni tarbiyalash usullari mensimaslik, shafqatsizlik, qo‘pollikdan, insoniy qadr-qimmatni kamsituvchi muomaladan, bolalarni haqoratlash yoki ekspluatatsiya qilishdan xoli bo‘lishi kerakligi nazarda tutilayotir.

Muhokamalar davomida fraksiya a’zolari qonun tashabbuskorlariga loyihadagi ayrim normalar bo‘yicha aniqlashtiruvchi savollar berishdi. Batafsil tushuntirishlar berib o‘tilgach, ushbu hujjat deputatlar tomonidan qo‘llab-quvvatlandi.


Сарлавха :
Ижтимоий–сиёсий

31 05 2024 / 9:34